IT gigantlari YeIga Rossiya tashviqotiga qarshi kurash haqida hisobot berdi
Bryussel Google, Meta, Microsoft va boshqa internet kompaniyalarning dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha hisobotlarini chop etdi. Yevropa Ittifoqining ta’kidlashicha, faktlarni tekshirish, kanallarni olib tashlash va qidiruv tizimlarida pasaytirishga qaramay, bu xavf bo‘lib qolmoqda.
Rossiyadan dezinformatsiya Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi saylovlarga, xususan, Slovakiyada 30 sentabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga ta’sir o‘tkazmoqda. Bu haqda 26 sentabr, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yevropa Komissiyasi raisi o‘rinbosari, qadriyatlar va shaffoflik bo‘yicha Yevropa komissari Vera Yurova targ‘ibot va dezinformatsiyaga qarshi kurash bo‘yicha internet konsernlar hisobotini taqdim etar ekan, ma’lum qildi. Unda Yevropa Ittifoqi iltimosiga ko‘ra, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq Rossiya propagandasi va dezinformatsiyasiga urg‘u berildi.
Yurovaning so‘zlariga ko‘ra, Slovakiya endi «Rossiyaning kremlparast urush afsonalari muvaffaqiyati uchun qulay zaminga aylandi». «Yolg‘on ma’lumotlar saylov natijalarini tubdan o‘zgartirishi mumkin. Ammo hozir Slovakiya jamiyati Rossiyadan kelayotgan muayyan kampaniyalar haqida ko‘proq ma’lumotga ega», - deydi u. U jamiyatdagi bo‘linish chizig‘i Rossiyaning Ukraina bilan urushiga yondashuv ekanini ta’kidladi: «Kreml Ukrainada bombalar va dunyoning qolgan qismida so‘zlar bilan kurashmoqda».
Ijtimoiy tarmoqlar noto‘g‘ri ma’lumotni o‘z ichiga olgan akkauntlar va mahsulotlarni o‘chirib tashlayapti
26 sentabr kuni Google, Meta, Microsoft, TikTok kabi internet-platformalar Yevropa komissiyasiga dezinformatsiya tarqalishini kamaytirish choralari haqida hisobot berdi. Ular bu mavzuni birinchi marta shunday batafsil yoritdi –har bir hisobot o‘rtacha 200 dan ortiq sahifani o‘z ichiga oladi. Hisobotlar so‘nggi olti oyni qamrab oladi, bu davrda IT gigantlari Yevropa Ittifoqi oldida dezinformatsiyaga qarshi kurashish majburiyatini olgan.
Shu tariqa, 2023 yilning yanvaridan apreligacha YouTube Rossiya «Internet tadqiqotlar instituti» bilan bog‘liq uyushgan kampaniyada ishtirok etgan 400 dan ortiq kanal va 10 ta blogni o‘chirib tashladi. Google 300 ga yaqin internet portallaridan Rossiya davlat tashviqotiga aloqador saytlar reklamasini olib tashladi, dedi Vera Yurova.
TikTok va Meta Yevropa Ittifoqining turli tillarida faktlarni tekshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kengaytirdi va axborot agentliklari, shu jumladan Reuters bilan hamkorlik qilmoqda. Meta faktchekingi Yevropa Ittifoqidagi 22 tilni qamrab oladi, hozirda Chexiya va Slovakiya ham unga qo‘shilgan. TikTok rus, ukrain, belarus va 17 ta Yevropa tillaridagi faktlarni tekshiradi. U Rossiyaning Ukraina bilan urushiga oid 832 ta videoni tekshirib chiqdi va yakunda ulardan 211 tasini o‘chirib tashladi. Ijtimoiy tarmoq ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchilarning 30 foizi «tasdiqlanmagan kontent» so‘zlari bilan duch kelganida ma’lumotni bo‘lishish qaroridan voz kechadi.
Bing qidiruv tizimi 800 000 ga yaqin urush bilan bog‘liq so‘rovlar uchun tekshirilgan ma’lumotni oldinga surib qo‘ydi va bahsli ma’lumotlar ko‘rsatish imkoniyatini pasaytirdi, deya xabar berdi Microsoft.
Noto‘g‘ri ma’lumotlarning eng katta ulushi - sobiq «Tvitter»da
Yevropa komissiyasi raisi o‘rinbosari xabar berganidek, dezinformatsiyaning eng yuqori ulushi X ijtimoiy tarmog‘i (sobiq Twitter) hissasiga to‘g‘ri keladi, u Yevropa Ittifoqining dezinformatsiyaga qarshi kodeksini imzolamagan bo‘lsa-da, dezinformatsiyaga qarshi kurashish va internetda noqonuniy kontentning tarqalishini to‘xtatish bo‘yicha raqamli xizmat to‘g‘risidagi (Digital Service Act) qonunga bo‘ysunadi. Shu bilan birga, tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, X tarmog‘ida dezinformatsiya tarqatuvchilar tasdiqlangan ma’lumotlarni tarqatuvchilarga qaraganda ancha ko‘p obunachilarga ega. Noto‘g‘ri ma’lumot beruvchilarning akkauntlari ham sifatli kontent yaratuvchilardan ko‘ra yangiroq.
Yevropa Ittifoqining dezinformatsiyaga qarshi kodeksini 34 ta kompaniya, jumladan Meta, Google, YouTube, TikTok va LinkedIn, shuningdek, reklama agentliklari va NNT imzolagan. Endi Yevropa komissiyasi ularni ijtimoiy tarmoqlardagi kontentni doimiy ravishda o‘zgartirishga va faktlarni, ayniqsa Yevropa Ittifoqining kichikroq mamlakatlarida tekshirishga undamoqda.
«Men kelishuvni imzolagan davlatlar axborot makonida bizga qarshi urush olib borilayotganini va tajovuzkorlar manipulyatsiya uchun platformalarning dizayn xususiyatlaridan foydalanishga harakat qilishini hisobga olgan holda o‘z harakatlarini o‘zgartirishini kutaman», deya qayd etdi Yevropa komissari. U, shuningdek, 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan Yevroparlament saylovlari oldidan Kreml faollashishini taxmin qilmoqda.
«Rossiya bizning axborot makonimizni yarim haqiqat va yolg‘on bilan ifloslantirish uchun g‘oyalar urushiga kirishdi, unga ko‘ra demokratiya avtokratiyadan yaxshiroq narsa emas. Bugungi kunda bu millionlab yevrolik budjet bilan ham mamlakat ichida, ham rossiyaliklarga, ham yevropaliklar va butun dunyoga qarshi qaratilgan ommaviy manipulyatsiya qurolidir. Biz bu xavfga qarshi turishimiz kerak», dedi Vera Yurova.
2022 yil iyun oyida imzolangan «Dezinformatsiyaga qarshi kodeks» Yevropa Ittifoqi raqamli bozori ishtirokchilari dezinformatsiyaning oldini olish uchun o‘zini o‘zi tartibga solish standartlari bo‘yicha kelishib olgan birinchi huquqiy hujjatdir.
Mavzuga oid
14:41
YeI davlatlari AQSh yordami qisqarsa ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga tayyor
07:50 / 19.11.2024
YeI Gurjiston hukumatiga ajratilgan 121 mln yevroni qaytarib oldi
11:37 / 15.11.2024
YeI birinchi marta qurolni birgalikda sotib olishni moliyalashtiradi
08:08 / 14.11.2024