Qodirov kasallik haqidagi mish-mishlar fonida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinish berdi
17 sentabr, yakshanba kuni e’lon qilingan videoda Ramzan Qodirov yomg‘ir ostida asfalt yo‘lakda yurganini ko‘rish mumkin.
Ikki hafta ichida birinchi marta ijtimoiy tarmoqlarda Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning sog‘lig‘i keskin yomonlashgani va hatto o‘limi haqidagi mish-mishlar fonida uning shaxsiy videosi paydo bo‘ldi.
Yakshanba kuni e’lon qilingan videoda Qodirov yomg‘ir ostida asfalt yo‘lakdan yurib borayotgani aks etgan. Ikkita videodan birida Qodirovning Grozniydagi qarorgohiga o‘xshash bino aks etgan. Gismeteo xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni Grozniyda havo taxminan 16 daraja iliq bo‘lgan, yomg‘ir yog‘gan.
«Internetda haqiqatni yolg‘ondan ajrata olmagan barchaga toza havoda sayr qilishni va o‘z fikrlarini tartibga solishni qat’iy tavsiya qilaman», deyiladi video ostidagi postda. Biroq videoning o‘zida Qodirov mavhumroq gapirgan, u Qur’on eshitayotganini va bir necha kilometr yo‘l bosib o‘tganini aytgan.
Bungacha Qodirov bilan suratga olish vaqtini aniqlash mumkin bo‘lgan so‘nggi videolar uning akkauntlarida va respublika davlat kanalida ikki haftadan ko‘proq vaqt oldin paydo bo‘lgan edi.
Qodirovning sog‘lig‘i keskin yomonlashgani haqidagi mish-mishlar payshanba kuni kechqurun tarqala boshladi: shunday xabarlardan biri muxolifatdagi Chechenistonning NIYSO telegram-kanalida paydo bo‘ldi, u 15 sentabrga o‘tar kechasi Qodirov komaga tushib qolgani haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi vakili Andrey Yusov ham juma kuni Qodirovning ahvoli og‘ir ekanini ma’lum qilgan edi.
Yusovning bayonotidan bir necha soat o‘tgach, ijtimoiy tarmoqlarda Qodirov va uning yordamchisi Umar Daudovning 10 soniyalik videosi paydo bo‘ldi, unda Qodirov o‘z qarindoshlari bilan birga orqadan ko‘rsatilgan. Bu video qachon olinganini tushunishning iloji yo‘q.
Yakshanba kunigacha Qodirovning ijtimoiy tarmoqlarida, uning rasmiy veb-saytida va Grozniy ChGTRK saytida suratga olish vaqtini tasdiqlash uchun foydalanish mumkin bo‘lgan so‘nggi videolar 1 sentabr sanasiga tegishli edi. Videoda Qodirov Grozniy ta’lim markazida o‘quv yili boshlanishi tadbirida qatnashgan.
1 sentabrdan keyin Qodirov dolzarb voqealarga oid video va suratlarda ko‘rinmadi. Uning kanallarida bunday voqealarga faqat matnli xabarlar orqali izoh berilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda 8 sentabr kuni uning oilasi bilan sayr qilgani va yugurayotgani aks etgan video, 9 sentabr kuni nabirasi Yusuf bilan suhbati, 10 sentabr kuni onasi bilan uchrashuvi aks etgan video e’lon qilingan edi. 12 sentabr kuni Checheniston hukumati rahbari Magomed Daudovning oldiga borgan. Qodirov videolarning birortasida gapirganini eshitishning iloji yo‘q. Videolar olingan vaqtni aniqlash ham mushkul.
«Meduza» yozishicha, yakshanba kuni Qodirovning telegram-kanalida video chiqqanidan so‘ng chechen huquq faoli va muxolifatchi Abubakar Yangulboyev Qodirov vafot etganini yozdi. U hech qanday dalil va ma’lumot manbasiga havola keltirmagan.
Mavzuga oid
11:41
Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi
12:27 / 06.11.2024
«Memorial» Chechenistonda erkaklar ommaviy qo‘lga olinayotganini ma’lum qildi
18:15 / 02.11.2024
Ramzon Qodirov Ukraina jangchilarini tiriklayin asirga olmaslik haqidagi buyrug‘ini bekor qildi
09:50 / 31.10.2024