Jahon | 11:04 / 25.09.2023
9492
4 daqiqa o‘qiladi

FT: Rossiya neftining katta qismini narx chegarasini chetlab o‘tgan holda eksport qilyapti

Rossiya neft eksportining to‘rtdan uch qismini G‘arb davlatlari belgilagan narx chegarasini chetlab o‘tgan holda amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi Financial Times. Rossiya 2023 yilda 15 milliard dollarga ko‘proq foyda olishi mumkin. 

Foto: Vitaly Timkiv/SNA/IMAGO

Rossiya neft eksportining katta qismida G‘arb davlatlari tomonidan belgilangan bir barrel uchun 60 dollarlik chegarani chetlab o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda 25 sentabr, dushanba kuni Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib, Financial Times (FT) gazetasi yozyapti

Shu tariqa, avgust oyida Rossiyadan dengiz orqali neft tashishning deyarli to‘rtdan uch qismi narxning yuqori chegarasiga rioya qilish vositasi bo‘lib xizmat qilish uchun mo‘ljallangan G‘arb sug‘urtasisiz amalga oshirildi. Bu Rossiya neft narxi o‘sib borayotganidan katta foyda ko‘rishini anglatadi, deb yozadi FT. Rossiyaning Urals nefti bir barreli narxi iyul oyida 60 dollardan past bo‘lgan va hozirda 80 dollarga ko‘tarilgan. Kiyev Iqtisodiyot maktabi mutaxassislarining hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday dinamika va «shiftni» chetlab o‘tish tufayli Rossiya 2023 yilda neft eksportidan 15 milliard dollar ko‘proq foyda olishi mumkin.

Avvalroq Kiyev Iqtisodiyot maktabi sanksiyalar, cheklovlar va to‘lovlarni qaytarish Rossiya 2022 yil fevralidan beri neft eksportidan 100 milliard dollar yo‘qotishiga olib kelganini hisoblab chiqdi. Biroq, shu bilan birga, Rossiya G‘arb sug‘urtasi va texnik xizmatidan foydalanmaslik uchun neft eksportida tankerlarning «soyadagi floti»ni yaratishga muvaffaq bo‘ldi, deya ta’kidlaydi nashr.

Rossiyaning neft narxi yuqori chegaralarini keng miqyosda buzishi 

Mart oyida Kiyev Iqtisodiyot maktabi buyurtmasi bilan bir guruh xalqaro ekspertlar tomonidan olib borilgan surishtiruv G‘arb tomonidan o‘rnatilgan Rossiya neftiga narx chegarasi keng miqyosda buzilayotganini ko‘rsatdi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 2023 yilning dastlabki uch oyida Rossiyaning Primorsk o‘lkasidagi Kozmino portidan eksport qilingan neftning 95 foizi o‘rtacha bir barrel uchun 73 dollardan sotilgan, ya’ni o‘tgan yildagi chegaradan ancha yuqori. Surishtiruvchilar ta’kidlashicha, Kozminodan rus nefti asosan Osiyo mamlakatlariga yuborilyapti. 

Avgust oyida Bloomberg agentligi G‘arb kompaniyalari ham narx chegarasini buzgan holda Rossiyaning Urals neftini sotib olayotgani haqida xabar bergan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Boltiqbo‘yi va Qora dengiz portlaridan Rossiya neftini eksport qiladigan barcha kemalarning taxminan 40 foizi G‘arb kompaniyalariga tegishli, biroq bu kema egalarining ko‘pchiligi, shuningdek, sug‘urtalovchilar yuk qanday narxda sotilgani borasida aniq ma’lumotga ega emasligini da’vo qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiyadan neft eksport qiluvchi ko‘plab kemalar hali ham London orqali sug‘urtalanadi, deyiladi materialda. 

Rossiyadan neft narxining maksimal chegarasi 2022 yil dekabrida G7 davlatlari, Yevropa Ittifoqi va Avstraliya tomonidan kelishilgan. Sanksiya tashabbuskori bo‘lgan mamlakatlar kompaniyalariga Rossiya neftini tashish va Rossiya neft mahsulotlarini bir barrel uchun 60 dollardan oshiq narxda olib o‘tuvchi tankerlarni sug‘urtalash taqiqlandi. 

Mavzuga oid