Yerevan BMTni Qorabog‘ga tinchlikparvar kuchlarini yuborishga chaqirdi
Armaniston TIV rahbari BMTning Tog‘li Qorabog‘da kuzatuv missiyasini tuzish va u yerga «moviy dubulg‘alar»ni yuborishni taklif qildi.
Armaniston «Qorabog‘da barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun BMT mandati ostidagi tinchlikparvar kuchlar uchun imkoniyat yaratish»ga chaqirdi. Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan 21 sentabr, payshanba kuni ushbu tashkilotning mintaqadagi mojaroga bag‘ishlangan yig‘ilishida BMT Xavfsizlik kengashiga shunday taklif bilan murojaat qildi.
Mirzoyan, shuningdek, inson huquqlari, humanitar vaziyat va xavfsizlikni nazorat qilish maqsadida «Qorabog‘da BMTning idoralararo missiyasini zudlik bilan joylashtirishni» taklif qildi. Bundan tashqari, Armaniston TIV rahbari Qorabog‘dagi aholi punktlarida «vahima va provokatsiyalarga yo‘l qo‘ymaslik» uchun Ozarboyjon harbiylari va politsiyasini olib chiqib ketishga chaqirdi.
Mirzoyan mintaqada BMT tinchlikparvar missiyasini «muzokaralar yakuniga qadar» ushlab turishni taklif qildi. Bundan tashqari, u «Ozarboyjon tomonidan Qorabog‘ harbiy va siyosiy arboblariga nisbatan jazo choralari qo‘llanmasligini» talab qildi.
Shu bilan birga, Janubiy Kavkazda Yevropa Ittifoqining fuqarolik missiyasi mavjud - u 2023 yil boshida yaratilgan. Biroq, Yevropa Ittifoqi tinchlikparvar kuchlari faqat Armanistonning chegaradosh hududlarida patrullik qiladi.
Ozarboyjon Qorabog‘dagi harakatlarini qonuniy deb biladi
Ozarboyjon tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov BMT Xavfsizlik kengashining ayni yig‘ilishida so‘zga chiqib, mamlakat kuchlari BMT Nizomiga muvofiq mintaqada «aksilterror chora-tadbirlari» amalga oshirganiga ishora qildi.
Diplomat Armanistonni «xalqaro huquqqa zid harakatlarini yashirish uchun Xavfsizlik kengashini suiiste’mol qilishda» aybladi va «barcha davlatlarda xalqaro huquq doirasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, milliy ozchiliklarga mansub shaxslarni integratsiya qilish harakatlariga zarar yetkazmaslik, qo‘shni davlatlar hududida separatizmni qo‘zg‘atmaslik majburiyati borligini» ta’kidladi.
Armaniston TIV rahbari ozarboyjonlik hamkasbi nutqi chog‘ida BMT Xavfsizlik kengashi majlislar zalini tark etdi, deb xabar bermoqda TASS.
Yerevanda Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan norozilik namoyishlari davom etmoqda
Ozarboyjonning Qorabog‘dagi harakatlari munosabati bilan Yerevanda bo‘lib o‘tayotgan norozilik namoyishlarining uchinchi kunida kamida 46 nafar namoyishchi qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda RIA «Novosti» Armaniston politsiyasi matbuot xizmatiga tayanib.
Aksariyati Respublika maydonidagi Armaniston hukumat binosi oldida o‘tayotgan namoyishlar ishtirokchilari bosh vazir Nikol Pashinyan va uning hukumati iste’fosini talab qilmoqda. Namoyishchilar, shuningdek, Qorabog‘dagi vaziyat munosabati bilan Rossiyaning harakatlaridan norozilik bildirmoqda.
Armanistonda mamlakatning sobiq bosh vaziri Vazgen Manukyan vakili bo‘lgan muxolifat kecha-yu kunduz davom etadigan «itoatsizlik harakatlari»ga chaqirmoqda, deb yozadi «Ostorojno, novosti» Telegram-kanali. Shu tariqa, Manukyan vazirlar mahkamasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik va Yerevan ko‘chalarini to‘sish maqsadida tarafdorlarini 22 sentabr kuni ertalab soat 10 da hukumat binosi oldiga yig‘ilishga chaqirdi.
Mavzuga oid
00:36 / 19.11.2024
Rossiya BMTning Sudanda o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi
16:16 / 16.11.2024
Ekspertlar: BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyalari «maqsadlarga mos kelmaydi»
17:11 / 15.11.2024
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
22:20 / 08.11.2024