Pokistonda odamlarning buyragini kesib olib, boylarga ko‘chirish bilan shug‘ullangan shifokor ushlandi
Badavlat mijozlarga transplantatsiya qilish uchun odamlarning buyragini noqonuniy ravishda kesib olgan shifokor boshchiligidagi sakkiz kishidan iborat jinoiy guruh hibsga olingan.
Pokistonning Panjob viloyati ma’muriyati rahbari Muhsin Naqviy xabariga ko‘ra, doktor Favad Muxtor boshchiligidagi jinoiy guruh qo‘lga olingan. U odamlarning buyragini jarrohlik yo‘li bilan, ko‘pincha bemorlarning roziligisiz kesib olgan va badavlat odamlarga ko‘chirib o‘tkazgan.
Shifokorga operatsiyalar vaqtida yordamchi sifatida asli kasbi avtomexanik bo‘lgan shaxs yordam bergan. Shuningdek, u shifoxonadagi bemorlarni jarrohlik amaliyotiga jalb qilishga ko‘maklashgan.
Qayd qilinishicha, ular kamida 328 ta jarrohlik operatsiyasini bajargan, oqibatda kamida uch nafar bemor vafot etgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olinganlar buyraklarini xorijlik bemorlarga 10 million rupiyga (120 ming dollar), pokistonlik bemorlarga esa uch million rupiyga sotgan.
Muhsin Naqviy so‘zlariga ko‘ra, Muxtor avval besh marta hibsga olingan, ammo har safar poraxo‘r politsiyachilar yordamida ozod qilingan.
Buyrak savdogarlari guruhi asosan 13 millionlik Lahor shahrida, poytaxt Islomobod yaqinidagi Taxila shahrida, shuningdek, Kashmirning Pokiston qismida faoliyat yuritgan.
«Aslida noqonuniy jarrohlik xonalari va transplantatsiyalar soni juda ko‘p. Bizdagi ma’lumot faqat tasdiqlanganlari», dedi Naqviy.
Pokistonda 2010 yilgi qonun bilan inson a’zolari savdosi taqiqlangan edi. Donorlar, shifokorlar va vositachilar tomonidan a’zolarni chet elga ommaviy sotishni to‘xtatish umidida hukumat qattiq jazolarni joriy qildi: o‘n yillik qamoq va katta jarimalar. Ammo bu yordam bermadi: aholi kambag‘alligi va huquq-tartibot idoralari korrupsiyalashgan Pokistonda odam a’zolari savdosi hamon rivojlanib bormoqda.
Yanvar oyida Panjob politsiyasi yo‘qolgan 14 yoshli bolani buyragi olib tashlangan holda maxfiy operatsiya xonasidan topib, odam a’zosi savdosi bilan shug‘ullanuvchi yana bir guruhni qo‘lga olgan edi.
Mavzuga oid
15:29
O‘zbekiston Pokiston dengiz portlari orqali yangi bozorlarga kirish imkonini o‘rganmoqda
20:17 / 13.11.2024
Pokistonda to‘y avtobusi daryoga qulashi oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi
19:27 / 13.11.2024
Pokiston va Hindistonni qoplagan tutun koinotdan ko‘rina boshladi
15:12 / 09.11.2024