Ayol kishini xizmat avtomobiliga o‘tqazishda ortiqcha qo‘pollik ishlatgan IIB xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi
Farg‘onada ro‘y bergan voqeada ayol chorrahada tilanchilik bilan shug‘ullanib, mashinalar harakatiga xalal bergani aytilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimlari ayol kishiga nisbatan qo‘pol harakat qilgani aks etgan videolavha tarqaldi. Holat 18 sentabr kuni Farg‘ona shahrida sodir bo‘lgan.
IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ayol avtomobil yo‘li kesishmasida tilanchilik bilan shug‘ullanib, mashinalar harakatiga xalal bergan. Xodimlar uning shaxsiga aniqlik kiritib, ma’muriy chora ko‘rish maqsadida bo‘limga olib borishga harakat qilganlarida ayol ularga qarshilik ko‘rsatgan. Shundan so‘ng ikki xodim qo‘pol harakatlar bilan ayolni avtomobil ichiga kiritishgan. Bu harakatlar videotasvirga tushib qolib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan.
“Hozirgi vaqtda yo‘llarning qatnov qismida, bozorlarda tilanchilik qilishda ota-onalar, qarindoshlari, yaqinlari tomonidan chaqaloqlar va voyaga yetmagan bolalardan foydalanilishining oldini olish uchun kompleks profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Videoda PPX xodimi ularning talabiga bo‘ysunmagan, 1 yoshli bolasi bilan yo‘lning qatnov qismida tilanchilik qilayotgan ayolni olib ketayotgani tasvirlangan.
Ayol boshqa viloyatda yashaydi, turmushga chiqqan, ikki bolaning onasi. Bu holatgacha uni og‘zaki ogohlantirishgan, biroq u yo‘lning qatnov qismini tark etmagan. Keyin xodimlar uning shaxsini aniqlab, ma’muriy chora ko‘rish uchun qo‘lidagi go‘dak bilan birga olib ketmoqchi bo‘lishganida ayol qarshilik ko‘rsatgan. Jarayonda ayol bolasini yerga tashlab yuborishiga ozgina qolgan. Shundan so‘ng esa xodim ayol kishiga nisbatan qo‘pol munosabatga yo‘l qo‘ygan.
Bunday xatti-harakat rahbariyatimiz va hamkasblarimiz tomonidan keskin qoralanadi”, deydi Shohrux G‘iyosov.
Qo‘shimcha qilinishicha, ayol xodim ustidan hech qanday shikoyat qilmagan. Biroq hozirda xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan hamda qonuniy chora ko‘riladi.
Mavzuga oid
11:59 / 05.11.2024
O‘zbekistonlik olimlar Farg‘ona vodiysidan yangi baliq turini topdi
11:36 / 04.11.2024
Toshkent shahar IIBB xodimlariga 8 ta BYD va 15 ta Damas berildi
09:40 / 02.11.2024
Hindiston Farg‘onada xalqaro ko‘p tarmoqli klinika tashkil etadi
19:32 / 30.10.2024