Jahon | 13:29 / 04.10.2023
9579
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi tunda o‘nlab dronlar hujum qilgani haqida xabar berdi

Rossiya Mudofaa vazirligi tunda 31 ta dron urib tushirilganini da’vo qilmoqda. Astra xabariga ko‘ra, Bryansk viloyatidagi harbiy qismga dron hujumi amalga oshirilgan.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

Rossiya Mudofaa vazirligi 4 oktyabr, chorshanba kuni ertalab o‘nlab Ukraina uchuvchisiz uchoqlari tunda Rossiya hududiga hujum amalga oshirganini ma’lum qildi. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimlari uch chegaradosh viloyatlar – Belgorod, Bryansk va Kurskda 31 ta samolyot tipidagi dronlarni tutib, yo‘q qilgan. 

Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ida soat 1:00 dan 2:00 gacha havo hujumidan mudofaa tizimi Belgorod, Belgorod va Korochanskiy tumanlari ustida 19 ta «obekt»ni urib tushirganini yozdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujum natijasida Belgorod shahridagi ma’muriy bino, Belgorod tumani Shishino qishlog‘idagi uy va 3 ta avtomobil zarar ko‘rgan. Gladkov qurbonlar haqida hech narsa aytmadi.

Avvalroq Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz ham dronlar tungi hujumi haqida xabar bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat hududida bitta uchuvchisiz uchoq urib tushirilgan. Qurbonlar va vayronalar yo‘q. Bundan tashqari, Bogomazning ta’kidlashicha, bir nechta tumanlar - Sevskiy, Pogarskiy, Klimovskiy va Trubchevskiy kassetali qurollardan o‘qqa tutilgan, natijada uylar «qisman vayron bo‘lgan».

Shu bilan birga, Rossiyaning Astra Telegram-kanali dron Bryansk viloyatining Karachev shahridagi 55443-sonli harbiy qismga hujum qilgani haqida yozdi — nashr manbalarining ta’kidlashicha, samolyot tipidagi dron u yerga qulab tushib, taxminan soat 3 da portlagan. Kursk viloyati rasmiylari urib tushirilgan uchuvchisiz uchoqlar haqidagi Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga hali izoh bermadi. 

Ukraina tomoni bu ma’lumot bo‘yicha hozircha hech qanday bayonot bilan chiqmadi. 

Mavzuga oid