Iqtisodiyot | 17:31 / 06.10.2023
47141
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq qo‘mitasi Yandex Go'dan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tib, soliq to‘lashni talab qildi

Rossiya taksi agregatoriga nisbatan noroziliklar fonida, soliq organi kompaniyadan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tib, belgilangan soliqlarni to‘lash va mijozlarga chek bera boshlash talabini qo‘ydi. Bu talab 1 dekabrgacha bajarilmasa, Yandex Go O‘zbekistonda bloklanishi mumkin.

Foto: Yandex Go

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi Yandex Go taksi agregatori bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan noroziliklarga munosabat bildirdi.

Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, joriy yilning sentabr oyida O‘zbekistondagi Yandex Go servisiga egalik qiluvchi Ridetech International B.V. kompaniyasiga (Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan) 2 oy muddatda o‘z faoliyatini qonun hujjatlari asosida tashkil etish bo‘yicha quyidagi talablar qo‘yilgan:

  1. Faoliyatni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tish va belgilangan soliqlarni to‘lash;
  2. Soliq organlari axborot tizimi bilan integratsiyalashuvni ta’minlash va mijozlarga avtomatik shakllantiriladigan fiskal chek taqdim etish.

Qayd etilishicha, yuqoridagi talablarni bajarish uchun 2023 yil 1 dekabrgacha muhlat berilgan.

Aks holda, Soliq qo‘mitasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga Yandex.Go kompaniyasining O‘zbekiston hududida agregator sifatida foydalanib kelinayotgan elektron platformadan foydalanishni bloklash bo‘yicha rasmiy murojaat qilishini ma’lum qildi.

Qo‘mita bayonotiga “Yandeks” kompaniyasi rasmiy izoh berdi.

“Yandex Go O‘zbekistonda odatdagidek ishlamoqda va shunday davom etadi. Biz Soliq qo‘mitasi bilan mahalliylashtirish mavzusida muloqot olib boryapmiz va bozor amaliyoti ustida hamkorlikda ishlayapmiz.

Taksi onlayn buyurtma berish xizmatlarida fiskal tushumlar bozor uchun ko‘p mehnat talab qiladigan jarayondir. Biz mamlakatda Davlat soliq qo‘mitasi bilan bu borada hamkorlikni boshlagan birinchi platformamiz”, – deyiladi izohda.

O‘zbekistonning ko‘plab katta shaharlaridagi taksi agregatorlari bozorida ustun mavqega ega Yandex Go O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagani, shu sababli soliq to‘lamasligi, mijozlariga fiskal chek bermasligi va boshqa holatlar bir necha bor jamoatchilik faollari tomonidan muhokama qilingan edi.

Soliq qo‘mitasi 2023 yil mart oyida bergan izohida servisga egalik qiluvchi Ridetech International Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgani, O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasida esa daromadlarga ikki tomonlama soliq solishning oldini olish to‘g‘risida  shartnoma borligini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid