Jahon | 09:04 / 25.09.2023
9836
4 daqiqa o‘qiladi

Armanistonga Qorabog‘dan 1000 dan ortiq etnik armanlar kirib keldi

Armanistonda 1050 kishi Tog‘li Qorabog‘dan qochqin sifatida rasman ro‘yxatga olindi. Ayni paytda Yerevanda o‘n minglab namoyishchilar bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilishda davom etmoqda.

Foto: Facebook / armgovernment

Armanistonda 24 sentabr, yakshanba kungi holatga ko‘ra, 1050 kishi Tog‘li Qorabog‘dan qochqin sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, deb xabar berdi mamlakat hukumati Facebook’da. Xabarda aytilishicha, ulardan 410 nafari o‘zi tanlagan turar joyga ko‘chib o‘tish istagida bo‘lgan, 360 nafari esa davlat tomonidan taqdim etilgan uy-joyni tanlagan, ularning ba’zilari hali ham joylashtirilmoqda. Yana 280 kishining ehtiyojlariga aniqlik kiritilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq AFP Armanistonga Qorabog‘dan 40 ga yaqin qochqinlar guruhi yetib kelgani haqida xabar bergan edi, ular asosan ayollar, bolalar va qariyalardan iborat. Dpa agentligining aniqlik kiritishicha, qochqinlarga Rossiya tinchlikparvar kuchlari hamrohlik qilgan. 

Shu bilan birga, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi poytaxti Stepanakert (ozarboyjoncha nomi – Xankedi) shahri 24 sentabr kuni Armaniston elektr tarmog‘idan uzilib, Ozarboyjon energetika tizimiga ulandi. Bu haqda Rossiyaning «Interfaks» agentligi Ozarboyjon prezidenti ma’muriyatiga tayanib xabar berdi. 

Yerevanda norozilik namoyishlari davom etmoqda 

24 sentabr oqshomida Armaniston poytaxtida navbatdagi norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Respublika maydonidagi yurish va mitingda o‘n minglab odamlar ishtirok etdi. Namoyishchilarning bir qismi o‘tgan kunlarda qo‘lga olish paytida politsiyaning harakatlariga norozilik bildirish uchun Ichki ishlar vazirligi binosiga borgan. Axborot agentliklarining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, bu safar politsiya bilan to‘qnashuvlar yoki qo‘lga olishlar kuzatilmagan.

Yerevanda 19 sentabrdan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari bir necha bor namoyishchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘rtasida to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan. Shu tariqa, 22 sentabr kuni 100 ga yaqin odam qo‘lga olindi. Namoyishchilar Tog‘li Qorabog‘dagi voqealar tufayli bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilmoqda. Muxolifat fuqarolarni dushanba kuni ommaviy namoyishlarni davom ettirishga va Yerevan ko‘chalarini to‘sishga chaqirdi.

Ozarboyjonning Qorabog‘dagi operatsiyasi

Tog‘li Qorabog‘da asosan etnik armanlar istiqomat qiladi, ular mintaqani Yerevan hukumati ko‘magida o‘nlab yillar davomida nazorat qilib kelgan. SSSR parchalanganidan keyin Tog‘li Qorabog‘ Ozarboyjondan mustaqilligini e’lon qildi, biroq jahon hamjamiyati buni tan olmadi. 2020 yil kuzida bo‘lib o‘tgan ikkinchi Qorabog‘ urushi Ozarboyjonning g‘alabasi bilan yakunlandi.

Foto: Facebook / armgovernment

19 sentabr kuni Boku arman qo‘shinlarini Qorabog‘dan olib chiqib ketish va mintaqada «rejim o‘zgarishini» talab qilib, yangi harbiy operatsiya boshladi. Ertasi kuni tan olinmagan respublikadagi armanlar o‘t ochishni to‘xtatish va qurolli kuchlarini qurolsizlantirishga rozi bo‘ldi. Armaniston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, otishma davomida kamida 200 nafar qorabog‘lik halok bo‘lgan, yana 400 nafari yaralangan. Bundan tashqari, bir necha rossiyalik tinchlikparvarlar halok bo‘ldi.

Mavzuga oid