Jahon | 09:25 / 11.10.2023
12234
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh shoshilinch harbiy yordamining birinchi partiyasi Isroilga yetib bordi

AQSh tomonidan favqulodda harbiy yordam doirasida yuborilgan o‘q-dorilarni olib ketayotgan samolyot HAMAS jangchilarining hujumi ostida Isroilga qo‘ndi. AQSh davlat kotibi Blinken 11-13 oktyabr kunlari Isroil va Iordaniyaga tashrif buyuradi.

Foto: Efrem Lukatsky/AP/picture alliance

Favqulodda harbiy yordam doirasida AQSh tomonidan yuborilgan o‘q-dorilarni olib borgan birinchi samolyot HAMAS harakatining mamlakatga hujumi fonida Isroilga qo‘ndi. Bu haqda 10 oktyabr, seshanba kuni Isroil harbiylariga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden AQSh Mudofaa vazirligi Yaqin Sharqqa «Jyerald Ford» aviatashuvchi kemasi va bir necha eskadrilya qiruvchi samolyotlaridan tashqari qo‘shimcha kuchlarni joylashtirishga tayyorligini aytgandi. 

Bayden ma’muriyati vakillari 8 oktyabr kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasi rahbariyati bilan Isroilni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishni muhokama qildi. Gap, xususan, «Temir gumbaz» havo mudofaasi tizimi uchun mavjud shartnomalar bo‘yicha artilleriya snaryadlari va raketalarini yetkazib berish haqida borgan. The Washington Post gazetasining yozishicha, Isroil ittifoqdoshidan boshqa o‘q-dorilarni va qo‘shimcha ravishda Vashingtondan razvedka ma’lumotlarini almashish sohasida hamkorlikni kengaytirishni so‘ragan. Oq uy rahbari Kongressni Isroilga harbiy yordam uchun yangi mablag‘ ajratishni ma’qullashga chaqirdi. 

Davlat departamenti rahbari Isroil va Iordaniyaga tashrif buyuradi 

Shu bilan birga, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 11-13 oktyabr kunlari Isroil va Iordaniyaga rasmiy tashrif bilan boradi hamda u yerda «yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashadi», deya ma’lum qildi AQSh Davlat departamenti. «Davlat kotibi Isroilga qilingan hujumlar qurbonlari yaqinlariga yana bir bor hamdardlik bildiradi, bu hujumlarni imkon qadar keskin qoralaydi va Qo‘shma Shtatlarning Isroil hukumati va xalqi bilan birdamligini tasdiqlaydi. U Isroil xavfsizligini mustahkamlash, Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlash masalalarini ko‘rib chiqadi», deyiladi rasmiy bayonotda. 

Mavzuga oid