Iqtisodiyot | 14:47 / 05.10.2023
28672
5 daqiqa o‘qiladi

Global YaIM 105 trln dollarga yaqinlashdi. Eng katta iqtisodiyotlar qaysilar?

Dunyoning 10 ta eng yirik iqtisodiyotining to‘rttasi Yevropa, uchtasi Osiyo mamlakatlari hisoblanadi. Savdodagi to‘siqlarning olib tashlanishi hamda iqtisodiy erkinliklarning ko‘payishi fonida Osiyo mamlakatlarining global yalpi ichki mahsulotdagi ulushi ortib boryapti.

Foto: Getty Images

Rivojlangan iqtisodiyot – davlatlar boyligi va qudratining asosiy ko‘rsatkichidir. Yalpi ichki mahsulot – mamlakat iqtisodiyotining hajmini baholash uchun eng muhim ko‘rsatkich bo‘lib xizmat qiladi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha dunyo mamlakatlarining umumiy YaIM hajmi 105 trln dollarga yetadi.

Global iqtisodiyotda eng katta ulushga ega davlatlar top-10taligi quyidagicha:

1. Amerika Qo‘shma Shtatlari

  • YaIM: 26,85 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 80 030 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: 1,6 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 25,54 foiz

AQSh 1960 yildan to hozirgacha dunyoning eng yirik iqtisodiyoti va eng boy mamlakati maqomini saqlab kelmoqda. Qo‘shma Shtatlar iqtisodiyoti xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish, moliya va texnologiya kabi turli xil tarmoqlardan tarkib topgan.

2. Xitoy

  • YaIM: 19,37 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 13 720 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: 5,2 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 18,43 foiz

Xitoy 1960 yilda dunyoning eng kuchli to‘rtinchi iqtisodiyoti bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib 2-o‘ringa ko‘tarildi. Tahlilchilarning ta’kidlashicha, 2030 yildan keyingi davrda Xitoy AQShni ortda qoldirib, dunyoning birinchi raqamli iqtisodiyotiga aylanishi mumkin. Xitoy iqtisodiyoti asosan ishlab chiqarish, eksport va sarmoyaga bog‘langan.

3. Yaponiya

  • YaIM: 4,41 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 35 390 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: 1,3 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 4,19 foiz

Yaponiyaning iqtisodiyoti ilg‘or texnologiyalar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sanoati bilan ajralib turadi. Mashhur tarmoqlari: avtomobilsozlik, elektronika, mashinasozlik va moliyaviy sohalar.

4. Germaniya

  • YaIM: 4,3 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 51 380 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: -0,1 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 4,1 foiz

Germaniya iqtisodiyoti eksportga katta e’tibor qaratadi, mashinasozlik, avtomobilsozlik, kimyo va farmatsevtika sohalari eng rivojlangan tarmoqlar hisoblanadi.

5. Hindiston

  • YaIM: 3,74 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 2601 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: 5,9 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 3,55 foiz

Hindiston iqtisodiyotida axborot texnologiyalari, xizmatlar, qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish kabi tarmoqlar muhim ahamiyat kasb etadi.

6. Buyuk Britaniya

  • YaIM: 3,16 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 46 370 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: -0,3 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 3 foiz

Birlashgan Qirollik iqtisodiyoti xizmatlar, ishlab chiqarish, moliya va ijodiy sohalarning aralashmasidan iborat. London butun dunyo bo‘ylab xorijiy investitsiyalarni jalb qiluvchi moliyaviy markaz sifatida nom qozongan.

7. Fransiya

  • YaIM: 2,92 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 44 410 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: 0,7 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 2,78 foiz

Fransiya iqtisodiyotida aviatsiya, sayyohlik, hashamatli buyumlar va qishloq xo‘jaligi kabi sohalar muhim ahamiyat kasb etib, diversifikatsiya darajasi yuqoriligi bilan ajralib turadi.

8. Italiya

  • YaIM: 2,17 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 36 810 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: 0,7 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 2,06 foiz

Italiya Yevropa Ittifoqidagi uchinchi yirik iqtisodiyot bo‘lib, mamlakat o‘zining nufuzli va ilg‘or biznes sektori, raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi sanoati bilan mashhur.

9. Kanada

  • YaIM: 2,09 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 52 720 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: 1,5 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 1,99 foiz

Kanada iqtisodiyoti asosan neft, gaz, minerallar va yog‘och kabi tabiiy resurslarga bog‘langan.

10. Braziliya

  • YaIM: 2,08 trln dollar
  • Aholi jon boshiga YaIM: 9670 dollar
  • Yillik YaIM o‘sish sur’ati: 0,9 foiz
  • Global YaIMdagi ulushi: 1,98 foiz

Braziliya iqtisodiyotida qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, ishlab chiqarish va xizmatlar katta ahamiyat kasb etadi. Mamlakat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha eng yirik global markazlardan biridir.

Mintaqalar kesimida eng yirik iqtisodiyotga ega davlatlar:

  • Afrika: Nigeriya (506,6 mlrd dollar)
  • Osiyo: Xitoy (19,4 trln dollar)
  • Yevropa: Germaniya (4,3 trln dollar)
  • Yaqin Sharq: Saudiya Arabistoni (1,1 trln dollar)
  • Shimoliy va Markaziy Amerika: AQSh (26,9 trln dollar)
  • Okeaniya: Avstraliya (1,7 trln dollar)
  • Janubiy Amerika: Braziliya (2,1 trln dollar)

Ma’lumot uchun, 2022 yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti ilk marta 80 mlrd dollardan oshib, 80,4 mlrd dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich joriy yilda 84 milliarddan oshishi kutilyapti. Bu bilan, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 0,08 foizni tashkil etadi.

Mavzuga oid