Jamiyat | 16:44 / 29.09.2023
17120
6 daqiqa o‘qiladi
Reklama

SamDAQUda kredit-modul tizimi qanday ishlamoqda?

Foto: SamDAQU

Universitetga o‘qishga kirganingizdan so‘ng talaba sifatida u yerda aynan qaysi fanlarni o‘rganishni qisman bo‘lsa-da o‘zingiz tanlashingiz mumkinligini hech tasavvur qilganmisiz?

Bir vaqtlar orzu bo‘lgan bu imkonlar endilikda respublikadagi OTM orasida birinchilardan bo‘lib Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida joriy etildi. Har bir o‘qituvchi semestr boshida o‘z fani bo‘yicha dasturini taqdim etib, unda ushbu fan nima haqidaligi, talabalar ushbu fanni o‘rganish natijasida amaliyotda nimalar qila olishi haqida batafsil tushuntirib berishgandan so‘ng talabalar o‘zlari istagan fanni onlayn so‘rovnoma orqali tanlashdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalarini kredit-modul tizimiga o‘tkazish mexanizmlarini ishlab chiqish va ularni bosqichma-bosqich mazkur tizimga o‘tkazish hamda mustaqil ta’lim soatlari ulushini oshirish, talabalarda mustaqil ta’lim olish, tanqidiy va ijodiy fikrlash, tizimli tahlil qilish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quv jarayonida kompetensiyalarni kuchaytirishga qaratilgan metodika va texnologiyalarni joriy etish, o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, bu borada o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish nazarda tutilgan.

An’anaviy universitetlar qat’iy belgilab qo‘yilgan o‘quv dasturlari asosida ish yuritadi, talabalar oldindan yozilgan barcha fanlarni o‘rganishga majbur bo‘lishadi. Mantiqiy savol paydo bo‘ladi: o‘quv rejadagi barcha fanlar har bir talabaning qiziqishlari, kelajak rejalariga to‘g‘ri kelmasa-chi?

Zamonaviy ta’lim beradigan universitetlarda har bir talaba o‘z qiziqishlari, imkoniyatlari, kelajakda qaysi kasbni egallashi va bu uchun kerakli fanlarni o‘zi yaxshi biladi. Talabani majburlab xonada olib o‘tirish mumkin, lekin uning fikr va e’tiborini xonada ushlab o‘tirib bo‘lmaydi. Kredit-modul tizimida ishlaydigan universitetlarning afzalligi ham – o‘quv dasturiga tanlov fanlarining joriy etishidir.

Tanlov darslari talabaning asosiy yo‘nalishidan tashqari turli fanlarni o‘zlashtirish imkonini yaratadi, talabaga shaxsiy va professional o‘sishiga ham yordam beradi.

Tanlov darslar orqali talabada yangi ko‘nikmalar rivojlanadi. Misol uchun, talaba iqtisodiyot yo‘nalishi bo‘yicha o‘qisa va tanlov dars sifatida psixologiyani tanlashi unga xaridorlar va sotuvchilarning fikrlash tarzini tushunishga yordam beradi, ularning xarajat qilish sabablarini tushunishga imkon beradi.

SamDAQUda joriy o‘quv yilida talabalarga onlayn so‘rovnoma orqali taqdim etilgan 30 ta tanlov fanlar orasidan kuchli o‘nlikka kirgan fanlar ro‘yxati quyidagicha bo‘ldi.

1.       Rus tili;

2.       Turk tili;

3.       Nemis tili;

4.       Voleyboldagi asosiy texnikalarni o‘qitish;

5.       Bevosita marketing;

6.       Futbol va asosiy harakatlarni o‘qitish;

7.       Biznesda jamoatchilik bilan aloqalarni o‘rnatish;

8.       Logistika menejmenti asoslari;

9.       Koreys tili;

10.     Basketboldagi asosiy texnikalarni o‘qitish.

Albatta yildan yilga tanlov fanlari soni oshib boradi, chunki zamon o‘zgarmoqda, ilm-fan rivojlanmoqda, bozorda yangi ko‘nikmalarga ehtiyoj sezilmoqda. Zamonaviy trendlarga asoslangan holda talabada mustaqil qaror qabul qilish qobiliyati ham shakllanib boradi. Talabalar o‘z fakultetlaridan tashqarida, ya’ni boshqa fakultetlardan ham tanlov fanlari olishlari uchun tizim yaratiladi.

Tanlov fanlar tizimi aslida professor-o‘qituvchilar orasida ham o‘ziga hos raqobat muhitini yaratadi. O‘z ustida ishlamagan, eski kitob va ma’lumotlar bilan darsga kiradigan hamda ta’limga loqayd bo‘lganlar o‘z-o‘zidan talaba uchun keraksiz bo‘lib qoladi. Talabalarning qiziqish va ehtiyojlariga javob bermaydigan fanlar o‘quv dasturidan chiqariladi, yangi ro‘yxatdagi fanlar davr talablari va qiziqishlariga moslashadi.

Rektor Chidem Janbay Turkyilmaz boshchiligidagi SamDAQU jamoasi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2019 yili bizga maqsad qilib belgilab bergan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”ga ko‘ra, kelajakda mamlakatimiz va dunyoda raqobatbardosh, xalqaro tajribasi bo‘lgan va fanlararo ko‘nikmalari bilan o‘z sohasining kuchli mutaxassisini yetkazib berishda bor salohiyatlarni va imkonlarini qo‘llashda davom etadi.

Ma’lumot o‘rnida, universitetda yangi 2023-2024 o‘quv yilining ilk haftasi 4-8 sentabr kunlari “Orientation week” ya’ni tanishuv haftaligi doirasida 20 dan ortiq ilmiy, ijtimoiy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilgan edi.

SamDAQU Axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid