Jahon | 07:40 / 07.10.2023
15461
10 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi kengayishga tayyor: asosiy nomzod kim?

Nomzodlardan qaysi biri Yevropa Ittifoqiga birinchi bo‘lib kiradi? Ukraina qanday qo‘llab-quvvatlanadi? Nima uchun Yevropa Ittifoqi yangi a’zolarni qabul qilishdan foyda ko‘radi? Nomzod mamlakatlarning farovonligi qachon yaxshilanadi? Bularning barchasi Yevropa Ittifoqining Granada sammitida muhokama qilindi.

Foto: Picture Alliance

6 oktyabr, juma kuni Granadada bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqining norasmiy sammitida YeI yetakchilari uning kelajagini muhokama qildi. Uchrashuv Yevropa Ittifoqining kengayish strategiyasi bo‘yicha keng va murakkab munozaralarning boshlanishi bo‘ldi. Gap nafaqat nomzod davlatlar, jumladan, Ukraina, Moldova va Gurjiston Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun nima qilishi kerakligi, balki Yevropa Ittifoqining o‘zi ham kengayishga qanday tayyorlanishi haqida bordi.

Masalan, qanday islohotlarni amalga oshirish kerak, qanday yangi qonunlar qabul qilish kerak, bu kengayish qanday moliyalashtiriladi, kabi savollar ko‘rib chiqildi. Xususan, Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa Ittifoqi tashqi va soliq siyosatida yakdillik tamoyilidan voz kechib, kelajakda hamma narsani ko‘pchilik ovoz bilan hal qilishi kerak, deb hisoblaydi. U, shuningdek, Yevrokomissiyaning kelajakdagi holati va Yevroparlamentda o‘rinlarni taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilishni taklif etyapti, bunda «shunchaki Yevrokomissiyani kengaytirib, yangi vazirliklar ixtiro qilish kerak emasligi» ta’kidlandi.

Yevropa Ittifoqi - «yopiq klub emas»

Hozircha gap keyingi kengayish 2030 yilda sodir bo‘lishi kerakligi haqida boryapti. Estoniya bosh vaziri Kayya Kallas kabi ba’zi rahbarlar buni juda kech deb hisoblayapti. «O‘z navbatida, biz 2030 yilgacha tayyor bo‘lishimiz kerak. Tezlashtirishimiz kerak. Yevropa Ittifoqiga oxirgi marta yangi davlatni qabul qilganimizga ko‘p yillar bo‘ldi», - deydi u. Kallasning so‘zlariga ko‘ra, Chernogoriya kabi kichik davlatlar Yevropa Ittifoqiga deyarli sezilmay qo‘shila oladi, yiriklari esa ko‘p mehnat talab qiladi. Shu tariqa, uning taklifi kichikroq mamlakatlarni qabul qilishdan boshlash va Yevropa Ittifoqi «yopiq klub emasligini» namoyish etishdan iboratdir. Kengayishning so‘nggi bosqichi Yevropa Ittifoqida o‘n yil oldin, Xorvatiya unga qabul qilinganda sodir bo‘lgan.

Biroq, Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish hajmga emas, balki faqat qilingan ishlarga ko‘ra baholanadi, deb ta’kidladi Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel. Muddatlar - zarur shartlarni o‘z vaqtida bajarish uchun sabab, deydi u: «Har kim o‘z majburiyatlarini bajarishi kerak bo‘lgan sanani belgilash to‘g‘ri bo‘lar edi». Shu bilan birga, nafaqat nomzodlar, balki Yevropa Ittifoqi ham o‘z majburiyatlarini bajarishi kerak, dedi u. 

Foto: Reuters

Mishelning so‘zlariga ko‘ra, kengayishga tayyorgarlik ko‘rish uchun Yevropa Ittifoqi uchta savolga javob berishi muhim: «biz birgalikda nima qilishni xohlaymiz, ya’ni ustuvorliklarimiz va umumiy siyosatimiz nima?», «biz kattalashish uchun qanday to‘laymiz, sababi pul haqida gap ketganda, bu har doim qiyin savol» va «qanday qilib birgalikda qaror qabul qilamiz?». U joriy sammitni buning uchun boshlang‘ich nuqta deb atadi va javoblarni ishlab chiqish uchun oxirgi muddat sifatida 2024 yil yozini belgiladi. 

Yevropa Ittifoqining maqsadi - mudofaa qobiliyatini mustahkamlash

Ustuvorliklar va umumiy siyosat nuqtai nazaridan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Granadada yetakchilar Yevropa Ittifoqining «mudofaa tayyorgarligini kuchaytirish va mudofaa qobiliyatiga sarmoya kiritish, texnologik va sanoat bazasini rivojlantirish»ga qaror qildi. «Shuningdek, biz harbiy harakatchanlik, kosmosdagi chidamlilik hamda kiber va gibrid tahdidlarga qarshi kurashish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bo‘ylab xorijiy axborot manipulyatsiyasiga e’tibor qaratamiz», — deyiladi sammitning yakuniy deklaratsiyasida. Yaqin haftalarda Yevropa komissiyasi mudofaa sanoatini rivojlantirish strategiyasini taqdim etadi, dedi uning rahbari Ursula fon der Lyayyen sammitda.

Foto: RIA Novosti

Shuningdek, Yevropa Ittifoqining yagona bozorini rivojlantirish, fuqarolarning arzon energiyadan foydalanishini ta’minlash, Yevropa Ittifoqining energiya suverenitetini oshirish va boshqa muhim sohalarda tashqi sub’yektlarga qaramlikni kamaytirishga qaror qilindi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqining kengayishi tinchlik va xavfsizlikka geostrategik sarmoyadir, deb hisoblaydi uning a’zolari.

Kengayishni hamma qo‘llab-quvvatlayapti

Yevropa uchun kengayish ajoyib narsa bo‘ladi, deydi Irlandiya bosh vaziri Leo Varadkar. Unga ko‘ra, bu, birinchi navbatda, Yevropa Ittifoqi asos solgan qadriyatlarni mustahkamlash uchun kerak: «U demokratiyani mustahkamlash, inson huquqlarini kafolatlash va Yevropa iqtisodiyotining o‘sishiga hissa qo‘shishga yordam beradi. Men Yevropa Ittifoqining nafaqat Ukraina, balki Bolqon davlatlari hisobiga ham kengayishini olqishlayman». 

Qo‘shma bayonotda Yevropa Ittifoqiga yangi davlatlarning qabul qilinishi «Yevropa fuqarolari hayotining iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash va iqtisodiy rivojlanish darajasi o‘rtasidagi tafovutni pasaytirish uchun harakatlantiruvchi kuch» deb ataldi. 

«Imkoniyatlar oynasi tezda yopiladi»

«Biz hozirda moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlayotgan mamlakatlar Yevropa Ittifoqiga qo‘shilganda, konvergensiya bo‘ladi va bu mamlakatlarning farovonligi oshadi, shuning uchun ular keyin ko‘p yordamga muhtoj bo‘lmaydi», deydi Kayya Kallas. U Estoniyaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi tufayli mamlakat va uning aholisi farovonligi qanday oshganini ijobiy misol deb atadi: 2004 yilda Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish paytida Estoniya YaIM YeI mamlakatlari uchun o‘rtacha yalpi ichki mahsulotning 48 foizini tashkil etgan, hozir esa u 80 foizga yetdi.

Foto: Reuters

«Biz juda qiyin islohotlarni amalga oshirishimiz kerak edi, bunga dosh berish uchun juda katta iroda talab etildi, lekin biz buni qildik va bu borada hech kimga imtiyozlar berilmaydi», - deya ogohlantirdi bosh vazir. U o‘z tajribasiga asoslanib, imkoniyatlar oynasi «jamiyat bu islohotlar azobiga dosh berishga tayyor bo‘lganida» tezda yopilishini ta’kidladi. «Agar biz undan foydalanmasak, bu mamlakatlar korrupsiyadan xalos bo‘lmasa, qiyin bo‘lishi mumkin», dedi u. Shunday ekan, YeIning bo‘lajak a’zolari, xususan, qonun ustuvorligi sohasida, Yevropa Ittifoqiga kirish tamoyiliga muvofiq, islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirishi kerak, deya xulosa qildi uning yetakchilari Granadada. 

Orban Ukrainaning Yevropa integratsiyasi maqsadga muvofiqligiga shubha bildirdi
 
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban tanqidiy fikrlar bilan chiqish qildi. Bir tomondan, u o‘zini Gurjiston Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishining katta tarafdori deb e’lon qildi, ammo uning Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lidagi taraqqiyotini oraliq baholash ko‘plab fundamental muhim mezonlar bo‘yicha Moldova va Ukrainanikidan pastroq. Boshqa tomondan, u Ukraina Yevropa integratsiyasining maqsadga muvofiqligiga shubha bilan qaradi. «Biz nima uchun Ukrainani integratsiya qilish Yevropa Ittifoqi uchun foydali bo‘lishini bilishimiz kerak. Bu qishloq xo‘jaligi, xavfsizlik, konsolidatsiya fondlari uchun qanday oqibatlarga olib kelishini tushunish lozim. Ukrainaning qo‘shilishi natijasida qishloq xo‘jaligi butunlay o‘zgaradi, biz bunga tayyormizmi?» – deb so‘radi u jurnalistlardan. 

Foto: Juan Medina/REUTERS

Orbanning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi hech qachon urishayotgan davlat bilan kengaymagan, shuning uchun bu borada «ko‘p shubhalar» bor. «Biz haqiqiy chegaralar qayerdaligini, u yerda qancha odam yashashini bilmaymiz, shuning uchun bu qiyin. Savollar juda ko‘p, biz buni jiddiy muhokama qilib, keyin qaror qabul qilishimiz kerak», - dedi Vengriya bosh vaziri. 

Ko‘pchilik Ukraina qabul qilinishiga ijobiy qarayapti
 
O‘z navbatida, Irlandiya bosh vaziri Varadkar «Ukraina va Moldovani Yevropa Ittifoqiga kirish yo‘lida juda qo‘llab-quvvatlashini», mamlakati Yevropa komissiyasi tomonidan ijobiy baholangan holatda, dekabr oyida ularning qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar boshlanishiga hissa qo‘shishini aytdi. YeK raisi Ursula fon der Lyayyen Granadada nomzodlarning a’zolikka tayyorligi to‘g‘risidagi hisobot noyabr oyining boshigacha dekabr oyida YeI kengashida muhokama qilish uchun taqdim etilishiga va’da berdi.

Xuddi shu matbuot anjumanida, Yevropa Ittifoqi kengashiga raisligi qilayotgan Ispaniya bosh vaziri v.b. Pedro Sanches va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel Yevropa Ittifoqiga yangi a’zolar, ayniqsa, G‘arbiy Bolqon mamlakatlari qabul qilinishi haqida hayajon bilan gapirdi. Sanchesning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukrainaning a’zo bo‘lishini «sezilarli ko‘pchilik» qo‘llab-quvvatlamoqda. 

Mavzuga oid