Jahon | 23:03 / 25.09.2023
12754
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Qora dengiz floti qo‘mondoni halok bo‘lgani aytilmoqda, buning rasmiy tasdig‘i yo‘q

Ukraina harbiylari Rossiya Qora dengiz floti qo‘mondoni Sevastopoldagi shtab-kvartiraga uyushtirilgan hujumda halok bo‘lganini ta’kidlamoqda. Buning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Foto: RIA Novosti

Ukraina Maxsus operatsiya kuchlari (MOK) iddao qilishicha, 22 sentabr kuni Sevastopoldagi Rossiya Qora dengiz floti shtab-kvartirasiga raketa hujumi uyushtirilishi oqibatida rossiyalik 34 ofitser halok bo‘lgan va 105 nafari yaralangan. 

Ukraina harbiylariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida Rossiya Qora dengiz floti qo‘mondoni, admiral Viktor Cokolov ham bor. Shtab-kvartira binosi qayta tiklanmaydigan darajada vayron bo‘lgani aytilmoqda. 

23 sentabr kuni Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (BRB) Sevastopoldagi Rossiya Qora dengiz floti shtab-kvartirasiga qilingan hujumda kamida to‘qqiz nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi. Keyin Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov jurnalistlar bilan suhbatda Sokolovning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqlay olmadi. Razvedka uning ahvoli qanday ekanini bilmaydi. 

Ukraina MOK vakillari, shuningdek, 13 sentabr kuni Sevastopoldagi Orjonikidze kemasozlik zavodiga qilingan hujum paytida Rossiya kuchlarining yo‘qotishlari 62 kishini tashkil etganini da’vo qilmoqda. Ular, go‘yoki, «Minsk» desant kemasida bo‘lgan harbiylar ekani aytilmoqda. Shu bilan birga, MOK xabarida xuddi shu hujum paytida shikastlangan «Rostov-na-Donu» suv osti kemasi haqida hech narsa deyilmagan. 

MOK vakillari o‘z xabarini tasdiqlaydigan dalil keltirmadi. Rossiya Qora dengiz flotining Sevastopoldagi shtab-kvartirasiga hujum, shuningdek, «Minsk» kemasiga hujum oqibatida yo‘qotishlar haqida rasmiy ma’lumot berilmadi. 

22 sentabr kuni Rossiya Qora dengiz floti shtab-kvartirasiga raketa zarbasi berildi, shundan so‘ng binoda katta yong‘in boshlandi. Sky News telekanali Ukraina harbiy-havo kuchlariga tayanib xabar berishicha, hujum Britaniyaning Storm Shadow raketalari yordamida amalga oshirilgan. Rossiya Mudofaa vazirligi yo‘qotishlar haqida to‘liq ma’lumot bermadi, faqat bir rossiyalik harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi. Biroq, keyin bu harbiy xizmatchi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanganiga aniqlik kiritdi. 

Mavzuga oid