Jahon | 20:56 / 21.09.2023
32548
5 daqiqa o‘qiladi

BMTdagi demarsh: Isroil elchisi minbarga Raisiy chiqqanda Mahsa Aminiyning suratini ko‘tardi

Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan tashkilotning navbatdagi yig‘ilishida shov-shuv ko‘tardi. U Eron prezidenti Ibrohim Raisiy minbarda nutq so‘zlayotgan vaqtda banner ko‘tarib, barchaning e’tiborini o‘ziga qaratdi. Xavfsizlik uchun javob bergan qo‘riqchilar esa Isroil elchisini kuch bilan yig‘ilish zalidan chiqarib yuborishdi.

Foto: Getty Images

Isroil vakili Eron prezidenti nutq so‘zlayotganda o‘rnidan turdi-da, o‘zi bilan olib kirgan bannerni ko‘tarib minbar tomon yaqinlashdi. U ko‘targan qog‘ozda o‘tgan yili ro‘molni to‘g‘ri o‘ramagani uchun qo‘lga olingan va politsiya binosidan o‘ligi chiqqan eronlik qiz Mahsa Aminiyning surati tushirilgan, ostiga «Eronlik ayollar hozir ozodlikka munosib» deb yozilgandi.

Shu tarzda o‘ziga xos diplomatik isyon qilishga uringan isroillik elchi sammit qo‘riqchilari tomonidan shovqinsiz bir chekkaga olib chiqildi va uni kuch bilan zaldan chiqarib yuborishdi. Elchini ayol politsiyachi ushlab turdi, keyinchalik boshqa bir erkak qo‘riqchi kelib uning hujjatlarini so‘radi. O‘z joyiga qaytishga uringan Isroil vakili zaldan haydab chiqarildi.

E’tiborlisi, Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan bunday bir kishilik piket o‘tkazayotgan bir vaqtda zalda ko‘plab davlat rahbarlari o‘tirgandi. Ba’zi ishtirokchilar nima bo‘layotganini tushunmagan bo‘lsa, hushyor jurnalistlar elchining noroziligini suratga olishga ulgurdi.

Gilad Erdan o‘z sahifasiga banner ko‘tarib chiqayotgani tasvirlangan videoni joyladi. Uning harakatlarini aftidan Isroilning boshqa vakillari videoga olib turgan va barchasi qo‘riqchilardan uzoq joyda puxta tayyorgarlik bilan amalga oshirilgan. Elchi e’lon qilgan videoda uni qo‘lga olish jarayoni aks etmagan, bu videoni boshqa manbalar e’lon qildi.

Elchi o‘zining tvitterdagi sahifasida bu borada post ham joyladi. «Eron prezidenti, tehronlik qassob Raisiy nutq so‘zlay boshlaganida men bir yil avval rejim tomonidan go‘yoki hijobni noto‘g‘ri taqqani uchun vahshiylarcha o‘ldirilgan aybsiz Mahsa Aminiyning suratini ko‘tarib chiqdim.

Bu vaqtda yuzlab eronliklar BMT binosi tashqarisida norozilik o‘tkazib, xalqaro tashkilotlardan yordam berishni o‘tinib so‘rashdi. Men adolat uchun kurashishni hech qachon bas qilmayman va BMTning axloqiy kamchiliklarini fosh qilishda davom etaman. Qotillar va antisemitlar uchun qizil gilam yoyganlar qilmishlari uchun javob berishi kerak», deb yozdi elchi o‘z sahifasida.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, zaldan olib chiqilgan elchi BMT politsiyasi tomonidan qo‘lga olingan. Ammo ko‘p o‘tmay Isroil tomoni so‘rovi bilan qo‘yib yuborilgan. Isroil vakili bu demarshidan keyin ko‘plab jurnalistlar bilan suhbatlashgan. Uning aytishicha, BMTning Eron vakiliga so‘z berishga haqqi yo‘q. Elchi Isroil davlati Eron xalqini qo‘llashi, ular aynan Eron hukumati sabab qiynalayotganini aytgan.

Raisiy nima dedi?

Eron prezidenti BMT Bosh assambleyasida qo‘lida Qur’on bilan nutq so‘zladi. Uning nutqi AQShga qaratilgan ayblovlar bilan to‘la bo‘ldi. Raisiy Eron bilan bir necha kun avval asirlar almashuviga erishgan AQShni dunyodagi muvozanat buzilishida aybladi. AQShda o‘tgan yig‘ilishda AQShni eng ko‘p qoralagan aynan Eron prezidenti bo‘ldi.

«Ba’zi mustaqil davlatlar yaqinroq aloqalar o‘rnatishga intilayotgan bir vaqtda ba’zi katta davlatlar turli mintaqalarda mojarolar keltirib chiqarmoqda. Ular sovuq urush kayfiyatidan foydalanib global bloklar tashkil qilishga urinmoqda. Eron G‘arb va Sharqni ikkiga ajratuvchi tuzilmalarni keskin qoralaydi», dedi Eron prezidenti.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp vaqtida Amerika sanksiyalariga uchragandi. Uning AQShga tashrifi oldidan sanksiyalar yechilgan yoki yo‘qligi aniq emas.

Ma’lumot uchun, Eron va Isroil bir-birini o‘zining eng katta dushmani deb hisoblaydi. Garchi Eron Isroil davlatini musulmon davlatlar orasida ikkinchi bo‘lib tan olgan bo‘lsa-da, 1979 yilgi Eron islom inqilobidan keyin ikki davlat barcha aloqalarni uzgan, Isroilning Erondagi vakillari chiqarib yuborilgan. Eronda yashayotgan 100 ming atrofidagi yahudiylarning aksari mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan.

Mavzuga oid