Jahon | 16:37 / 24.09.2023
29898
6 daqiqa o‘qiladi

«Qisqichbaqa tuzog‘i». Qora dengiz floti shtabiga zarba oqibatlari haqida nimalar ma’lum?

Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya Qora dengiz flotining Sevastopoldagi shtabiga hujumidan buyon ikki kun o‘tdi, ammo hamon zarba oqibatlari bo‘yicha aniq kartina shakllanmadi. Kiyev zarba oqibatida Rossiya floti rahbariyati tarkibidan kamida 9 kishi halok bo‘lganini aytmoqda. Moskva hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan, shu bilan birga inkor ham etmagan. Sevastopoldagi shtab binosiga raketa kelib tushishi aks etgan video paydo bo‘ldi. Bu binoga urilgan ikkinchi raketa bo‘lishi mumkin – bungacha ham binoda yong‘in bo‘layotgandi.

Foto: SERGEI MALGAVKO/TASS

22 sentabr kuni RF Qora dengiz flotining Sevastopol shahridagi shtabiga raketa zarbasi berilishi oqibatida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lib, 16 kishi yaralangan, deb tasdiqlamoqda Ukraina razvedkasi Bosh boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov. Bu haqda u «Amerika ovozi» ukrain xizmatiga bergan izohida ma’lum qilgan. Bu ma’lumot mustaqil manba tomonidan tasdiqlanmagan. Budanovning so‘zlariga ko‘ra, bu to‘liq ma’lumot emas — bu raqamlar shtabda ishlamagan holda shu vaqtda binoda bo‘lgan harbiylar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmaydi.

Yaralanganlar orasida kamida ikki nafari Rossiya generallari, degan Ukraina razvedkasi boshlig‘i. Budanovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning Zaporijjya yo‘nalishidagi guruhi qo‘mondoni, general-polkovnik Aleksandr Romanchuk «juda og‘ir ahvolda», shtab boshlig‘i general-leytenant Oleg Tsekov — «hushsiz holatda». Budanov razvedkadagilar RF Qora dengiz floti qo‘mondoni, admiral Viktor Sokolov qanday holatda ekani haqida ma’lumotga ega emas, shu tufayli uning o‘limi to‘g‘risida telegram-kanallarda tarqalgan ma’lumotni tasdiqlay olmaydi.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabidagilar ma’lum qilishicha, ukrain armiyasi RF Qora dengiz floti rahbariyati yig‘ilish o‘tkazayotgan mahalda zarba yo‘llagan. Ukrain harbiylari xabar qilishicha, «Qisqichbaqa tuzog‘i» nomli amaliyot Ukraina QK havo kuchlari va Maxsus amaliyot kuchlari hamkorligida o‘tkazilgan. «[Amaliyot] o‘tkazilishi detallari bu mumkin bo‘lganida oshkor etiladi, natija esa — o‘nlab qurbon bo‘lgan va yaralangan okkupantlardan iborat, ular orasida flot rahbariyati tarkibiga kirganlar ham bor», — deyilgan Bosh shtabda.

Rossiya hozircha bu ma’lumotlarni tasdiqlamagan va rad ham etmagan. Juma kuni Rossiya mudofaa vazirligi dastlab raketa hujumi oqibatida bir harbiy xizmatchi halok bo‘lganini xabar qilgandi, keyinroq bayonot o‘zgartirib qo‘yildi: u halok bo‘lmagani, balki bedarak yo‘qolgani ma’lum qilingan. Shuningdek, Rossiya harbiy idorasidagilar Qora dengiz floti shtabining tarixiy binosi jiddiy shikastlanganini tasdiqlagan. Rossiya tomoni shundan keyin shtab bo‘ylab raketa zarbasi to‘g‘risida xabar bermay qo‘ydi. Rossiya federal kanallari ham Sevastopoldagi flot shtabi raketa zarbasi shikastlangani to‘g‘risida xabar berishni to‘xtatgan.

Planet Labs kompaniyasi Sevastopol ustida 2023 yil 22 sentabrida olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirini namoyish etgan. Unda RF Qora dengiz floti shtabiga yo‘llangan raketa zarbasidan keyin shahar bo‘ylab tutun ko‘tarilgani aks etgan.
Planet Labs / Reuters / Scanpix / LETA

RF Qora dengiz floti shtabiga zarba uzoq masofaga harakatlanuvchi Storm Shadow qanotli raketalari orqali berilgan, deb xabar bergan Britaniyaning Sky News telekanali Ukraina havo kuchlari rasmiysiga tayangan holda. Ukraina harbiy razvedkasi boshlig‘i Kirill Budanov zarba berish uchun g‘arbda ishlab chiqarilgan raketalardan foydalanilgani haqida gapirmagan: «Men javobdan tiyilishim kerak, o‘ylaymanki, siz meni tushunishingiz kerak». Buyuk Britaniya Ukraina qurolli kuchlariga Storm Shadow raketalarini may oyida yetkazib bergandi, iyulda esa Fransiya bu raketalarning fransuzcha muqobili SCALP raketalarini jo‘natgandi. Avvalroq Sky News xuddi shu  raketalar Ukraina qurolli kuchlarining anneksiya qilingan Sevastopoldagi kema ta’mirlash zavodiga 13 sentabrga o‘tar kechasi amalga oshirilgan hujumida ham qo‘llangani haqida xabar qilgandi.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirida RF Qora dengiz flotining Sevastopoldagi shtabi yonayotgani aks etgan. 2023 yil 22 sentabr
Planet Labs / Reuters / Scanpix / LETA

OAV va telegram-kanallar Sevastopoldagi shtab bo‘ylab berilgan raketa zarbasi aks etgan foto va videolarni tarqatgan. «Insayder UA» telegram-kanali e’lon qilgan videoda yonayotgan shtab binosiga raketa kelib urilishi aks etgan. Bundan taxmin qilish mumkinki, binoga bundan oldinroq yana bir raketa urilishi yong‘in keltirib chiqargan. «Krim.Realii» manbasi esa raketa shtabning yonayotgan binosiga kelib urilayotgani aks etgan fotoni namoyish etgan.

Ukrainlar va qrim tatarlarning «Atesh» harakati tasdiqlashicha, partizanlar va Sevastopol aholisi Ukraina qurolli kuchlarining shtab bo‘ylab raketa zarbasini korrektirovka qilishda (yo‘naltirishda) yordam ko‘rsatgan. Harakat vakillari Qora dengiz floti ofitserlari ham hamkorlikka jalb etilganini aytishgan. Kirill Budanov «Amerika ovozi»ga bergan intervyusida razvedka barcha manalardan ma’lumot yig‘ishi, ammo «josuslik manbalari — asosiylaridan biri» ekanini qayd etgan.

Mavzuga oid