Jahon | 09:58 / 03.10.2023
7568
3 daqiqa o‘qiladi

Ryabkov: Moskva Amerika bilan munosabatlarni yaxshilash istiqbolini ko‘rmayapti

Vashingtonning Kiyevdagi mijozini qo‘llab-quvvatlashga asosiy e’tibori o‘zgarmayapti, dedi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.

Foto: RIA Novosti

Qabul qilingan va Kiyevga yordam berish uchun mablag‘lar kiritilmagan vaqtinchalik budjetga qaramay, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yordam berishda davom etadi. Bu haqda jurnalistlarga Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov ma’lum qildi.

«Ukrainaga yordam bilan ham, Ukrainaga yordam bermasdan ham. Ular qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu nimanidir o‘zgartiradi deb o‘ylamasligimiz kerak, bu shunchaki omma uchun shou. Vashingtonning Kiyevdagi mijozini qo‘llab-quvvatlashga e’tibori o‘zgarmaydi. Partiyalararo janjal shunchaki e’tiborni chalg‘itish, ular kerakli pulni topadi», — dedi vazir o‘rinbosari Rossiya OAVga. 

Ryabkovning ta’kidlashicha, Moskva hozircha Amerika tomoni bilan munosabatlarni yaxshilash istiqbollarini ko‘rmayapti.

«Ular o‘ziga kelib, bu yo‘nalishdagi siyosatini o‘zgartirishni boshlamaguncha, menimcha, hech qanday istiqbol bo‘lmaydi», dedi vazir o‘rinbosari.

Avvalroq AQSh parlamentining har ikki palatasi mamlakat federal hukumatini moliyalashtirishni 45 kunga (17 noyabrgacha) uzaytirish haqidagi qonunni ma’qullagan, AQSh prezidenti Jo Bayden uni imzolagan edi. Hujjatda Ukrainaga yordam nazarda tutilmagan. 

Bundan tashqari, Rossiya TIV rahbari o‘rinbosarining aytishicha, AQSh harakatlari fonida Rossiya uchun o‘rta va qisqa masofali raketalarni joylashtirishga bir tomonlama moratoriyni saqlab qolish uchun asoslar yo‘qolib bormoqda.

«Biz amaliy harakatlarni kuzatmoqdamiz, bu mening fikrimcha, muqarrar ravishda Yevropada ham, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida ham Amerikada ishlab chiqarilgan, ilgari shartnomada taqiqlangan uskunalar paydo bo‘lishiga olib keladi. Shunga ko‘ra, bizning moratoriyimizni saqlab qolish uchun asoslar yo‘qolyapti. Ammo hozircha amaliy qarorlar qabul qilingani yo‘q», — dedi vazir o‘rinbosari Bornholm oroliga O‘rta va uzoq masofalarga mo‘ljallangan yadroviy kuchlar to‘g‘risidagi shartnomada taqiqlangan AQSh raketa tizimlari joylashtirilishini sharhlar ekan.

Ryabkovning ta’kidlashicha, Rossiya Federatsiyasining shartnomaga bir tomonlama moratoriy qo‘yishi AQSh tomonidan to‘g‘ri reaksiyaga sabab bo‘lmadi.

Bundan tashqari, rossiyalik diplomat BRIKSning yangi tarkibga moslashuv jarayoniga izoh berdi.

«O‘ylaymanki, BRIKSni yangi tarkibga moslashtirish va hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlarini topish jarayoni juda tez sodir bo‘ladi. Keyinchalik nima bo‘ladi, kengayish davom etadimi, bu - vaqt masalasi», — dedi Ryabkov.

Vazirning aytishicha, ko‘plab mamlakatlar «BRIKSga intilyapti». «Biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi u.

Mavzuga oid