O‘zbekiston | 19:18 / 30.09.2023
8792
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston, Rossiya va Hindiston kinoijodkorlari "Alibobo va qirq qaroqchi" filmining remeykini suratga oladi

“Ipak yo‘li durdonasi” XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov, rossiyalik rejissyor Janik Fayziyev va hindistonlik rejissyor Umesh Mehra o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumga ko‘ra o‘zbekistonlik kino ijodkorlar Hindiston va rossiyalik hamkorlari bilan bir nechta loyihalarni amalga oshiradi. Ularning ichida ko‘pchilik yurtdoshlarimiz uchun tanish bo‘lgan "Alibobo va qirq qaroqchi" filmi ham bor. SSSR vaqtida yurtimiz va hindistonlik kinoijodkorlar hamkorligida suratga olingan "Alibobo va qirq qaroqchi" filmining remeykini suratga olish bo‘yicha tomonlar kelishuvga erishganini rasman ma’lum qildi.

Loyihaga ko‘ra film rejissyorlari 1980 yilda suratga olingan filmda rejissyor bo‘lib ishlagan Umesh Mehraning o‘zi hamda filmning ikkinchi rejissyori bo‘lgan Latif Fayziyevning jiyani Janik Fayziyev bo‘ladi.

"Hozircha faqatgina kelishuv imzolandi. Filmning suratga olish ishlari qachon boshlanadi, bu borada aniq biror narsa deya olmayman. Lekin, shunisi aniqki, uchala tomon ham bu loyihaga qiziqish bildirmoqda va bu oldinga siljishda muhim jihatlardan biri", — dedi Janik Fayziyev.