Jahon | 09:01 / 27.09.2023
5955
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina raketalar ishlab chiqarish quvvatining bir qismini xorijga ko‘chirdi

Ukrainaning uzoq masofali raketalari bir qismi xorijda ishlab chiqarilmoqda, dedi Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chirish Rossiyaning bunday raketalarni yig‘ish joylaridan biriga zarba bergani bilan bog‘liq.

Foto: TASS

Ukraina uzoq masofali raketalarini ishlab chiqarishning bir qismini mamlakat tashqarisiga ko‘chirdi. Bu rossiyalik harbiylar bunday raketalar yig‘iladigan maydonlardan biriga zarba berganidan keyin sodir bo‘ldi, dedi Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov 26 sentabr, seshanba kuni Ispaniyaning ABC gazetasiga bergan intervyusida.

U Rossiya qaysi obektga zarba bergani va bu qachon sodir bo‘lganiga aniqlik kiritmadi. «Bu yopiq dastur va uning maqomi qanday ekanini hech kim sizga aytmaydi. Men sizga shuni aytishim mumkinki, afsuski, Rossiya bu raketalar yig‘ilgan joyga zarba berdi. Hozir biz ishlab chiqarishning ma’lum qismini mamlakatimizdan tashqariga ko‘chirdik», - dedi Danilov. 

Ukrainaning uzoq masofali raketalari 

Ukrainaning uzoq masofali qurollaridan muvaffaqiyatli foydalanish amaliyoti haqida birinchi marta avgust oyining oxirida, Pskov harbiy-fuqarolik aeroportiga hujum qilinganida ma’lum bo‘ldi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukraina quroli 700 km masofadagi nishonga zarba berganini e’lon qilgandi. Aftidan, nishon Pskov aeroporti bo‘lgan.

O‘sha kuni Danilov Facebook ijtimoiy tarmog‘ida noma’lum raketa uchirilgani aks etgan videoni e’lon qildi. «Ukraina prezidentining raketa dasturi amalda. Sinovlar muvaffaqiyatli o‘tdi, samarali qo‘llandi. «Sevastopol kutmoqda, Kamchatka kutmoqda, Kronshtadt kutmoqda...» P.S. Jim va qo‘shiq kuylayotgan Ukraina oqshomi», - deya Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi videoga izoh qoldirgan. Xuddi shu video Ukrainada raketa qurilmalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi «Luch» konstruktorlik byurosi tomonidan ham e’lon qilingan. 

O‘z navbatida, Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi («GUR») rahbari Kirill Budanov Pskov aeroportiga Rossiya hududidan uchirilgan uchish apparatlari tomonidan hujum qilinganini bildirgan. 

Mavzuga oid