Jahon | 14:03 / 09.10.2023
17085
2 daqiqa o‘qiladi

Top 100 talikka kirgan universitet o‘z xohishi bilan reytingni tark etdi. Bunga sabab nima?

2024 yil uchun top universitetlar reytingi e’lon qilindi. 2023 yilgi reytingda 66-o‘rinda bo‘lgan Niderlandiyaning Utrext universiteti bu yil reytingda o‘z xohishi bilan qatnashmagan. Universitet asosiy e’tiborni reytingga emas, hamkorlik va fanga ochiq bo‘lishga qaratishini bildirdi.

Foto: AP

The Times Higher Education tashkiloti 2024 yil uchun dunyoning top universitetlari reytingini e’lon qildi. Universitetlar bu reytingga kirish uchun tinimsiz harakat qilayotgan bir paytda 2023 yilgi reytingda top 100 talikda bo‘lgan, 66-o‘rinni egallagan Niderlandiyaning Utrext universiteti reytingda qatnashish uchun ma’lumot taqdim etmadi.

Bunga sabab nima?

Universitet saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, reytingda qatnashmaslikning sabablari bor:

  • reytinglarda ball to‘plash va raqobatga katta e’tibor beriladi, biroq universitet buning o‘rniga hamkorlik va fanga ochiq bo‘lishga e’tibor qaratishni xohlaydi;
  • butun universitet miqyosida barcha kurslar va o‘qitiladigan fanlar doirasida bir xil sifatga erishish deyarli imkonsiz;
  • reytingni tuzishda tadqiqotchilar foydalanadigan ma’lumot va uslublarning chalkashliklari ham bor. Masalan, universitetlar reyting uchun ma’lumot taqdim etishga juda ko‘p vaqt sarflashadi.

“Reytinglarga munosabat masalasida universitetlar kuchlarini birlashtirishi muhimdir. Talabalarga esa ko‘proq o‘zlari tanlaydigan ta’lim dasturining mazmuni va tabiatiga, tadqiqotchilarga esa tadqiqot dasturlarining sifatiga e’tibor berishlarini tavsiya qilamiz”, deyiladi universitet xabarida.

The Times Higher Education tashkilotiga ko‘ra, OTM uchun reytingda qatnashishning foydali tomonlari bor:

Reytingda qatnashish davomida OTMda sog‘lom ichki dialog o‘rnatiladi. Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik tashkiloti (OECD) o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 68 foiz OTM rektorlari reytinglarni strategik, tashkiliy va akademik o‘zgarishlarni amalga oshirishda asosiy vosita sifatida ishlatadi.

Reytinglar OTM brendini yaratishga, uni xalqaro darajada tanitishga yordam beradi. Masalan, xalqaro talabalar universitet tanlashda ikkinchi eng muhim omil OTMning reytingi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilgacha 10 ta OTMni top mingtalikka kiritishni reja qilgan.

Mavzuga oid