Jahon | 16:21 / 05.10.2023
85555
18 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistondagi mashhur jinoiy avtoritet Kolya Qirg‘iz o‘ldirildi. U haqida nimalar ma’lum?

AQSh o‘z vaqtida ushbu «vorzakon» haqidagi ma’lumot uchun 5 mln dollar mukofot e’lon qilgandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida 4 oktyabr kuni maxsus operatsiya davomida qonunlarga bepisand o‘g‘ri Qamchibek Qo‘lboyev yo‘q qilindi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi uyushgan jinoiy guruh rahbarini ushlash amaliyoti vaqtida u qurolli qarshilik ko‘rsatgani va otib o‘ldirilganini ma’lum qilgan.

«Qamchibek Asanbekning qurol bilan MXDQ xodimlarining hayoti va sog‘ligiga tajovuzkorona harakatlari natijasida maxsus bo‘linma xodimlari javob tariqasida o‘q uzishga majbur bo‘lgan», — deyiladi maxsus xizmatlarning rasmiy xabarida.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev ham Qo‘lboyevning yo‘q qilinishini izohladi.

«Men MXDQ raisi sifatida ko‘p bor ogohlantirdim. Hamma qonunbuzarlar qonun oldida javob berishadi deb ko‘p takrorlab keldim. Shunga qaramasdan, kechagi voqeada jinoyat olami yana bosh ko‘tardi. MXDQ maxsus operatsiyasiga qarshilik ko‘rsatdi. Ular bizning xodimlarga qo‘l ko‘tarishgani, o‘t ochishgani haqida ma’lumotga egasizlar. Shu bois, qonunlarga bepisand o‘g‘ri yo‘q qilindi.

Men kriminal avtoritetning yon-atrofida bo‘lganlarning barchasiga rasman ta’kidlab o‘tmoqchiman. Agar kimdir qonunni buzishga urinsa, noqonuniy xatti-harakatlarga qo‘l ursa, qonun doirasida jazolanadi. Jazolanganda ham qat’iy jazolanadi. Agar biror jinoiy to‘da bosh ko‘tarsa, biz bu boshni kesamiz. Men buni ochiq aytyapman. Shuning uchun yana bir bor eslataman, agar kriminal avtoritetning yon-atrofidagi kimdir qonunlarni buzishga urinsa, biz qonun doirasida uni qat’iy jazoga tortamiz», — degan Tashiyev.

Qo‘lboyev 5 oktyabr kuni o‘zi tug‘ilgan Cho‘lponotada dafn etildi. Uning janoza marosimida 5 mingdan ziyod kishi ishtirok etgani xabar qilingan.

Qamchibek Qo‘lboyev — shubhasiz, kuchishlatarlar uchun yoqimsiz shaxs bo‘lgan. U bilan hisoblashishga majbur bo‘lishgan. Turli davrlarda u ko‘plab siyosatchilar, jumladan, davlatning birinchi shaxslari bilan aloqada bo‘lgan. Qirg‘izistonning 24.kg tahririyati eng katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kriminal yetakchilardan birining hayotidan xarakterli faktlarni to‘plab chiqdi.

«Hurmatli oqsoqol» va restorator

Qamchibek Qo‘lboyev 1974 yil 3 avgustida Issiqko‘l oblastining Cho‘lpon-Ota shahrida tug‘ilgan. So‘nggi vaqtlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va OAV uni Qamchibek Asanbek deb atay boshlagan — u rasman o‘z shaxsiy ma’lumotlarini o‘zgartirib, familiyasi sifatida otasi Asanbek Qo‘lboyevning ismini olgan.

2013 yilda Qamchibek Qo‘lboyev jinoiy hamjamiyat tuzish, narkotik moddalar va qurol saqlash, hokimiyat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qilish, odam o‘g‘irlash, bosqinchilik va ozodlikdan noqonuniy mahrum qilishda ayblanib sud qilinganda, uning advokati Sergey Manukyan shunday degan:

«Qamchibek Qo‘lboyev qonunlarni bepisand qiluvchi o‘g‘ri emas, hurmatli oqsoqol. Bizning qonunlarimizda biror joyda «qonunlarga bepisand o‘g‘ri» degan so‘z birikmasiga tushuntirish yo‘q. Ha, mening himoyam ostidagi shaxsga jinoiy guruh tuzish aybi qo‘yilmoqda, biroq bu tergov organining sub’yektiv fikri. Sudda bu vajlar tekshiriladi va men tomonimdan shubha ostiga olinadi».

Keyinroq Bishkek va Cho‘lpon-Otadagi bir necha restoranlar, pansionat va boshqa obektlar Qo‘lboyevga tegishli ekani aniqlangan. Jumladan, kecha kriminal avtoritet otib tashlangan «Blonder Pab» ham.

Risbek Akmatbayevga suiqasd

1990-yillar oxirigacha Qamchibek Qo‘lboyevni issiqko‘llik boshqa bir uyushgan jinoiy guruh yetakchisi Risbek Akmatbayevning yaqin do‘sti deb atashgan. Keyinchalik ularning yo‘llari ajralgan.

2000 yilda Akmatbayevga suiqasd uyushtiriladi. Risbek tirik qoladi, lekin uni kuzatib kelayotgan ikki kishi o‘ldiriladi. Bu jinoyatda keyinroq Qamchibek Qo‘lboyev ayblanadi. U 25 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Lekin muddatni oxirigacha o‘tamaydi, uni Petrovka qishlog‘idagi 8-jazoni ijro etish koloniyasidan manzil koloniyasiga o‘tkazishadi va Qo‘lboyev 2006 yilda u yerdan qochib ketadi.

Moskvada o‘tgan «toj kiydirish» marosimi

Kriminal olamda Qamchibek Qo‘lboyev «Kolya Qirg‘iz» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Unga 2008 yilda «toj kiydirilgan» va «vorzakon» («qonunlarga bepisand o‘g‘ri») statusiga ega bo‘lgan. «Vikipediya»da yozilishicha, u «Qirg‘iziston uyushgan jinoiy guruhi yetakchisi, qirg‘izlar ichida chiqqan ilk qonunlarga bepisand o‘g‘ri».

Unga 2008 yilning 23 aprelida Moskvada shaxsan Yaponchik laqabli V.Ivankov va Ded Hasan tomonidan «toj kiydirilgan». «Kristall» ko‘ngilochar kompleksida bo‘lib o‘tgan yig‘inda jinoiy elitaning 30 ga yaqin vakillari to‘plangan. «Qo‘lboyev «Moldovanovkadagi 31-kolonnada «qarab turuvchi» («smotryashchiy») bo‘lgan», — deyiladi onlayn-ensiklopediyada.

Sudlar, hibslar, ko‘chishlar

«Toj kiygach» Qamchibek Qo‘lboyevni bir necha bor ushlab organ idoralariga keltirishgan, biroq hibsga olishmagan. Bu 2012 yilgacha davom etgan. 2010 yil aprelida Qirg‘izistonda hukumat o‘zgargach, mamlakatda uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi «misli ko‘rilmagan kurash» e’lon qilinadi. Qo‘lboyev o‘shanda Qirg‘izistonni tark etib, uzoq vaqt chet ellarda yashirinib yuradi. IIV xabariga ko‘ra, 2012 yil dekabrida kriminal avtoritet o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘ladi va BAAdan olib kelinadi.

Unga jinoiy hamjamiyat tuzish, narkotik moddalar va qurol saqlash, hokimiyat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qilish, odam o‘g‘irlash, bosqinchilik va ozodlikdan noqonuniy mahrum qilish ayblovlari qo‘yiladi.

Sud bir yildan uzoqroq davom etadi. 2014 yil may oyida yakuniy ayblov hukmi o‘qiladi — uch yil qamoq jazosi. Garchi prokuratura vakili uni 14 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan bo‘lsa ham.

Biroq Bishkekning Birinchi may rayon sudi uni qolgan barcha moddalar bo‘yicha oqlab, faqat tovlamachilikda ayblab, 5,5 yilga qamash to‘g‘risida hukm chiqaradi. Apellyatsiyada shahar sudi hukmni biroz yumshatib, 3 yil qamoq jazosi belgilaydi. Yuqori instansiya hukmni o‘z kuchida qoldiradi.

Yana bir qo‘lga olish 2020 yil 21 oktyabrda ro‘y beradi. Kolya Qirg‘izga «Jinoiy tashkilot tuzish yoki unda ishtirok etish» moddasi bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotgani haqida bildirishnoma berishadi. Bishkek shahar sudi qarori bilan u mamlakatni tark etmaslik to‘g‘risidagi tilxat bilan qo‘yib yuboriladi. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi tushuntirishicha, Qamchibek Qo‘lboyevga nisbatan ehtiyot chorasi o‘zgartirilganiga sabab, gumondorning qarindoshlari idora depozit hisobvarag‘iga 49,6 million so‘m kiritgani bo‘lgan. 2023 yil avgustida jinoiy ish da’vo muddati o‘tgani tufayli harakatdan to‘xtatilgani ma’lum bo‘ladi.

«Kriminal avtoritet Qamchibek Asanbek Qozig‘istonda transmilliy jinoiy tashkilot tuzganlikda gumon qilingan. Jinoyat 2007-2009 yillarda sodir etilgani bois, uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun da’vo muddati o‘tgan. Shu munosabat bilan MXDQ jinoiy ishni tergov qilishni to‘xtatdi», — deb xabar qilingan.

Yana bir qo‘lga olish 2022 yil noyabrida amalga oshirildi. Uni chegara nazorati zonasida ushlashgan. Uning yonidan o‘qotar qurollar — karabin va to‘pponchalar topilgan. O‘shanda u bilan birga 10 ga yaqin kishini ushlashgan. Ular Yettio‘g‘iz rayonidagi qirg‘iz-xitoy chegarasi yaqinida joylashgan «Bulat-M» ovchilik xo‘jaligidan qaytayotgandi.

Doo Chingiz o‘limiga aloqadorlik taxmini

Qo‘lboyevning o‘limini tasdiqlovchi MXDQ rasmiy xabarida shunday deyiladi: «Qamchibek Asanbekka nisbatan uning Doo Chingiz laqabli qarama-qarshi uyushgan jinoiy guruh yetakchisi Chingiz Jumagulovning o‘limiga aloqadorligi bo‘yicha fuqarolarning arizasiga ko‘ra tergovoldi surishtiruvlari olib borilmoqda».

Taxmin qilish mumkinki, organlar Qamchibek Qo‘lboyevni Jumagulovning o‘ldirilishini tashkillashtirish (buyurtma qilish)da gumon qilishgan.

2022 yil iyul oyida Bishkekdagi tergov izolyatorlaridan birining kamerasida Chingiz Jumagulovning jasadi topilgan edi. Unga pichoq yordamida ko‘plab jarohatlar yetkazilgan va bo‘ynidan so‘yilgan.

Bu voqeadan bir necha kun avval Doo Chingizni MXDQ xodimlari ushlashgan va jinoiy guruh tashkil qilish va tadbirkorlardan tizimli ravishda pul talab qilishda ayblashgan. Uni maxsus xizmatlar ushlaganiga qaramay, u Bishkekdagi 1-tergov izolyatoriga o‘tkazilgan va ikki hafta ichida so‘yib ketilgan.

Uyushgan jinoiy guruh a’zosi o‘limida tergov organlarining to‘qqiz xodimi ayblangan. Ulardan biri Sanjar Saparbekov bo‘ladi.

Ma’lumot uchun 5 mln dollar

AQSh Davlat departamenti avvalroq Qamchibek Qo‘lboyevning hibsga olinishi olib keladigan va uning jinoiy tashkiloti moliyaviy sxemalarini vayron qiladigan ma’lumot uchun mukofot e’lon qilgan edi.

2007 yilda AQSh hukumati Qo‘lboyevni Qirg‘izistondagi «eng ta’sir kuchi katta jinoiy guruh lideri» deb atagandi.

2011 yilda Barak Obama ma’muriyati uni «xorijlik yirik narkotik sotuvchisi» deb topib, qonunga ko‘ra unga «xorijiy narkabaron» statusini bergan.

2012 yilda AQSh Moliya vazirligi Qo‘lboyevni «Birodarlik doirasi» jinoiy sindikati a’zolari ro‘yxatiga qo‘shgan. 2017 yilda AQSh Moliya vazirligi Qo‘lboyev qonunlarga bepisand o‘g‘rilar nomidan harakat qilayotganini ta’kidlagan.

Kriminal avtoritet to‘g‘risidagi ma’lumotlar uchun rag‘batlantirish AQSh Davlat departamentining transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha mukofotlash dasturi (TOCRP) doirasida taqdim etilgan. Ushbu dastur va Narkotik savdosi to‘g‘risida ma’lumotni rag‘batlantirish dasturi (NRP) yordamida u ta’sis etilgan 1986 yildan buyon 75 dan ortiq transmilliy jinoyatchilar va narkotik savdogarlari javobgarlikka tortilgan.

Shov-shuvli fotosuratlar

Turli siyosatchilarning Qamchibek Qo‘lboyev bilan aloqalari haqida doim gapirib kelingan. OAV uning amaldorlar va deputatlar bilan birga tushgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib turgan.

2011 yilda Qirg‘izistonda mojaro ko‘tariladi: ijtimoiy tarmoqqa «Kapriz» hotelida yangi yil bazmi nishonlangani suratlari sizdirildi. Bu dam olish zonasida parlament spikeri Ahmadbek Keldibekov ham bo‘lgan. Qamchibek Qo‘lboyev ham shu yerda dam olgan. Garchi ikkisi bir davrada bo‘lganini tasdiqlovchi qo‘shma fotosurat e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, 2011 yil 1 yanvarida tushirilgan alohida ikki fotosurat siyosatchi va uyushgan jinoiy guruh lideri bir binoda bir vaqtda bo‘lganini tasdiqlaydi. Keyinroq IIV JQBB boshlig‘i Tilak Aliboyev bu ikkisi bir kunda uchrashishganini tasdiqlagan.

Qamchibek Qo‘lboyev (o‘ngdan ikkinchi) va uning yonida parlament deputati Ulan Cho‘lponboyev
Ulan Cho‘lponboyev o‘sha tadbirda Ahmadbek Keldibekov bilan birga.

2020 yilda hukumat almashgach, Qo‘lboyevning o‘sha vaqtdagi bosh vazir o‘rinbosari Ravshan Sobirov bilan birga tushgan fotosi e’lon qilindi. Ular 47-jazoni ijro etish koloniyasida birga jazo o‘tashgan. Suratda kriminal avtoritetlardan Baqit Abdubaitov (Baxa Bazarkorgonskiy), Miki va «polojyenets» Damir Saparbayev (laqabi Damke, u 2015 yilda o‘ldirilgan) ham tasvirlangan.

Ravshan Sobirov (chapdan oltinchi) Qamchibek Qo‘lboyev (o‘rtada) bilan birga jazoni o‘tagan.

Keyinroq Ravshan Sobirov kriminal avtoritet bilan aloqalari borligini rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u chindan ham Qo‘lboyev bilan bitta muassasada jazo o‘tagan, biroq qamoqdan so‘ng u bilan ko‘rishmagan va aloqa qilmagan.

O‘g‘illar do‘stligi

Jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘lgan yana bir fotosurat 2022 yil avgustida tarqaladi: unda prezident Sadir Japarovning o‘g‘li Rustam Qamchibek Qo‘lboyevning o‘g‘li bilan birga suratga tushgan. Suratda yana Bojxona xizmati rahbarining korrupsiyada aybdor deb topilgan sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimovning o‘g‘li Bakay ham bor.

Sadir Japarovning o‘g‘li o‘rtada, Qamchibek Qo‘lboyevning o‘g‘li pastki chap burchakda Hasbik bilan birga.

Bolalar UFC chempioni Habib Nurmagomedov va bloger Hasbik bilan birga suratga tushishgan.

Sadir Japarov bilan aloqalar

2020 yil dekabrida o‘shanda Qirg‘iziston prezidentligiga nomzod bo‘lgan Sadir Japarov Qamchibek Qo‘lboyev bilan tanish ekanini tasdiqlagan. Bo‘lajak davlat rahbari MXDQ tergov izolyatorida o‘tirganida bir marta kriminal avtoritetni ko‘rganini aytgandi.

«2010 yildan keyin MXDQ izolyatorida o‘tirganimda bizni Qamchibek Qo‘lboyev bilan yuzlashtirishdi va o‘shanda uni taniganman. O‘shanda uni Saudiya Arabistonidan ushlab keltirishgan. Biz bir-birimizga qarshi o‘tirib, tergovchining savollariga javob berganmiz. Tergovchi 2010 yilgi voqealar to‘g‘risidagi ishni olib borayotgan edi. Shundan so‘ng uni ko‘rmadim», — degan Sadir Japarov.

Lekin, keyinroq aniqlanishicha, ular bir necha marta uchrashishgan. Qirg‘iziston Jogorku Kengeshi deputati Janish Xudaybergenov Qamchibek Qo‘lboyev ishi bo‘yicha sud jarayonida kriminal avtoritetning uyida Sadir Japarovni ko‘rganini aytgan. Uning ko‘rsatmalariga ko‘ra, 2010 yilda Japarov Qo‘lboyevning uyida bo‘lgan.

Qimmatbaho sovg‘a-salomlar

Qamchibek Qo‘lboyev ko‘plab kriminal avtoritetlar singari milliy sportchilarni qo‘llab-quvvatlagan. Xususan, u kurash bo‘yicha jahon chempioni Oysuluv Tinibekovaga mashina sovg‘a qilgani ma’lum.

Sportchi qizning o‘zi ham undan sovg‘ani qabul qilib olganini tan olgan va uni «og‘am» deb atagan.

«2017 yili Parijda o‘tgan jahon chempionatida muvaffaqiyatli qatnashganimdan so‘ng u menga yap-yangi Toyota C-HR avtomobilini sovg‘a qildi. Agar rostini aytadigan bo‘lsam, o‘sha yili men jarohat olib, ezilib yurgan edim, lekin siz (Qo‘lboyev) meni qo‘llab-quvvatladingiz va yangi cho‘qqilarni zabt etishga chog‘lantirdingiz. Sizga qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun tashakkur bildiraman», — deb yozgan chempion qiz.

Oilasi haqida

Qamchibek Qo‘lboyevning besh nafar farzandi borligi ma’lum — uch qizi va ikki o‘g‘li, nevaralari ham bor. Uni Bishkek va Cho‘lpon-Otaning turli muassalarida oilasi bilan birga ko‘p ko‘rishgan. 

Qamchibek Qo‘lboyev katta farzandlari bilan

U farzandlarining barcha to‘ylarida shaxsan ishtirok etgan. To‘ng‘ich qizi Sanirani 2017 yilda turmushga uzatgan. Otaning qizi bilan raqsga tushgani kadrlari o‘shanda ham keng muhokama qilingan edi.

Qamchibek Qo‘lboyev qizi bilan to‘yda raqsga tushmoqda.

Ikkinchi qizi Erkaoyimning to‘yi 2021 yil martida bo‘lib o‘tdi. Qo‘lboyevga Ruslan ismli 25 yoshli yigit kuyov bo‘ldi. To‘y diniy marosim shaklida o‘tkazilgan, «Arzu Grand» to‘yxonasida nikoh marosimi o‘tkazilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qamchibek Qo‘lboyev onasi Maya Aliyevni 70 yoshlik yubileyi bilan tabriklayotgani haqidagi rolik ham tarqalgan edi.

Mavzuga oid