Sport | 00:19 / 29.09.2023
15131
4 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» poraxo‘rlikda ayblandi, klub yevrokuboklardan chetlatilishi mumkin

Ispaniyaning «Barselona» futbol klubi Kataloniya sudi tomonidan poraxo‘rlik va korrupsiyada ayblandi. «Barselona» hakamlar texnik qo‘mitasining sobiq rahbari Enrikes Negreyraga ko‘p yillar davomida «konsultatsiyalar uchun» umumiy hisobda 7,5 mln yevro to‘lagan.

Foto: Reuters

Ispaniya sudi shov-shuvli «Negreyra ishi» bo‘yicha «Barselona»ga hukm chiqardi.

El Debate xabariga ko‘ra, Kataloniya poytaxti tergov sudi rahbari Xoakin Agirre «Barselona» klubi tomonidan Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) hakamlari texnik qo‘mitasi sobiq vitse-prezidenti Enrikes Negreyraga 7,5 million yevro to‘langanini poraxo‘rlik va korrupsiya deb hisobladi.

Agirrening ta’kidlashicha, hakamlarni nazorat qiluvchi RFEF ham «yuridik shaxs maqomiga ega va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin». Sudya o‘z hukmida Italiya futbol federatsiyasidagi korrupsiya mojarosi yuzasidan Yevropa Ittifoqi sudi chiqargan qarorga asoslangan.

Qarorda, jumladan, «Barselona» hakamlar texnik qo‘mitasining sobiq rahbariga Enrikes Negreyraga ko‘p yillar davomida «video-konsultatsiyalar uchun» umumiy hisobda 7,5 mln yevro to‘lagani qayd etilgan. Bundan tashqari, Negreyra 2018 yilda sudyalar qo‘mitasi vitse-prezidenti lavozimidan ketganidan so‘ng, «Barselona» prezidenti Xosep Bartomeuni shantaj qilib, agar to‘lovlar to‘xtatilsa, bir qator noxush faktlarni oshkor qilish bilan tahdid qilgani aytilgan.

Klubdan tashqari, «Barselona»ning sobiq prezidentlari Sandro Rosel va Xosep Mariya Bartomeu, shuningdek, Xose Mariya Enrikes Negreyra va uning o‘g‘li ham ayblangan.

Ispaniya ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, 28 sentabr kuni RFEF ofisida tintuvlar bo‘lib o‘tgan. Fuqarolik gvardiyasi vakillari «Negreyra ishi» bo‘yicha hujjatlarni, ya’ni sobiq hakam ishtirok etgan yig‘ilishlar bayonnomasini izlagan.

AS nashrining xabar berishicha, UYeFA «Negreyra ishi» bo‘yicha yangilikni inobatga olgan va «Barselona»ni Yevropa kuboklaridan chetlatish masalasini muhokama qilishni boshlagan. Manbaning ta’kidlashicha, UYeFA hukm chiqarishdan oldin rasmiy tergov tugashini kutishni afzal ko‘radi. Ammo, agar etika inspektorlari klubga qo‘yilgan ayblovlar yetarli darajada asosli va aybi amalda isbotlangan deb hisoblasa, klub yevrokuboklardan chetlatiladi.

Sud hukmidan bir kun oldin La Liga prezidenti Xaviyer Tebas «Negreyra ishi» bo‘yicha «Barselona» aybi isbotlansa, klub Ispaniya chempionatining oliy divizionidan chetlatilishi mumkinligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil boshida Ispaniya prokuraturasi «Barselona»ning sobiq prezidentlari Rosel va Bartomeu, shuningdek, ish bo‘yicha asosiy ayblanuvchi, Ispaniya futbol federatsiyasi hakamlar texnik qo‘mitasi sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Enrikes Negreyraga ayblov e’lon qilgan edi.

Ayblovlar orasida hujjatlarni qalbakilashtirish, sportdagi korrupsion aloqalarda ishtirok etish va hakamlarning tarafkashlik qilishi kabilar bor.

«Barselona» tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidlab, korrupsiyaga aloqadorligini muntazam rad qilib kelmoqda.

Mavzuga oid