O‘zbekiston | 12:59 / 27.09.2023
19105
16 daqiqa o‘qiladi

Lotin yozuvini takomillashtirish: muammoli 4 ta harf nega o‘zgartirilmoqda?

Alifbo islohoti amalda ham katta xarajat talab etadimi?

Foto: O‘zA

Ijtimoiy tarmoqda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek yozuvini isloh qilish mavzusi yana qizg‘in muhokama qilinmoqda. O‘tgan juma kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universitetida Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy konferensiya bo‘lib o‘tdi va unda alifboga kiritilayotgan o‘zgartirishlar namoyish etildi.

O‘zi nega alifbo masalasi yana ko‘tarildi? Chunki 1995 yilda qabul qilingan lotin yozuviga asoslangan alifbo bugungi kunga kelib bir necha noqulayliklarga ega ekani oydinlashmoqda.

Filolog olimlar, ayniqsa dasturchilar alifboda mavjud va tilning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan bu muammolarni bartaraf etish masalasini bot-bot ko‘tarib kelishmoqda (ushbu maqolada ularning har biriga qisqacha to‘xtalib o‘tamiz).

Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish masalasi 2019 yilda O‘zbek tili bayramida prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqida ta’kidlab o‘tilgan edi. Joriy yil 5 iyulida ham prezident Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda ham lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish ishlari oxirigacha yetkazilishi kerakligini ta’kidlagan.

«Mana, keyingi paytda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshiryapmiz.

Ayni paytda oldimizda yangi, yanada muhim vazifalar turibdi. Jumladan, ziyolilarimiz, keng jamoatchiligimiz bilan bamaslahat, lotin yozuviga asoslangan alifbomizni takomillashtirish bo‘yicha ishlarni yakuniga yetkazishimiz zarur», — degan u.

Bu borada avvalgi yig‘ilish 2021 yilda bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda alifboga kiritilishi lozim bo‘lgan so‘nggi o‘zgartirishlar sifatida quyidagi harf almashinishlari amalga oshirilishi taklif qilingandi.

22 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda esa tilchi olimlar yakuniy to‘xtamga kelib, yozuvda ko‘p murakkabliklarni yuzaga keltirayotgan ayrim harflar bo‘yicha ushbu ko‘rinishdagi quyidagicha islohotlar amalga oshirilayotganini ma’lum qilishdi:

Albatta, turli takliflar berildi. Masalan, unlilar sonini 9 tagacha ko‘paytirish, turk alifbosidagi harflarni shundayligicha qabul qilish, «Ch» harfi o‘rniga «S»ni emas, turkcha «Ç» harfini olish kabi.

Biroq, o‘zgartirilayotgan harflar bo‘yicha yakuniy konsensusga kelindi. Nima bo‘lganda ham, alifbo isloh qilinishga muhtoj va uni minimal talablar bilan, murakkabliklar keltirib chiqarayotgan 4 ta harfni o‘zgartirish orqali amalga oshirish kerak, degan taklifga ko‘pchilik rozi bo‘ldi.

«O‘» o‘rniga «Õ» harfi tanlanishiga sabab — tilimizda «o‘» tovushining orqa qator («o‘roq») va old qator («o‘lim»)da yangraydigan turlari borligi, biroq bu ikki tovushni ifodalash uchun yozuvimizda 1940 yildan buyon bir harfdan foydalanib kelayotganimiz, turkiy davlatlar alifbosidagi «Ö» harfi faqat old qator tovushini ifodalash uchun foydalanishi ma’lum qilindi. Qolaversa, joriy alifboning yozma ko‘rinishida «o‘« harfi aynan shu ko‘rinishda, ustida tilda belgisi bilan ifodalanadi.

«G‘» o‘rniga «Ğ» harfi tanlanishiga sabab — uning yozma ko‘rinishiga yaqin harf tanlangani ko‘rsatildi. G harfining ustida to‘lqinsimon chiziq — tildagi varianti UNICODE klaviaturasida yo‘q, shu sababli bu o‘rinda shakl jihatdan yozma ko‘rinishiga yaqin va turkiy xalqlar alifbosiga xos bo‘lgan va UNICODE tizimida mavjud bo‘lgan Ğ harfi tanlandi.

