Rossiya hukumati biznesning chiqib ketishi 100 mlrd rubldan ortiq yig‘im keltirishini kutmoqda
2023 yilgi budjetda xorijiy tadbirkorlarning Rossiyadan chiqib ketishi tufayli kelib tushadigan majburiy yig‘imlardan 114 milliard rubl daromad olish rejalashtirilgan.
Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilda biznesdan yig‘imlar Rossiya budjetiga 114 milliard rubl olib keladi. Bu summaning katta qismi xorijliklar tomonidan Rossiyadagi aktivlarini sotishdan tushgan daromaddan keladi, deb yozadi RBK agentligi 27 sentabr, chorshanba kuni.
Ushbu baholash 2024 yilga va 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan federal budjet loyihasiga tushuntirish xatida keltirilgan. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, «nodavlat notijorat tashkilotlaridan federal budjetga boshqa tushumlar, shu jumladan xorijiy kompaniyalar tomonidan aktivlarni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan daromadlar» 2023 yilda 114,5 milliard rublni tashkil qiladi.
Federal budjet daromadlarining «Nodavlat notijorat tashkilotlaridan tushumlar» bandi 2022 yil dekabr oyidan boshlab, Rossiya hukumati chet elliklar tomonidan Rossiyadagi aktivlarni sotish uchun «ixtiyoriy komissiya» joriy qilganidan keyin milliardlab yig‘imlar bilan to‘ldirila boshlandi, deb yozadi RBK. Rasmiy ravishda, to‘lov ixtiyoriydir, ammo agar xorijlik Rossiyadagi biznesini sotishga qaror qilsa, yig‘imsiz bitim hukumat komissiyasi qoshidagi maxsus quyi qo‘mita tomonidan tasdiqlanishi dargumon, deya ta’kidlaydi RBK.
2024 yilda hukumat xuddi shu budjet bandi bo‘yicha atigi 2,1 milliard rubl olishni rejalashtirmoqda va keyingi ikki yilda bunday daromadlar umuman rejalashtirilmagan, bu haqda budjet loyihasi uchun materiallarda aytilgan.
Rossiyada 1500 ga yaqin xorijiy kompaniya o‘z faoliyatini davom ettirmoqda
Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina urushiga qaramay, ko‘p sonli xorijiy investorlar Rossiyada biznes qilishda davom etmoqda. Xalqaro kompaniyalarning qariyb 40 foizi Rossiyani tark etishga qaror qildi yoki shunday qilmoqda. Yyel menejment maktabi va Kiyev iqtisodiyot maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, 18 sentabr holatiga 1410 ta xorijiy kompaniya Rossiyada ishlashda davom etmoqda.
18 sentabr holatiga ko‘ra, Rossiyada o‘z faoliyatini qisqartirgan kompaniyalar soni, Kiyev iqtisodiyot maktabi hisob-kitobiga ko‘ra, 1225 taga yetdi.
Mavzuga oid
18:21
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07
O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqchi
21:03 / 19.11.2024