O‘zbekiston | 09:48 / 18.09.2023
22656
4 daqiqa o‘qiladi

«Millat salomatligiga befarq bo‘lmang». Iroda To‘laganova Yashnoboddagi tennis majmuasi buzilishiga qarshi chiqdi

Foto: E-Auksion

O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan «Aviasozlar» saroyi qarshisidagi tennis maydonlari buzilishiga qarshi videomurojaat bilan chiqdi

To‘laganovning aytishicha, hozirgacha Jizzax shahrida 2 ta, Termiz shahrida avvallari xalqaro turnirlar o‘tkazib kelingan 1 ta tennis maydoni buzib tashlangan. Toshkent shahrida bo‘lsa so‘nggi bir necha yilda 20 dan ortiqroq tennis kortlari buzilgan.

«Mamlakatimizda sport obektlarini, jumladan, tennis kortlarini buzish bo‘yicha qaror qabul qiladiganlarga murojaat qilyapman. Sport yurtimizda millat salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin egallaydi. Barcha viloyatlarimizda, shuningdek, Toshkent shahridagi har bir tumanda tennis kortlari qurilgandi. Biroq, afsuski, hozirda ko‘plab tennis kortlari buzib tashlandi. 

Ayni chog‘da «Aviasozlar» tennis stadioni kelajagi so‘roq ostida turibdi. Agar millat salomatligini mustahkamlashga befarq bo‘lmasangiz, men sizlarni nafaqat mavjud tennis kortlarini asrashga, balki yangi sport majmualarini qurishga chaqiraman. Boisi statistikaga ko‘ra, yurtimizda yildan yilga aholi o‘rtasida tennis tobora ommalashib boryapti», — deydi sobiq tennischi. 

Facebook’agi «Yashnabadskiy rayon» nomli guruhda fuqarolardan biri ham shu mazmunda murojaat yo‘llagan. Ayol 3 yil avval majmuani buzib tashlashlari mumkin bo‘lgani, biroq ular o‘shanda tennis kortni himoya qilishga muvvafaq bo‘lishganini ta’kidlagan. 

Gazeta.uz’ning yozishicha, mazkur sport majmuasi «Universal Tennis Plus» MChJ boshqaruv kompaniyasi tomonidan 2023 yilning may oyida kimoshdi savdosiga qo‘yilgan. 16 may kungi auksion 4 soat 48 daqiqa davom etgan.

G‘oliblik talabnomasi Otabek Nurmuhammedov tomonidan taqdim etilgan. U lot uchun boshlang‘ich bahodan 5 foiz ko‘proq — 30,99 mlrd so‘m taklif qilgan va g‘olibga aylangan. 

Ochiq manbalarga ko‘ra, lotni yutib olgan Otabek Nurmuhammedov uzum yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi, ustav kapitali 957,3 mln so‘m bo‘lgan «Mirazizhoji» MChJda 11 foiz, shuningdek, qurilish metall konstruksiyalari va buyumlari ishlab chiqaruvchi, ustav kapitali 6 mln so‘m bo‘lgan «M-Trans Service» MChJda 50 foiz ulush egasi ekanligi qayd etilgan.

Ustav kapitali 5,4 mlrd so‘mga teng bo‘lgan «Universal Tennis Plus» MChJdagi davlat ulushi ilk marta 2022 yilda sotuvga qo‘yilgan. U dastlab 29,52 mlrd so‘mga baholangan. MChJ bir nechta ochiq va yopiq tennis kortlariga ega «Aviasozlar» sport majmuasini boshqargan. Obekt 0,76 gektar maydonda joylashgan.

Mavzuga oid