O‘zbekiston | 21:56 / 20.09.2023
14376
3 daqiqa o‘qiladi

Qarshi shahri hokimi o‘zini 75 mln so‘m bilan mukofotlagandi. Ushbu qaror bekor bo‘ldi

Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev o‘zini rag‘batlantirish uchun 75 mln so‘m mablag‘ ajratish haqida qaror chiqargandi. Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgach, hokimlik rasmiy munosabat bildirib, hokimning ishini oqlashga urindi. Ammo rag‘batlantirish qarori Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasiga ko‘ra bekor qilingan. 

Normo‘min Xolboyev

Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev 2023 yil 25 avgust kuni o‘zini rag‘batlantirish uchun mablag‘ ajratish haqida qaror chiqardi

Qarorda hokimlikning 2023 yildagi zaxira mablag‘lari hisobidan “Eng tashabbuskor sektor” deya e’tirof etilgan Qarshi shahar 1-sektor rahbarini rag‘batlantirish “xarajatlariga 75 mln so‘m mablag‘ ajratish belgilangan.

Shahar hokimining qaroriga Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustdagi 536-sonli qarori asos qilib olingan.

Holatga shahar hokimligi axborot xizmati rasmiy munosabat berdi. Unda ta’kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan “Eng namunali sektor” va “Eng tashabbuskor sektor”ni aniqlash hamda g‘olib bo‘lgan sektorlarni moddiy rag‘batlantirish tartibi belgilangan.

Mazkur tartibga ko‘ra, viloyat hokimligining 2023 yil 1 martdagi yig‘ilish bayoniga asosan 2022 yil yakuni bo‘yicha samaradorligi yuqori baholangan sektor rahbarlari orasida Qarshi shahar 1-sektor rahbari viloyatda eng yuqori ko‘rsatkichga ega sektorlar uchligiga kiritilib, “Eng tashabbuskor sektor”, deb e’tirof etilgan. 

Vazirlar Mahkamasining 536-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligining 2023 yil 16 fevraldagi aloqa xati ijrosini ta’minlash maqsadida, shuningdek, viloyat hokimligining 2023 yil 24 avgustdagi viloyatda “Eng tashabbuskor sektor” deb e’tirof etilgan Qarshi shahar 1-sektor rahbarini mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘rsatma xatiga asosan 1-sektor rahbarini rag‘batlantirish xarajatlari uchun belgilangan tartibda mablag‘ ajratilgan”, deyiladi hokimlik rasmiy munosabatida.  

Biroq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’lumot berishicha, Qarshi shahri hokimining qarori amaldagi qonunchilik hujjatlari talablariga zid tarzda qabul qilingan. Shu sababli, agentlik tomonidan Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish to‘g‘risida taqdimnoma kiritilgan. 

Rag‘batlantirish to‘g‘risidagi qaror taqdimnomaga asosan Qashqadaryo viloyati hokimining 2023 yil 19 sentabr kungi qarori bilan bekor qilingan. 

Shuningdek, mazkur holatda qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga tegishli qonuniy chora ko‘rish uchun Agentlik tomonidan to‘plangan hujjatlar Bosh prokuratura hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuborilgani aytilmoqda. 

Mavzuga oid