Jahon | 08:49 / 28.09.2023
6209
2 daqiqa o‘qiladi

The Guardian: Ukrainaga hujum qilayotgan dronlar g‘arbdan kelgan detallarga ega

Eronning Shahed-131/136 dronlari uchun qator qismlarni ishlab chiqaruvchilar Yevropa, Shimoliy Amerika va Yaponiya kompaniyalaridir, deb yozadi The Guardian. Ukraina go‘yoki Eron, Suriya va Rossiya Federatsiyasidagi dron zavodlariga zarba berishni taklif qilmoqda. 

Foto: Sobhan Farajvan/Pacific Press/Rex/Shutterstock

Rossiya tomonidan Ukrainaga hujum qilish uchun foydalanilayotgan Eronning uchuvchisiz uchish apparatlarida Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlariga tegishli detallar topildi. Bu haqda Britaniyaning The Guardian gazetasi 27 sentabr, chorshanba kuni Kiyev avgust oyida G7 mamlakatlariga topshirgan maxfiy hujjatga tayanib yozmoqda

Hujjatda aytilishicha, Shahed-131 kamikadze dronida g‘arb davlatlaridan 52 ta, Shahed-136’da esa 57 ta elektron komponent bor. Detallar ishlab chiqaruvchilari shtab-kvartirasi Germaniya, Kanada, Niderlandiya, Polsha, AQSh, Shveytsariya va Yaponiyada joylashgan kompaniyalardir. Xususan, Britaniyaning TI Fluid Systems kompaniyasi Germaniya filiali tomonidan Polshada ishlab chiqarilgan yonilg‘i nasosi, shuningdek, Shveytsariyaning STMicroelectronics kompaniyasi mikrochiplari Shahed-136’da topilgan, deb yozadi The Guardian. 

Eron tomoni bozorda mavjud bo‘lgan komponentlardan foydalanadi, ularning yetkazib berish nazorati zaif yoki yo‘q, deyiladi xabarda. Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Islom Respublikasiga import qilinadigan deyarli barcha mahsulotlar Vetnam, Hindiston, Qozog‘iston, Kosta-Rika, Turkiyadan keladi. Eron dron ishlab chiqarishining bir qismini Suriyadagi zavodga o‘tkazdi, Tataristonda ham dronlar ishlab chiqarish davom etmoqda. 

Kiyev hamkorlariga takliflar orasida - Eron, Suriya va Rossiyadagi zavodlarga zarba berish

Hujjat mualliflari g‘arb ittifoqchilariga bir qator chora-tadbirlarni taklif qilmoqda, jumladan, «Eron, Suriyadagi ushbu uchuvchisiz uchoqlarni ishlab chiqaruvchi zavodlarga, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidagi potensial yig‘ish maydonchasiga raketa zarbalari berish». Bu zarbalarni Ukraina mudofaa kuchlari o‘z sheriklaridan «zarur yo‘q qilish vositalarini» olsa, amalga oshirishi mumkin, deb yozadi The Guardian. 

Ukraina tomoni ma’lumotga hozircha izoh bermadi. 

Mavzuga oid