Jahon | 12:25 / 09.10.2023
25266
11 daqiqa o‘qiladi

“Rossiya va Xitoy AQShning o‘rnini egallash payida” - o‘zbek ekspertlari Afg‘onistondagi vaziyat haqida

Sentyabr oxirida “Tolibon” rasmiylari va o‘nga yaqin davlatning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillari Moskva formatidagi 5-uchrashuvga yig‘ildi. Xo‘sh, toliblar bilan bu kabi muloqotlardan foyda bo‘lyaptimi, ular bilan nimalar gaplashilyapti, Afg‘onistonda kimning qanaqa manfaati bor? “Geosiyosat”ning navbatdagi sonida o‘zbek ekspertlari shu haqda so‘z yuritdi.

Suhbatdoshlarimiz siyosatshunoslar Sayfiddin Jo‘rayev, Kamoliddin Rabbimov va Suhrob Bo‘ronov.

— Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyatning ustuvor kun tartibidan tushib qolgani qaysi omillar bilan bog‘liq?

Sayfiddin Jo‘rayev: So‘nggi 3 yil ichida Afg‘oniston muammosiga munosabat o‘zgargani yo‘q, lekin e’tiborning pastga tushishi bo‘ldi. Birinchi sabab, albatta, dunyodagi o‘zgarishlar, Ukraina krizisi, AQSh-Rossiya tirashuvi, Xitoyning o‘sib kelishi kabi masalalar fonida qolib ketayotgandek. Ikkinchi sabab esa Afg‘onistonning o‘zidagi jarayonlar, ya’ni ma’lum darajada o‘zgarishlar bor: terrorizmga qarshi kurash, butun mamlakatni boshqarish. Lekin jahon hamjamiyati qo‘ygan talablarning katta qismi bajarilmasdan qolib ketyapti. Uchinchi bir sabab esa Afg‘onistondagi bo‘layotgan ishlar dunyoning boshqa davlatlariga uncha ta’sir qilmay qo‘ydi. Ammo qo‘shni davlatlar uchun, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun Afg‘oniston masalasi doimiy kun tartibida. Prezidentimiz ham BMTda Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan qoldirib bo‘lmaydi, dedi. Umuman, Afg‘oniston Osiyo uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hudud, kun tartibidan tushmaydi baribir.

Dunyoda hech qachon bo‘shliq bo‘lib qolmaydi, o‘zaro bog‘liq. Oxirgi bir necha oy, ayniqsa so‘nggi bir haftada Afg‘oniston masalasi yana ko‘tarilyapti. AQSh kongressida ham bu muammo ko‘tarildi. Rossiya tomonidan ham shunday harakatlar bo‘lyapti, Davlat dumasida ko‘rildi bu masala. Bu degani har davlat o‘z manfaati tomonidan yana Afg‘oniston muammosini ko‘taryapti.

Sayfiddin Jo‘rayev

Kamoliddin Rabbimov: Afg‘oniston masalasida dunyoda geosiyosiy charchoq bor. AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘onistonda 20 yil urushdi. Oldiga 3 vazifa qo‘ygandi: «Tolibon»ni yo‘qotish, G‘arbga moyil bo‘lgan siyosiy tizimni o‘rnatish va dunyoviy davlatga aylantirish. Lekin birortasiga ham erishilmadi.

Afg‘oniston deyilganda juda chuqur ildiz otgan muammolar majmuasi tushuniladi butun dunyoda. Shavkat Mirziyoyev ham shu holicha tashlab bo‘lmaydi, qaytadan fuqarolik urushi boshlansa, barchamiz yutqazgan bo‘lamiz, degan pozitsiyani bildirmoqda. Ya’ni vaziyat juda murakkab. «Tolibon» siyosiy tizimi ideal siyosiy tizim emas, o‘ta injiq va murakkab tizim. Lekin so‘nggi 40-50 yil ichida birinchi marta bitta kuch Afg‘onistonni nazorat qilyapti va bu – imkoniyat. Lekin Ukraina urushi fonida Afg‘onistonga e’tibor tabiiy ravishda tushib ketdi.

Suhrob Bo‘ronov: Afg‘oniston – Yevrosiyoning yuragida joylashgan davlat. Pokistonlik yozuvchi Muhammad Iqbol «Afg‘oniston – Osiyoning yuragi. Uning taraqqiyoti Osiyoning taraqqiyoti, uning tanazzuli Osiyo tanazzulidir», degan.

Hozir Afg‘onistonni o‘z holiga tashlab qo‘yish o‘tmishdagi ishlarning takrorlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. SSSR qo‘shinlari chiqib ketgach, xuddi vaziyat yumshagandek, global muammodan mintaqaviy muammo darajasiga tushib qoldi Afg‘oniston masalasi o‘sha paytda. Shundan so‘ng fuqarolar urushi bo‘ldi, «Tolibon»ning hokimiyat tepasiga kelishi bo‘ldi. Hozir ham shu vaziyat takrorlanyapti. Ya’ni hali muammolar hal bo‘lmasdan o‘z holiga tashlab qo‘yilyapti va yana global muammo bo‘ladi bir kuni. Yuqorida aytilgandek, Ukraina urushi fonida ham qolyapti.

Suhrob Bo‘ronov

— «Tolibon» (Afg‘oniston islom amirligi) TIV rahbari Muttaqiy «biz mintaqa davlatlari Afg‘onistonda hukumat tuzish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishdan ko‘ra, Islom amirligi bilan hamkorlik qilishini kutamiz», dedi Qozonda. Bu bayonot «Tolibon» bilan munosabatlar uchun to‘siq bo‘ladimi?

Suhrob Bo‘ronov: Dunyo hamjamiyati hozir «Tolibon» masalasida ikkiga bo‘lingan. AQSh boshchiligidagi G‘arb xotin-qizlar huquqi cheklanishiga asosiy urg‘u beryapti. Qo‘shni mintaqaviy davlatlar esa inklyuziv hukumatga urg‘u beryapti. Rossiya prezidentining Afg‘oniston masalalari bo‘yicha maslahatchisi aynan shunga ahamiyat qaratdi, Qozon deklaratsiyasida ham shunga urg‘u berildi. G‘arb tomoni esa ba’zan inklyuziv hukumatni eng asosiy talab sifatida ko‘rmayapti.

Muttaqiyning gaplariga e’tibor bersak, mintaqaviy davlatlarning hamkorlik qilishidan boshqa imkoni yo‘q, degandek bo‘lyapti. Aslida mintaqaviy davlatlar qo‘yayotgan talablarni bajarishi shart. Na inklyuziv hukumat tuzishga, na xotin-qizlar huquqini ta’minlashga e’tibor qaratishyapti.

Sayfiddin Jo‘rayev: Muttaqiyning gaplarida mintaqa davlatlari «Tolibon»ni tan olishni boshlab bersin, degan ma’no ham bor. Ikkinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari manfaati bilan birgalikda bizning manfaatlarni ham hisobga olinglar, degan chaqiriq bor. Yaqinda AQSh «Tolibon» hukumatini tan olish borasida ekspertlar fikrini o‘rgandi, ularning aksariyati tan olmaslik kerak, lekin aloqalarni kuchaytirish kerak, degan gapni aytgan. «Tolibon» esa avval bizni tan olinglar, biz keyin hamkorlik qilamiz, degan pozitsiya bildiryapti.

— Bugungi kunda «Tolibon»ga sezilarli ta’sir qilish qobiliyatiga ega davlatlarning o‘zlari ham demokratik markazlar emas. Aslida Moskva va Pekinning «Tolibon» bilan munosabatlardan asl manfaatlari nimalar? Xitoyning birinchi bo‘lib Afg‘onistonga elchi tayinlashi nimani anglatadi?

Kamoliddin Rabbimov: Aniqlik kiritib o‘tish kerakki, Ashraf G‘ani davridagi elchilar hali ham Afg‘onistonda, shu jumladan O‘zbekistonniki ham. Ya’ni ular almashtirilmayapti. Chunki elchi almashadigan bo‘lsa, «Tolibon» hukumatiga ishonch yorlig‘ini topshirishi kerak bo‘ladi. Shu ishni birinchi bo‘lib Xitoy amalga oshirdi.

