O‘zbekiston | 18:51 / 27.09.2023
5504
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘cha tashkil qilish uchun ajratilgan kreditlarning imtiyozli muddati uzaytirildi

Imtiyozli kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddatini 2024 yil 1 oktyabrgacha uzaytirishga ruxsat etildi. 

«Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni yanada qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, tadbirkorlarga, ularning xohishiga ko‘ra, 2018–2022 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun tuzilgan bitimlarga muvofiq ajratilgan imtiyozli kreditlar bo‘yicha imtiyozli davr muddatini 2024 yil 1 oktyabrgacha uzaytirishga ruxsat etildi. 

Bunda:

- imtiyozli davr davomida tadbirkorlar tomonidan kredit bo‘yicha faqat foiz to‘lovlari amalga oshiriladi;

- imtiyozli davrda to‘lanishi lozim bo‘lgan asosiy qarz bo‘yicha to‘lovlar kredit davrining qolgan qismiga teng miqdorda taqsimlanadi. 

Davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish uchun imtiyozli kreditlar loyiha tashabbuskorlariga quyidagi tabaqalashtirilgan foiz stavkalarida va shartlarda ajratiladi:

- Toshkent shahrida – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 12 foiz stavka bo‘yicha;

- Nukus shahri, viloyatlar markazlari va viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 8 foiz stavka bo‘yicha;

- tumanlarda – 10 yil muddatga, shu jumladan 2 yillik imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavka bo‘yicha.

Mavzuga oid