O‘zbekiston | 07:55 / 02.10.2023
3937
2 daqiqa o‘qiladi

BMTning inson huquqlari bo‘yicha organlari qarori sud hukmini bekor qilishi mumkin

Inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarni nazorat qilish uchun Oliy Majlis palatalarining parlament komissiyasi tashkil etilishi belgilanmoqda.

“Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Jinoyat protsessual kodeksiga kiritilishi rejalashtirilayotgan normaga ko‘ra, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi va ajrimi BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalarining O‘zbekiston yurisdiksiyasidagi shaxsning tegishli xabarnomasi asosida qabul qilgan qaroriga muvofiq bekor qilinishi hamda ish yuritish qaytadan boshlanishi mumkin. Bunday qaror yangi ochilgan holatlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Bugungi kunda yangi ochilgan holatlar quyidagilardan iborat:

1) jabrlanuvchining yoki guvohning bila turib yolg‘on ko‘rsatma yoxud ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berganligi, xuddi shuningdek ashyoviy dalillar, tergov va sud harakatlari bayonnomalarining hamda boshqa hujjatlarning soxta ekanligi yoki bila turib noto‘g‘ri tarjima qilingani qonunga xilof, asossiz yoki adolatsiz hukm, qonunga xilof yoki asossiz ajrim chiqarilishiga sabab bo‘lgani sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangani;

2) surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning jinoiy xatti-harakatlari;

3) sudyaning jinoiy xatti-harakatlari;

4) o‘z holicha yoki ilgari aniqlangan holatlar bilan birgalikda mahkumning aybsizligidan yoxud u hukm etilganiga nisbatan og‘irligi darajasi bo‘yicha boshqa jinoyat sodir etganligidan yoxud oqlangan shaxsning yoki o‘ziga nisbatan ish tugatilgan shaxsning aybdorligidan dalolat beradigan boshqa holatlar.

Xuddi shu mazmundagi normalar Fuqarolik protsessual kodeksi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga kiritilmoqda.

Inson huquqlari sohasidagi majburiyatlarni nazorat qilish uchun Oliy Majlis palatalarining parlament komissiyasi tashkil etilishi belgilanmoqda.

Mavzuga oid