Bugunga qadar Afg‘oniston masalasidagi asosiy ishtirokchi davlatlar o‘rtasida norasmiy bir kelishuv bor edi, ya’ni «Tolibon» tan olinsa, birgalikda tan olamiz, degan. Eron Tashqi ishlar vazirligi ham biz dunyo hamjamiyati va xalqaro huquq doirasidagi liniyadan og‘ishmaymiz va «Tolibon» hukumatini tan olishda birinchi bo‘lib qadam tashlamaymiz, dedi. Xitoy rasmiy ravishda «Tolibon»ni tan olishini aytmadi, ammo uning yangi elchisi «Tolibon» hukumatiga ishonch yorlig‘ini topshirdi. Bu bir tomondan AQSh va XXR o‘rtasidagi ziddiyatlar kristallashib borayotganini anglatadi. AQShda, nisbatan sening rayingga qarab o‘tirmasdan, «Tolibon» bilan munosabatlarimni yaxshilayman, degan signal bor. Keyinchalik Rossiya bilan ham shunday bo‘lishi mumkin. O‘ylashimcha, hozir ham yashirin muloqotlar ketyapti.

Kamoliddin Rabbimov

Yevrosiyoning markazida joylashgan davlatlardan biri – Afg‘oniston. Markaziy Osiyo ham, Xitoy ham Janubiy Osiyo bilan bog‘lanish uchun Afg‘onistonga murojaat qilishga majbur. Shu fonda «Tolibon» hukumati bilan aloqalar borasida raqobat ketyapti. Bir tomondan inklyuziv hukumat tuzish va ayollar hamda bolalar huquqlarini ta’minlashga erishish, ikkinchi tomondan «Tolibon» bilan munosabatlarni ijobiylashtirib, unga boshqalardan ko‘ra ta’sir doirasini kuchaytirish. Mana shunday to‘qnashuvlar bor.

Sayfiddin Jo‘rayev: Diplomatiyada tan olinadimi, yo‘qmi, o‘rtasida urush bo‘layotgan bo‘lsa ham, davlatlar o‘rtasida aloqalar bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda uchinchi tomon orqali munosabatda bo‘ladi. Xitoy Afg‘onistonga 1 mlrddan ortiq investitsiya kiritib bo‘lgan. O‘sha investitsiyalarining xavfsizligini ta’minlash uchun ham «Tolibon» bilan yaxshi aloqalar o‘rnatishga majbur. Ya’ni Xitoy hali «Tolibon»ni tan oldi degani emas, oldida turgan real amaliy masalalarni hal qilmoqchi. O‘zbekiston ham diplomatik aloqalarga kirishyapti, ammo tan olgani yo‘q. Diplomatiyada real holat muhimroq.

Suhrob Bo‘ronov: Moskvaning Afg‘oniston borasida ikkita manfaati bor: geosiyosiy va geoiqtisodiy. Geosiyosiy tomoni Moskva formatida ham ko‘rindi, ya’ni ular «Tolibon» hokimiyatda qolishi, to‘liq boshqaruvidan manfaatdor emas. Moskva tomoni ham bayonotlarida inklyuziv hukumat tuzish haqida gapiryapti. Afg‘onistondan AQSh chiqib ketgach yuzaga kelgan bo‘shliqni Pekin va Moskva to‘ldirishga harakat qilyapti.

Geoiqtisodiy masala. Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘oniston orqali Janubiy Osiyo hududiga chiqish, transafg‘on yo‘li. Shunday bo‘lsa, Markaziy Osiyo davlatlarining Moskvaga iqtisodiy bog‘liqligi kamayadi. Bu narsa Moskvani tashvishlantiradi.

Pekinning Moskva va Vashingtondan farq qiluvchi bitta xususiyati bor: u Afg‘onistonga bevosita qo‘shni bo‘lgan yagona yirik kuch (Afg‘oniston va Xitoy 92 kilometrlik umumiy chegaraga ega – tahr.). Pekinning ham ikkita manfaati bor: xavfsizlik va geoiqtisodiy. Xavfsizlik masalasi shuki, Sharqiy Turkiston islom harakatining hali ham Afg‘onistonda bazasi bor. Uning «Tolibon» bilan aloqalari oldini olish uchun ham intiladi Pekin. Xitoy Tojikiston, Pokiston, Afg‘oniston bilan to‘rt tomonlama koordinatsion guruh tashkil etgan, ya’ni xavfsizlik halqasi yaratishga uringan.

Geoiqtisodiy tomondan esa «Bir makon – bir yo‘l» loyihasining markazida Afg‘oniston bor. Goodzone instituti harbiy-siyosiy markazi direktori Richard Vays G‘arbning o‘rnini Xitoy egallaydi, degandi va bu amalga oshyapti. Afg‘onistonda Xitoyning 27 ta kompaniyasi ishlayapti.

Normuhammad Ali suhbatlashdi.

Mavzuga oid