Jahon | 12:15 / 07.10.2023
5388
2 daqiqa o‘qiladi

Ispaniya raketasi birinchi marta suborbital parvozni amalga oshirdi

Miura 1 mini-raketasi 46 kilometr balandlikka ko‘tarildi va atigi besh daqiqalik parvozdan so‘ng Atlantika okeaniga qo‘ndi. Bu - Yevropada birinchi shunday xususiy parvoz.

Foto: Getty images

Ispaniyaning PLD Space kompaniyasi 7 oktyabr, shanba kuni Miura 1 suborbital raketa tashuvchini uchirdi. Bu - Yevropada birinchi xususiy raketa parvozi. El Mundo gazetasining yozishicha, u Ispaniyada to‘liq ishlab chiqilgan va qurilgan birinchi raketa bo‘lib, uning uchirilishi aniq ob-havo sharoitini talab qiladi. «Uchirishning yakuniy maqsadi texnologiyani real sharoitda sinab ko‘radigan birinchi parvoz sinovlarini o‘tkazishdir», — deyiladi ma’lumotda

Raketa Kadis ko‘rfazidan 46 kilometr balandlikka ko‘tarildi va bor-yo‘g‘i besh daqiqa parvozdan so‘ng Atlantika okeaniga qo‘ndi, u yerda kompaniya jamoasi uni suvdan olib chiqishi kerak. Balandligi 11 metr, yuk ko‘tarishi 100 kg bo‘lgan mini-raketa 35 metr balandlikdagi ikki pog‘onali raketa tashuvchi - Miura 5’ni yaratishda birinchi qadamdir. PLD Space kompaniyasining rejasi Miura 5 raketalaridan og‘irligi 500 kilogrammdan kam bo‘lgan tijorat va ilmiy sun’iy yo‘ldoshlarni 2025 yildan boshlab Yer past orbitasiga olib chiqish uchun foydalanishdan iborat. Miura 1 uchun ishlab chiqilgan komponentlarning 70 foizi Miura 5 uchun ishlatilishi rejalashtirilgan. 

May oyida raketa parvozining birinchi urinishi kuchli shamol tufayli to‘xtatilgan edi. Iyun oyidagi ikkinchi urinish avionika bo‘shlig‘idagi kabellar o‘z vaqtida uzilmagani tufayli raketadan tutun va alanga paydo bo‘lishi sababli muvaffaqiyatsiz tugadi.

Mavzuga oid