«Sh» o‘rniga «Ş» harfi tanlanishiga sabab — jadid bobolarimiz tomonidan 1928 yilda ishlab chiqilgan va 1940 yilgacha amalda bo‘lgan, shuningdek, 1993-1995 yillarda qabul qilingan lotin alifbosida «Sh» tovushini ifodalash uchun aynan shu simvoldan foydalanilgan. Qolaversa, turkiy xalqlar alifbosiga xos bo‘lgan harf.

«Ch» o‘rniga «C» harfi tanlanishiga sabab — jadid bobolarimiz tomonidan 1928 yilda ishlab chiqilgan alifbosida «Ch» tovushini ifodalash uchun aynan shu simvoldan foydalanilgan. Lotincha standart klaviaturadagi mavjud simvoldan foydalanish ham klaviaturadagi tugmalar sonini kamaytirishiga e’tibor qaratilgan.

O‘zgartirish nega kerak? Asosiy muammo — «O‘» va «G‘»da!

Eng katta kamchilik, albatta, «O‘» va «G‘» harflarini ifodalash bilan bo‘lmoqda. Garchi bu alifbo qabul qilinishida standart klaviatura termasidan osongina terish mumkinligi aytilgan bo‘lsa-da, Windows operatsion tizimining aksariyat odam foydalanadigan standart klaviaturasida bu harflarni chiqarish uchun «okina» belgisini chiqarish imkonsiz.

Ko‘pchilik «qiynalmasdan to‘g‘ri teryapman-ku», deb o‘ylayotganlar ham so‘z yasashda ochilayotgan birtirnoq — ‘ (tinish belgisi)dan foydalanadi. Umuman e’tiborsizlar, apostrof — ', yoki yopilayotgan bir tirnoq — ’ belgisini qo‘yib ketishadi. Albatta, bular xato.

Bularga endi yana «Ò», «Ó», «Õ», «Ö», «Ō», «Ŏ» kabi turli harflardan foydalanib yozayotganlarni qo‘shing. Bitta so‘zni 13 xil yozish mumkinligiga guvoh bo‘lasiz va ulardan faqat bittasi to‘g‘ri.

Mana shu vaziyat tufayli ish qog‘ozlari, xatlar, blankalar, ijtimoiy tarmoqdagi yozishmalar, ko‘cha-ko‘ydagi peshlavhalardagi xatolarning son-sanog‘i yo‘q. Ko‘pchilikka bilinmas, lekin bu jurnalistlar va tilchilarning «ko‘zini qonatadi». Bularning barchasi «O‘» va «G‘» uchun muayyan harf belgilanmaganidan kelib chiqmoqda.

Eng alamlisi — millatimiz va Vatanimiz nomi «O‘» harfidan boshlanadi. «O‘zbekiston», «o‘zbek» kabi so‘zlarini ifodalashda ham ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘yilmoqda. Buni ochiq tan olish kerak.

«O‘» va «G‘» harflari ishtirok etgan so‘zlardan heshteg yasash, qidiruv tizimida so‘zlarni qidirish ham bir muncha muammolar keltirib chiqaradi. Bu dasturlash ishlari va onlayn lug‘atlar yasashda IT-mutaxassislarimizga katta boshog‘riq bo‘lmoqda.

Boz ustiga, bu harflarning yozma va bosma shakllari farq qilgani uchun yozma ko‘rinishdagi shriftlardan foydalanishda harflar ustiga chiziq qo‘yib emas, o‘sha birtirnoqdan foydalanilmoqda.

«Sh» va «Ch» harflari ixchamlashtirilishi

Bu harflar ikkita simvol bilan ifodalanishi ham harf terishda ortiq vaqt, matnda esa ortiqcha joy olib kelayotgandi. Ma’lumki, o‘zbek tilida «sh» va «ch» tovushlaridan ko‘p foydalaniladi. Ayniqsa, so‘z yasashda. O‘z-o‘zidan, so‘zlar uzayishi, «bir tovush – bir harf» prinsipiga qurilgan kirillcha imloga nisbatan vizual noqulaylik yuzaga kelayotgan edi.

Boz ustiga, «Sh» va «Ch» harflarini ifodalashda «h» harfi «nikohlab» berilganki, bu hamyurtlarimiz o‘rtasida tushunmovchilikka sabab bo‘layotgandi. Ya’ni, bu qo‘sh belgili harflar «h» va «x» harflari ishtirok etgan so‘zlarni farqlashga ham xalaqit bergani uchun ko‘pchilik «h»dan faqat «Sh» va «Ch»ni ifodalashda foydalanib, qolgan o‘rinlarda yoppasiga «x» ishlatishga o‘tib ketgan edi. Bu esa «x» va «h» harflarini farqlashga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Buning natijasida ayrimlar bu harflarni birlashtirish kerak, deyishgacha bormoqda.

«Sh» va «Ch»ni «Ş» va «C» ko‘rinishida ifodalash «h» harfini ortiqcha «tashvish»dan xalos qiladi, o‘quvchilarga «h» va «x» harflari qay o‘rinda ishlatilishini farqlash osonlashadi. Bu harflar qatnashgan so‘zlarimiz uzunligi ham biroz bo‘lsa-da qisqaradi.

Harflarning yozma ko‘rinishini yozishda vaziyat umuman osonlashadi. «Õ» va «Ğ» harflarining yozma ko‘rinishi o‘zgarmaydi. «S» harfini yozishda shunchaki «h»dan voz kechiladi, «Ş»ni yozishda «h»dan voz kechib, «S» ostiga vergulsimon chiziq qo‘yiladi — va bu bor-yo‘g‘i bitta yangilik bo‘ladi.

Ng masalasi

Oldingi loyihalarda «ng» tovushi uchun «ñ» taklif etilgan bo‘lsa-da, uzoq munozaralardan so‘ng tovush uchun alohida harf yoki harf birikmasi ta’sis etmasdan, uni alifbodan olish, fonetika bo‘limida o‘rgatish lozimligi aytib o‘tildi.

Chunki «mening» va «menga», «ming» va «mingan» kabi so‘zlarni yozish, avtomatik transliteratsiya qilishda chalkashliklar vujudga kelishi, bu esa xatolarni yanada ko‘paytirishi ta’kidlab o‘tildi.

Olimlar, shuningdek, «ng» tovushi hamda tilning old va orqa qatoridan yangrovchi unlilar uchun xuddi ingliz tilida mavjud bo‘lgani singari transkripsiya ishlab chiqish lozimligi to‘g‘risida ham taklif bildirishdi.

Bu katta xarajat talab etadimi?

Ko‘pchilikda alifboda 4 ta harfni almashtirish katta xarajatga sabab bo‘ladi, degan hadik ham paydo bo‘ldi. Respublika bo‘ylab barcha yozuvlar, hujjatlar, kitoblar, darsliklar va hokazo va hokazolarni almashtirish, saytlarni yangilash xarajatlari budjetga ortiqcha yuk bo‘lmasmikin, deyishmoqda.

Xushnudbek Xudoyberdiyev atigi 4 ta harf o‘zgarsa ham xarajat bo‘lishi tabiiyligi, ammo bu ko‘pchilik tasavvur qilgan darajada katta xarajatlar emasligini ta’kidladi:

Darsliklar —  shundoq ham darsliklar reja bo‘yicha har 2-3 yilda yangilanadi. Agar mabodo alifbodagi 4 ta harf shakli o‘zgarsa ham, darsliklarning hammasini birdaniga qayta chop etish shart bo‘lmaydi. O‘zining vaqtida chiqaveradi. Chunki hozirgi o‘zgarishlar juz’iy, o‘ta kichik o‘zgarish bo‘lib, birdaniga odamlar harflarni tanimay qoladigan darajada savodsizlik yuz bermaydi va barcha darslikni bir yilda qayta chiqarishga zarurat ham yo‘q.

Pasport, ID-karta va boshqa rasmiy hujjatlar — fuqarolarning hujjatlari ham o‘z kuchida qolaveradi va faqatgina o‘z vaqti soati kelib, almashtirayotgan paytdagina yangi harflarda yozilganini olishadi.

Pul banknotalari — pullar ham o‘z kuchida qolaveradi va qachon yangi kupyura yoki yangi partiya chop etilgandagina yangi harflardan foydalanishadi. Bunda yagona xarajat pul chiqaradigan maketlarni almashtirishda bo‘lishi mumkin.

Kitoblar — badiiy yoki ilmiy kitoblarni chop etishda kutilmagan va majburiy qanday xarajat bo‘lishi mumkinligini, ochig‘i, bilmadim. Faqat qilinadigan bitta ish, kitob matnidagi 4 harfni kompyuterda 4ta buyruq bilan (Ctrl+H) yangisiga almashtirib chiqiladi. Bunga katta xarajat ketmasa kerak.

Yo‘l belgilari — yo‘l belgilarini ham o‘zining ekspluatatsion davri tugaguncha almashtirish shart emas, deb hisoblayman. Alifbo islohoti amalga oshsa, birdan ertasi kuni odamlar «Toshkent» degan yozuvni o‘qiy olmay qolarmidiki, ularni tezda «Toşkent»ga almashtirish shart bo‘lsa? Turaversin, hechqisi yo‘q. 30 yil davomida yurtimizda butun boshli ikkita alifbo (lotin va kirill) ishlatilayotgan bir paytda, 2-3 yil davomida 4 tagina harfning 2 xil shakli ishlatilsa, osmon uzilib yerga tushib qolmaydi. Eng asosiysi budjetdan katta xarajat bo‘lmaydi, hamma narsa o‘zining tabiiy almashish davriga kelgandagina o‘zgaradi.

Peshlavha va blanklar — avvalgi 4 ta harfda yozilgan peshlavhalar va rasmiy blanklar ham 2 yil davomida o‘z kuchida qolaveradi. Yangisi chiqayotganda yangi harflardan foydalaniladi. Agar tashkilotlar ko‘p miqdorda xat blanklari chiqarib qo‘ygan bo‘lsa, hechqisi yo‘q, 1-2 yil o‘sha blanklarni ishlataveradi.  Baribir katta ehtimol bilan hozirgi blanklarda «O‘zbekiston» so‘zi ham xato yozilgan bo‘lib chiqadi, xo‘p deb rozi bo‘lib yuribmiz-ku bunga.

Yuqorida aytganimdek, alifbodagi 4 ta harfni o‘zgartirishning albatta ma’lum bir xarajatlari bo‘lishi tabiiy. Ishoning, lekin aql bilan yondashsak, bu xarajatlar o‘ta minimal ko‘rinishda bo‘ladi.

Tasavvurimizdagi kabi trillionlar yoki hattoki milliardlar haqida ham gap ketmaydi. Buni o‘zingiz ham yana bir marta mushohada qilib ko‘ring, fikrimga qo‘shilsangiz kerak.

Harf terish-chi, osonlashadimi?

Albatta, takomillashgan alifbo rasman tasdiqlansa, ikkita simvol bosish o‘rniga bittadan simvol bosish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Hozir aksariyat insonlar foydalanyotgan Windows operatsion tizimining standart klaviaturasida lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosi uchun uchta qo‘shimcha tugma kerak bo‘ladi. Ularni kam foydalaniladigan tugmalar ustiga joylashtirish mumkin (Kirill yozuvidagi o‘zbekcha uchun klaviaturadagidek).

Android va iOS operatsion tizimida ishlaydigan gadjetlar uchun ham dasturchilar klaviatura yasashadi va mavjud standart klaviaturalarga ham o‘zgartirish kiritiladi. Bu katta xarajat yoki vaqt talab qiladigan ish emas aslo.

Muxtasar qilib aytganda, garchi amaldagi alifboda savod chiqarganlarning oldi 35 yoshga borib qolgan, hozir ko‘pchilik yoshlarimiz o‘qish va muloqot qilishda unga ko‘nikib qolgan bo‘lsa-da, alifbo muammoli ekani aniq. Bu ayniqsa tilchi mutaxassislarga qiyinchilik yaratmoqda. Til rivojlanishi, ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilishi alifbodagi ayrim harflarda muammo borligi sababli depsinib turibdi.

Yangisida keskin islohlarga qo‘l urilmagan, ko‘p ta’kidlangan asosiy qusurlar bartaraf etilgan. Qolaversa, hammaga birday ma’qul bo‘ladigan alifbo yaratish imkonsiz. Muhimi, bizni shu paytgacha qiynab kelayotgan imloviy muammolardan xalos bo‘lyapmiz.

Hozir o‘ylanib, savol berib o‘tiradigan fursat emas. Tilchi olimlarimiz ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullashdi, endi o‘sha muammolarni to‘g‘rilab, katta ishlarning eshigini ochish kerak.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Mavzuga oid