O‘zbekiston | 11:04 / 01.10.2023
38397
14 daqiqa o‘qiladi

Sirli portlash, “chuqur kirilmaydigan” mavzu va YTHlar statistikasi - hafta dayjesti

Ortda qolayotgan hafta davomida O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari – Kun.uz dayjestida.

Yo‘llarda – kuniga o‘nta o‘lim

Dayjyestni haftaning eng muhim xabari bilan boshlasak. O‘zbekiston yo‘llarida yurish o‘ta xavfliligicha qolmoqda. Rasmiy ma’lumotlardan ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan avgust oyida respublikada yo‘l-transport hodisalari oqibatida 300 kishi, qaytarib aytamiz uch yuz nafar inson halok bo‘lgan. Bu yo‘llarimizda kuniga 10 kishi vafot etyapti degani. Boshqacharoq aytganda, har kuni yuzlab vatandoshlarimiz avtohalokatlar sabab o‘z yaqinlarini yo‘qotyapti. Masalan, shu bugun ham, aniqki, yurtimizning qaysidir nuqtalarida kimdir farzand dog‘idan kuyib, kimdir turmush o‘rtog‘idan ajralib aza ochyapti. Va bu holat har kuni yangidan yangi xonadonlarda takrorlanyapti.

Dunyoda samolyot halokatlari – uchrab turadigan holat, lekin ularga nisbatan munosabatga e’tibor bering. Halokat ro‘y berishi bilanoq darhol motam e’lon qilinadi, zudlik bilan keng miqyosda tekshiruv ishlari boshlanadi, halok bo‘lgan begunoh insonlarning hayotiy hikoyalari, reysga chiqishdan oldin yaqinlariga aytgan gaplari tillarda doston bo‘ladi... Biz esa har oyda bitta samolyot qulagandek miqyosda qurbonlar berayotgan bo‘lsak-da, bir jamiyat sifatida, afsuski, buning dahshatini mutlaqo sezmayapmiz. Shuncha o‘limlar, ularga qo‘shilib yana son-sanoqsiz odamlarning umrbod mayib-majruh bo‘lib qolayotgani ham yo‘l harakati qoidalarini buzishga nisbatan toqatsizlik kayfiyatini shakllantirish uchun yetarli bo‘lolmayapti. Qoidabuzarliklarni oqlash, hatto qurbonlarning o‘zini ayblash odatiy holligicha qolyapti. Mas’ullar esa eng ashaddiy qoidabuzarlarni tiyishi mumkin bo‘lgan oddiygina jarima ballari tizimini ham paysalga solishdan uyalmayapti.

Raqamlarga qaytsak. Juma kuni Senat yalpi majlisida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning 8 oyida 8 millionga yaqin qo‘pol qoidabuzarlik qayd qilingan. Ya’ni rasmiy ro‘yxatga olingan qo‘pol qoidabuzarliklarning o‘zi oyiga millionta, ro‘yxatga olinmagani qancha – yolg‘iz xudoga ayon. 8 oy davomida sodir bo‘lgan 6 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasida 1415 kishi halok bo‘lgan, 5448 kishi jarohatlangan. Bu o‘rinda ham bu faqatgina rasmiy raqamlar ekani, ichki ishlar organlariga murojaat qilinmagan holatlar ham juda ko‘pligini unutmaslik kerak.

Senatorlarning aytishicha, avtohalokatlarda jabrlanayotganlarning haddan tashqari ko‘pligiga piyodalar o‘tish joylarining yetarlicha jihozlanmagani, haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasligi, mashinalarni haydovchilik guvohnomasisiz boshqarish va mast holda rulga o‘tirish odatiy holga aylanib qolgani kabi omillar asosiy sabab bo‘lyapti.

Senat 2 yildan beri UzAirways'ga so‘zini o‘tkaza olmayapti

Senatorlar YTHlar bo‘yicha ayanchli raqamlardan tashvishda ekanini bildirgan bo‘lsa ham, Ichki ishlar vazirligiga va’da qilingan va unutilgan jarima ballari tizimini joriy etish talabini qo‘ya olmadi. Boshqa tomondan esa, Senat bunday talabni qo‘ygan taqdirda ham, bu talab bajarilishini kutish uchun katta asoslar bo‘lmaydi.

Gap shundaki, Uzbekistan Airways kompaniyasi parlament yuqori palatasining chipta sotishdagi byurokratiyani yo‘qotish bo‘yicha talabini 2 yildan beri bajarmay kelayotgani ma’lum bo‘ldi.  Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonovning aytishicha, agar fuqarolar UzAirways'ga qarashli kassalardan o‘z yaqinlari uchun aviachipta sotib olmoqchi bo‘lishsa, ulardan fuqarolik pasportining asl nusxasi talab qilinyapti. Pasportning asl nusxasini taqdim etmagan fuqarolarga esa aviachipta sotilmayapti. Burhonovning so‘zlariga ko‘ra, bu holat yaqinlari boshqa viloyatlarda yashayotganlar uchun qiyinchilik tug‘diryapti, aviachipta savdosida korrupsiyani yuzaga keltiryapti.

Buning mantiqsizligi shundaki, aviakompaniya saytida istagan odam istagan odami uchun bemalol chipta olishi mumkin. Buning uchun pasportning asl nusxasi tugul, kserokopiyasi ham kerakmas, undagi ma’lumotlar kiritilsa bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Senat aviakassalardagi bu byurokratik talabni bekor qilish bo‘yicha UzAirways'ga 2021 yil 19 martdayoq murojaat qilgan, o‘shanda kompaniya muammoni hal etish choralari ko‘rilayotganini ma’lum qilgan. 2023 yil iyunida esa, aviakompaniya Senatga javob yo‘llab, bu muammoni hal qilish imkonsiz ekanini bildirgan.

Parlamentga oid yana bir yangilik. Shu hafta deputatlar Oliy Majlisga doir qonunchilikni yangi konstitutsiyaga moslashtirish bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshladi. Unga ko‘ra, senatorlar soni 100 nafardan 65 nafarga tushiriladi, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosarlari soni 7 nafardan 2 nafarga qisqartiriladi, yuqori va quyi palataning vakolatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, Qonunchilik palatasi va Senatga o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati berilyapti.

Yuzlab bolalar kasallanganidan keyin, vazir: “Bu mavzuga chuqur kirmanglar...”

O‘tgan haftaning bosh mavzusi – yuzlab bolalarning hozircha noma’lum etiologiyali zaharlanishi bo‘yicha voqealar rivoji bu hafta ham kun tartibida turdi. Shukrki, Namanganda kasallangan bolalarning barchasi sog‘ayib, uyiga qaytdi. Bu haqda seshanba kuni yopiq matbuot anjumani o‘tkazgan sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ma’lum qildi.

Inoyatov “hech bir bolaning ahvoli og‘ir emas”ligini urg‘ulab, holat to‘liq o‘rganib chiqilgani, barcha savollarga “tez orada javob berilishi”ni aytdi. Lekin hafta oxirigacha va’da qilingan javoblar bo‘lmadi. Aksincha, vazirning o‘zi o‘sha anjumandagi so‘zlari bilan savollarni ko‘paytirdi.

“Bitta narsani iltimos qilaman. Bu mavzu bilan shug‘ullanayotgan odamlar bor. Mayda, bo‘lmag‘ur gaplar… Nima bo‘lsa ham, o‘zi tekshiradi, o‘zi javobini beradi. Bu mavzuga chuqur kirmanglar. Bu bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bor. Ular hammasini ochiq o‘rganyapti”,dedi Amrillo Inoyatov.

Vazirning “bu mavzuga chuqur kirmanglar” deyishi, tabiiyki, rezonansga sabab bo‘ldi. Yuzlab bolalarning bir kunda bir xil belgilar bilan kasallanishi, bu voqea bolalarni yod bilan ta’minlash dasturi boshlanishi fonida ro‘y bergani, yod preparatlarining davlat tomonidan xarid qilinishi bilan bog‘liq masalalar, aksincha, mavzuga imkon qadar chuqurroq kirishga katta zarurat borligini ko‘rsatib turibdi. Uning ustiga, farmatsevtikadagi korrupsiya oqibatlaridan bir marta kuyib, juda achchiq tajriba orttirib bo‘ldik. Odamlarning befarq bo‘lmasligi – bunday fojialar takrorlanmasligi uchun ham kerak.

Amrillo Inoyatov seshanba kungi matbuot anjumanida yod preparatlari narxi shishirilgani haqidagi xabarlarni “noto‘g‘ri, provokatsion” deb atadi. Lekin vazirlik hech qanaqa tender o‘tkazmasdan, 3,5 mln qutisining har birini o‘rtacha 6200 so‘mdan ulgurji narxda sotib olgan “Antistrumin” preparati chakana bozorda bundan ikki barobar arzon narxda sotilganini Kun.uz va Gazeta.uz nashrlari bog‘langan dorixonalar tasdiqlab turibdi. Aksi bo‘lganida, rasmiy manbalar zudtar raddiyalarga to‘lib ketgan bo‘lardi, ehtimol.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yod preparatlarini qimmat narxlarda “Samo” MChJdan xarid qilgan. Bu kompaniyaning 7 foizlik ulushdori bo‘lgan Nodir Yunusov ismli shaxs butun O‘zbekistonga mashhur bo‘lib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, u 2009 yildan beri AQShda odam savdosi va moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, qidirilmoqda. Kun.uz manbalari Amerika huquq organlarining qidiruv ro‘yxatida turgan Nodir Yunusov va O‘zbekistonning bir nechta hududlarida bolalarning kasallanishi fonida jamoatchilik e’tiborini tortgan yod ishlab chiqaruvchi “Samo” firmasining mulkdorlaridan biri ayni bir shaxs ekanini tasdiqladi.

Bu ma’lum bo‘lib qolgach, Yunusov bir necha kun ichida “Samo” ta’sischilari qatoridan chiqdi. Ayni paytda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi kompaniyaning farmatsevtik faoliyati bo‘yicha tekshiruv boshlangan.

Shu o‘rinda, dengizdan uzoq joylashgan O‘zbekiston aholisi uchun yod iste’moli favqulodda muhim ahamiyatga egaligi, bu mikroelement insonning aqliy rivojlanishi, qalqonsimon bez va ovqat hazm qilish organlari faoliyati uchun birlamchi zarurat ekanini eslatib o‘tishni istardik. Shu ma’noda ro‘y bergan mojaro bolalarni yod bilan ta’minlash dasturi davomiyligiga raxna solmasligi, faqatgina bu dastur korrupsiyadan xoli, tibbiy jihatdan professional tarzda yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Sergelidagi ombor portlashi

“Antistrumin” shov-shuvini payshanba kuni Sergelidagi portlash bosib ketdi. 28 sentabrga o‘tar kechasi poytaxtning Quruvchilar dahasidagi omborda qo‘ziqorin shaklini olgan kuchli portlash ro‘y berdi. Rasmiylarga ko‘ra, oqibatda shu yaqin atrofdagi uylardan birida bo‘lgan 17 yoshli yigit vafot etgan, 163 kishi turli darajalarda jarohatlangan.

Voqea videolarida portlashdan oldin ombor yonayotganini va yaqin atrofdan sirena ovozlari kelayotganini ko‘rish mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga soat 02:48 da yetib borgan. Kuzatuv kameralaridagi yozuvlardan ko‘rinishicha, portlash shundan 4 daqiqa o‘tib, soat 02:52 da ro‘y bergan.

Bunchalik yirik portlashga nima sabab bo‘lgani, ya’ni omborda nima saqlangani ma’lum emas. Rasmiylar birlamchi taxminlar haqida hozircha ma’lumot bermadi. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, logistika markazi tez buziladigan mahsulotlardan tortib, to yirik hajmgacha bo‘lgan tovarlarni qabul qilish, saqlash, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish va jo‘natish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatgan. Unga O‘zbekistonda 1995 yilda ochilgan Benif va Dubayda ro‘yxatdan o‘tgan Integra benefit investmens nomli kompaniyalar egalik qiladi.

Ma’lum qilinishicha, portlash natijasida 26 ta ko‘p qavatli uydagi 592 ta xonadon va boshqa obektlarga zarar yetgan. Mas’ullar talafot ko‘rgan aholiga har tomonlama kerakli yordam ko‘rsatish bo‘yicha tezkor choralar ko‘ryapti. Bosh vazirning matbuot kotibi Behzod Hidoyatovning aytishicha, kechiktirib bo‘lmaydigan va ijtimoiy ahamiyatga ega xarajatlar keyinchalik logistika markazi egalaridan undirib olinadi. “Buni albatta MChJga to‘latamiz, davlatning puli ko‘chada qolmagan”, – dedi hukumat rasmiysi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Shveytsariya Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan 5 yillik tergovni yakunladi. Karimova xalqaro jinoiy tashkilotda ishtirok etish, jinoiy daromadlarni legallashtirish, poraxo‘rlik va boshqa jinoyatlarda ayblanyapti. Sud bu safargi jinoyat ishi doirasida muzlatilgan 440 mln frankdan ortiqroq mablag‘larni musodara qilish masalasini ham ko‘rib chiqadi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tomoni Karimovaning chet ellardagi jinoiy aktivlarini jami 1,3 mlrd dollarga baholagan.

Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanali qurilishida boshqa kuchlarning ham qo‘li bor. Bu haqda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ma’lum qildi. “Katta iqtisodiy qudratga ega davlatlar bu masalaga aralashib, mablag‘ berishini aytyapti”, – dedi u. Xorijiy matbuotda bu yerda gap Xitoy haqida ketayotgani to‘g‘risida ma’lumotlar tarqagan. Ayni paytda, rasmiy Pekin Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi uchun pul ajratishni keyinroqqa qoldirgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Shayxontohur tuman sudi “Kompromat ishi” bo‘yicha hukm chiqardi. Ish doirasida Telegram'dagi “Kompromatuzb” kanaliga aloqador ekani aytilgan jurnalist Xurshid Daliyev va “O‘zbekneftgaz”ning sobiq matbuot kotibi Siyovush Hoshimov tovlamachilik va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilib, 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Mehnat vazirligi matbuot xizmatining sobiq rahbari Mavjuda Mirzayevaga 5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, u sud zalidan ozod qilindi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bu safar birgalikda Germaniyaga bordi. Ular Germaniya prezidenti va bosh vaziri bilan ham ikki tomonlama, ham birgalikdagi muzokaralarni olib bordi. Rasmiy Berlin beshta respublika bilan strategik mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, “Markaziy Osiyo – Germaniya” formatidagi sammitni doimiy tarzda o‘tkazib borishni taklif qildi va bu taklif qabul qilindi. Kelasi yili O‘zbekistonda birinchi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Mavzuga oid