O‘zbekiston | 22:01 / 07.10.2023
44216
7 daqiqa o‘qiladi

“Al-Aqso to‘foni” qanday geosiyosiy fonda ro‘y bermoqda?

7 oktyabr tongida HAMAS Isroil tomon yoppasiga raketa hujumlarini amalga oshirib, ayrim aholi punktlarini nazoratga olishga intila boshladi. Buning ortidan Isroil ham G‘azo bo‘lgasiga javob zarbalarini yo‘llamoqda. Kun.uz muxbiri vaziyatni tahlil qilish uchun siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga savollar bilan yuzlandi.

— Operatsiyaning birinchi 20 daqiqasida 5 mingga yaqin raketa uchirilgan degan xabarlar bor. HAMASning bu hujumi butun Falastin hukumati irodasini anglatadimi?

— Falastinda 2 ta katta siyosiy kuch bor. Biri – hokimiyatdagi Mahmud Abbos va uning nazoratidagi g‘arbiy sohil, qolaversa G‘azo sektori. G‘azoda HAMASning ta’siri kuchliroq. Asosiy masala – Falastindagi ichki siyosiy vaziyat va geosiyosiy vaziyat. Rasmiy Pekin vositachiligida Saudiya va Isroil yarashdi. O‘sha paytda Isroil buni xavotirli qabul qildi. Chunki mintaqadagi ikki qudratli davlat yarashishini o‘ziga nisbatan xavf deb bildi. Isroil bosh vaziriga e’tirozlar bo‘ldiki, biz uchun bu yarashuv tahdidi bo‘ldi, degan. Isroil siyosatiga ko‘ra, mintaqadagi musulmon davlatlari birlashmasligi kerak. Lekin keyingi paytda bu narsa amalga oshdi.

Sentyabrdagi BMT sessiyasida Xitoy raisining birinchi o‘rinbosari Falastin mavzusini birinchi bo‘lib ko‘tardi. Shu paytgacha bu borada Xitoy neytral edi. Lekin so‘nggi paytlarda Xitoy Falastinni homiylikka olayotgandek. 1967 yildagi chegaralar bo‘yicha Falastin davlati tuzilishi mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikning yagona sharti, deb aytib o‘tdi Xitoy tarafi. Bu shartni Isroil qabul qilolmaydi. Qolaversa, AQSh hokimiyatida bugun demokratlar. Ya’ni Isroil tashkil topgandan buyon uning homiysi AQSh. AQSh BMTdagi vetolarining 80 foizini Isroilni himoya qilish uchun ishlatgan. Faqat Obama prezidentlik davridagina AQSh Isroilni himoya qilish uchun veto bermadi. Tramp davrida esa juda yuqori darajada qo‘llab-quvvatladi. Hozirgi kunda AQShning qo‘llovi Tramp davridagiday emas.

Har bir katta voqeaning yashirin geosiyosiy motivlari, sabablari bo‘ladi. Dunyoda, Ukraina urushi fonida kollektiv G‘arb va AQShga nisbatan yig‘ilib qolgan e’tirozlarni bildirish ko‘payib boryapti. Eron va Saudiya o‘rtasida Falastin masalasida ma’lum bir kelishuvlar bo‘lishi mumkin.

Bu hujumlarni Falastin xalqi qo‘llaydi deb o‘ylayman. O‘tgan davrda BMTda eng ko‘p tanqidga uchragan davlat – Isroil. 1967 yilgi chegaradan keyin ham G‘azoni, g‘arbiy sohilni va boshqa hududlarni egallab olayotgan aynan Isroil. Falastinning o‘tgan 70 yilda to‘planib qolgan noroziligi mavjud.

— Ozarboyjon va Armaniston ziddiyatida Isroil Ozarboyjonni qo‘lladi. Nega bunday?

— Qorabog‘ masalasida geosiyosat asosiy rol o‘ynadi. Yaqin Sharqda geosiyosatdan tashqari diniy va tsivilizatsion omil ham kuchli. Isroil Ozarboyjonni qo‘llashiga sabab Ozarboyjon orqali Eronga bosim qilish mumkin. Chunki Isroilning mintaqadagi birinchi raqamli dushmani – Eron. 1979 yilgi inqilobdan so‘ng Eron Isroilni mintaqadagi eng katta opponenti deb bilgan. Isroil Eronga qarshi ekanini ko‘rsatish uchun Ozarboyjonga yordam beradi.

Yaqin Sharqda odatda mintaqaning yirik davlatlari hamjihat bo‘lmagan. Bir tomondan Saudiya, ikkinchi tomondan Eron, uchinchi tomondan Turkiya. Turkiya Erdo‘g‘an davrigacha Isroil bilan normal aloqalarda bo‘lgan davlat hisoblanadi. Mintaqadagi 3 ta musulmon davlat Isroilni tan olgan: Turkiya, Misr, Iordaniya. Arab davlatlari ichida Isroilga pozitsiyani bir xil saqlash kelishuvi bor. Tramp davrida bosimlar bilan ba’zi arab davlatlari Isroil bilan aloqalar o‘rnatishga majbur bo‘ldi.

— Isroil razvedkasi bu hujumlarni bilmagan bo‘lishi mumkinmi?

— Isroil razvedkasi bu hujumlarni taxmin qilgan bo‘lishi mumkin. HAMASga qanday javob qaytarishini bilmaymiz, lekin odatda Isroil noproporsional agressiv javob berib kelgan shu paytgacha. Isroil ba’zida bo‘ladigan hujumlarni bilsa ham jim turadi, dunyo hamjamiyatiga o‘zini qurbon sifatida ko‘rsatadi va katta qarshi hujum qiladi.

2004-05 yillarda Isroil 11 sentabr voqealari fonida terrorizmga qarshi kurash bahonasi bilan Falastinning muhim ma’muriy binolari, infratuzilmasini yo‘q qilgan edi. Isroilni mintaqadagi o‘ta agressiv davlat deyish mumkin.

— Netanyahu Isroil va Saudiya Arabistoni “tarixiy tinchlik yoqasida” degan edi, ushbu fonda tashqi ta’sir qanday?

— Saudiya bilan Isroil munosabatlari Tramp davrida iliqlashib bordi, bunga ikki omil bor edi: Eronning umumiy dushman ekani va Trampning bosimi. Kutilmaganda Eron va Saudiya yarashuvi AQShni g‘azablantirdi. Saudiya so‘nggi 5 yil ichida AQSh geosiyosatidan ancha uzoqlashdi. Yaqinda BAA bilan birgalikda BRIKSga ham ariza berdi. Bilamizki, BRIKS global maydonda yangi iqtisodiy kuch va dollar gegemoniyasiga chek qo‘yish harakatidagi birlashma. Saudiya ham Turkiya kabi global janub davlatlari bilan AQSh geosiyosatidan chekinyapti.

— HAMASning harakatlarida Eron va Saudiyaning roli bormi?

— Menimcha, bor. Bunday masalalar yopiq qoladi, lekin taxmin qilish mumkin. Saudiya va Eron yakdil bo‘lib Falastinni qo‘llasa, AQShning ham, Isroilning ham vaziyati ancha qiyinlashib qoladi. Chunki Saudiya – Fors ko‘rfazi arab davlatlari ichida yaqqol lider. Boshqa arab davlatlari ham Saudiyaga quloq soladi. Bu vaziyatda Erdo‘g‘an ham Falastin davlatining tashkil topishini xohlaydi.

— G‘azodagi HAMASni dastaklovchi mintaqadagi asosiy kuch markazlari qaysilar?

— Ko‘proq xorijiy davlatlar. Moliyaviy masalada oldinlari Falastin davlatini zakot orqali qo‘llash juda kuchli edi. Lekin siyosiy qo‘llash sovet ittifoqi nazoratida edi. Ittifoq qulagach, ma’lum muddat qo‘llovchisi yo‘qoldi. Bugungi kunda Xitoy shu vazifani o‘tashni sinab ko‘rmoqchi.

AQSh Sharqiy Turkiston mustaqilligini qo‘llash niyatida, bunga javoban esa Xitoy Falastinni qo‘llamoqchi.

11 sentabr voqealaridan keyin AQSh bosimi bilan zakot orqali mablag‘ kelishi to‘xtatildi. Qatar davlati rasmiy ravishda Falastin hukumatiga ma’lum bir mablag‘lar berib keldi. Keyingi davrda Falastinni qo‘llash darajasi oshib boraveradi.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid