Afg‘onistonda kuchli zilzila: qurbonlar soni ikki mingdan oshdi
Afg‘oniston g‘arbidagi kuchli zilzila qurbonlari soni ikki ming kishiga yetgan. Bu haqda mamlakatni boshqarayotgan «Tolibon» rasmiysi yakshanba kuni ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ma’lumot yakuniy raqamlar emas. Jabrlanganlar soni o‘n mingga yaqinlashgan.
Toliblarning Qatarda bo‘lib turgan vakili Suhayl Shahin Al Jazeera telekanaliga juda ko‘pchilik bedarak yo‘qolgani haqida aytgan. Tabiiy ofatdan jabrlangan hududlarda palatkalar, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi kuzatilmoqda. U mahalliy tadbirkorlarga va nodavlat tashkilotlarga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishni so‘rab murojaat qilgan.
Avvalroq toliblar hukumati axborot va madaniyat vazirligi vakili Abdulvohid Rayan Associated Press agentligiga zilzila va undan keyingi kuchli aftershoklar oqibatida 2 mingdan ortiq kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, olti qishloq vayron bo‘lgan, yuzlab kishilar xarobalar ostida qolgan, omon qolganlar uchun esa favqulodda yordam ko‘rsatilishi talab etiladi.
AQSh Geologiya xizmatiga ko‘ra, 6,3 magnitudali zilzila shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 11 atrofida Hirotdan 40 km shimoli-g‘arbda ro‘y bergan.
Zilzila ortidan uchta kuchli aftershok kuzatilgan — 6,3, 5,9 va 5,5 magnitudali yer silkinishlari.
Kuchli aftershoklar qo‘shni Badgis va Farah viloyatlarida ham sezilgan.
Qutqaruvchilar tun bo‘yi xarobalar ostida omon qolganlarni qidirishgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, Hirot viloyatidagi kamida 12 qishloqda 4200 dan ortiq kishi yashab kelgan 600 dan ortiq uylar vayron bo‘lgan yoki qisman shikastlangan.
JSTning Afg‘oniston bo‘yicha bo‘limi Zindoh Janga yaralanganlarni shifoxonaga olib kelish uchun 12 ta tez yordam mashinalari yuborilganini ma’lum qilgan.
«Bu zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlar va jabrlanganlar haqida xabarlar kelishi davom etayotgani tufayli shifoxonalarda bo‘lib turgan jamoalar yaradorlarni da’volashda yordam ko‘rsatmoqda va talabni baholamoqda, — deyilgan BMT tvitter sahifasida. — JST taqdim etgan tez yordam mashinalari jabrlanuvchilarni tashimoqda, ularning aksari ayollar va bolalar».
Mamlakatda sog‘liqni saqlash tizimi juda yomon ahvolda, shifoxonalarda ko‘p miqdordagi jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar yo‘q. BMT va boshqa tashkilotlar mamlakatga insonparvarlik yordami yetkazishni boshlagan.
«Biz ofislarimizda edik va kutilmaganda bino titray boshladi. Devorlardan shtukaturka tushib keta boshladi, yoriqlar paydo bo‘ldi, ayrim devorlar va binolarning bir qismi qulab tushdi», - degan AFP agentligiga Hirotda yashovchi Bashir Ahmad.
«Men o‘z oilam bilan qo‘ng‘iroqlasha olmayapman, mobil aloqa ishlamayapti. Men juda xavotirdaman va qo‘rqyapman, bu juda qo‘rqinchli edi», - deya qo‘shimcha qilgan u.
«Tolibon» sog‘liqni saqlash vaziri tabiiy ofat ko‘lamini baholash uchun Hirotga tashrif buyurgan.
Hirot markaziy shifoxonasida olingan kadrlarda tomizgichlarga ulangan jabrlanuvchilarga ko‘chaning o‘zida yordam ko‘rsatilayotgani aks etgan.
Boshqa kadrlarda Hirotning Injil tumanidagi vayrongarchiliklarni ko‘rish mumkin, bu yerda yo‘llar to‘silib qolgani qutqaruvchilar faoliyatiga to‘sqinlik qilgan.
Hirot sharqdagi Eron bilan chegaradan 120 km masofada joylashgan va Afg‘onistonning madaniy poytaxti hisoblanadi. Jahon bankining 2019 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, viloyatda 1,9 mln atrofida kishi yashagan.
Afg‘onistonda, ayniqsa Hindikush tog‘li massivida tez-tez zilzilalar ro‘y berib turadi, chunki u Yevrosiyo va Hind tektonik plitalari tutashgan joyda joylashgan.
2022 yil iyunida Paktika viloyatida ro‘y bergan 5,9, magnitudali zilzila oqibatida 1000 dan ortiq kishi halok bo‘lib, o‘n minglab kishilar boshpanasiz qolgandi.
Mavzuga oid
18:20 / 18.12.2024
O‘zbekiston 2025 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib beradi
17:52 / 07.12.2024
Qirg‘iziston prezidenti AQSh va Yevropani «Tolibon»ni tan olishga chaqirdi
00:41 / 06.12.2024
AQShda 7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
17:43 / 03.12.2024