Jahon | 20:05 / 11.10.2023
55354
17 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya kelishuvlariga 30 yil: falastinliklar va isroilliklar sulh jarayonidan nega voz kechishgan?

30 yil avval - 1993 yilning 13 sentabrida Oq uy oldida Isroil bosh vaziri Ishoq Rabin va Falastin ozodlik tashkiloti yetakchisi Yosir Arofat tarixga «Oslo kelishuvi» (yoki Norvegiya kelishuvlari) nomi bilan kirgan ikkitomonlama memorandumni qo‘l siqib tasdiqlashgan edi.

Foto: AFP

Memorandum muzokaralarni imzolashda ishtirok etgan Norvegiya nomi bilan atalgan. Vashingtondagi marosim shunchaki ramziy ma’noga ega edi, Oslo esa tarixga kirdi.

Asosiy hujjat uch hafta muqaddam Norvegiya poytaxtida Isroil tashqi ishlar vaziri Shimon Peres va Falastinning o‘sha vaqtdagi nufuzli siyosatchisi, keyinroq Falastin milliy ma’muriyati rahbari bo‘lgan Mahmud Abbos tomonidan imzolangandi.

Bitimdan ko‘zlangan maqsad Falastin-Isroil mojarosini tartibga solishdan iborat edi.

30 yil o‘tgach, maqsadga erishilmadi, deb bemalol aytish mumkin. Boz ustiga, bu tashabbus Ishoq Rabinga qimmatga tushdi — u keyinroq o‘ng radikal isroillik tomonidan o‘ldiriladi.

Tinchlikka erishish mutlaqo mumkin emasligiga ishonchi komil bo‘lgan isroillik skeptiklar Oslo bitimlarini terrorchilarni jilovlashga urinish, deb ataydi va bu vaziyatni yanada og‘irlashtiradi.

Falastin tomonidagi skeptiklar esa Isroil va uning ittifoqchilari ozodlik harakatini ogohlikdan chalg‘itib, vaqtdan yutishni maqsad qilishganini aytishadi.

«Isroilliklar o‘zlarini qanday tutishlaridan muzokaralar yana 20 yillarga cho‘zilishini anglash mumkin edi», — deydi o‘shandagi Falastin delegatsiyasi maslahatchisi Aniz Fauzi Qosim.

Ayrimlarga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi nifoqni to‘xtatishga qandaydir imkoniyat bo‘lgan bo‘lsa, u aynan 1993 yilda bo‘lgandi. Bir yildan so‘ng Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Rabin va Arofatga berilgan, bu ham jahon hamjamiyatining o‘sha paytdagi kayfiyatini ifodalaydi.

Xo‘sh, kim haq va nima noto‘g‘ri yo‘ldan ketdi? BBC yaqin o‘tmishdagi voqealarni tahlil qilib chiqdi.

Kelishuv tomon sirli yo‘l

Yaqin Sharqdagi o‘nlab yillar mobaynidagi keskin qarama-qarshilik, hududlar okkupatsiya qilinishi, terror va birinchi Falastin intifodasidan so‘ng 1991 yilda AQSh va SSSR Madrid tinchlik konferensiyasini chaqirishdi va ziddiyatlashayotgan tomonlarga muzokaralar boshlashni qat’iy taklif qilishdi.

Bo‘lajak muloqotga asos «tinchlik evaziga hududlar» formulasi bo‘lishi kerak edi.

O‘sha paytda Isroilda hokimiyat tepasida «Likud» boshchilik o‘ng markazchi hukumat turardi va bunday ayirboshlash keskin rad etiladi.

Biroq, 1992 yil iyulida o‘nglarning saylovdagi mag‘lubiyatidan so‘ng hukumatni Ishoq Rabin boshchilik so‘llar boshqara boshlaydi. Mamlakatdagi asosiy mansablarni «Avoda» (ishchi partiyasi) va MeReTs sotsial-demokratlari egallashadi.

So‘llarni Madrid tinchlikka erishish formulasi to‘liq qoniqtirardi va o‘sha 1992 yilda Isroil ham Falastin ozodlik tashkiloti vakillari maxfiy ravishda Osloda muzokaralar uchun uchrashishadi.

Muzokaralar tashabbuskori va Norvegiya bitimlarining bosh arxitektori Isroil tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yossi Beylin bo‘ladi. Falastin tomonidan uning qarshisiga Mahmud Abbos chiqadi.

Yossi Beylin (chapda) 1999 yilda G‘azo sektorida Yosir Arofat bilan uchrashuvda. O‘sha paytda Beylin Isroil adliya vaziri lavozimida bo‘lgan. Foto: GETTY IMAGES

Muzokaralar shu qadar maxfiy o‘tkaziladiki, Isroil tomonidan oliy martabali qatnashuvchilar jarayonning alohida detallarini hattoki bir-biridan sir tutishadi.

Bosh muammo Falastin tomoni sharti bo‘ladi: ya’ni muzokaralarda Falastin tomonini Falastin ozodlik tashkiloti (FOT) tamsil etishi.

FOTning 1968 yilda qabul qilingan xartiyasida Isroilni yo‘q qilish va Falastin hududida har qanday sionistik ishtirokni bartaraf etish bo‘yicha maqsadlar yozib qo‘yilgan edi.

Hattoki so‘llar ham bu yigitlar bilan bir stolga o‘tirib gaplashish haddan oshish ekanini tushunishardi. Isroil rahbarlari fikri bo‘linadi: Isroil bosh vaziri Ishoq Rabin qarshi edi, tashqi ishlar vaziri Shimon Peres — rozi.

Yossi Beylin ularning orasida jonhalak bo‘lib, nafaqat muzokaralar taqdirini, hattoki o‘z karerasini ham xavf ostida qoldiradi.

Israel Hayom nashrida e’lon qilingan maqolasida Beylin ish kunlaridan birining yakunida o‘z shefi Peresning oldiga Osloda o‘zi va Sharqiy Quddusning nufuzli siyosiy shaxslaridan biri Fayzal Hussayniy bilan o‘tadigan muzokaralarning birinchi bosqichiga hamma narsa tayyorligi to‘g‘risidagi hisobotni olib kirganini tasvirlagan.

«Men uning oldiga gaplashib olinishi lozim bo‘lgan masalalar ro‘yxati bilan kirganimdan Peresning yuz ifodasi kechagidan o‘zgarganini sezdim. U Hussayniy bilan uchrashuv haqida Rabinga ma’lum qilgani va bosh vazir uchrashuvni bekor qilishni talab qilganini aytdi», — deb eslagan Beylin.

Keyinroq Isroil isteblishmentida bu mamlakat uchun mutlaqo xos bo‘lmagan narsa kuzatila boshlaydi — mo‘’tadil so‘llar o‘ta so‘llar bilan kurasha boshlaydi va oradan bir yildan kamroq vaqt ichida Norvegiya bitimlari baribir imzolanadi.

Bitimning mohiyati nimada?

«Oslo» bitimlari aslida ikki hujjatni birlashtiradi: «Oslo-I» (Isroil tomonidan Shimon Peres va Ishoq Rabin, Falastin tomonidan Mahmud Abbos va Yosir Arofat tomonidan imzolangan 1993 yilgi prinsiplar) va «Oslo-II» (Iordan daryosining g‘arbiy sohili va G‘azo sektori bo‘yicha 1995 yilda imzolangan vaqtinchalik bitim).

Ko‘pincha «Oslo» bitimlari haqida gapirilganda «Oslo-I» tushuniladi. Arab-isroil masalalarini hal qilishda eng katta umid aynan mana shu hujjatdan edi.

Deklaratsiyaning ko‘plab punktlari orasidan quyidagilarni asosiy qilib ajratib ko‘rsatish mumkin:

  • Falastin tomoni Isroil davlati mavjud bo‘lishga haqli ekanini tan oladi, terrorizm va boshqa turdagi zo‘ravonliklardan voz kechadi, kelgusida mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga intiladi.
  • Isroil FOT (Falastin ozodlik tashkiloti)ni sulh muzokaralarida Falastin xalqi manfaatining qonuniy vakili deb tan oladi va Iordan daryosining g‘arbiy sohili va G‘azo sektorini boshqarish uchun rasmiy Falastin hukumati tuzilishiga rozi bo‘ladi.

«Tinchlik evaziga hududlar» formulasi shakl-shamoyilga ega bo‘la boshlagan edi.

«Bosib o‘tilishi yahudiy halqining ichida murosasiz bo‘linishlarni yuzaga keltiruvchi qizil chiziqlar bor», — degan o‘shanda Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi yahudiy manzilgohlari kengashi rahbari Elyakim Xaetsni.

Okkupatsiya ostidagi hududlardagi yahudiy manzilgohlari masalalari — Isroil ichki siyosatidagi tiqilib turgan toshlardan biri hisoblanadi.

O‘ng aktivistlar Rabin yahudiy xalqi va sionizmning eng ashaddiy dushmanlari qatoriga kirib qolishidan ogohlantira boshlaydi.

Isroil xalqi manfaatiga xiyonat qilganlik bo‘yicha ayblovlarga qarshi Ishoq Rabin shunday javob beradiki, keyinchalik u Isroil jamiyatining so‘l qarashlardagi qismi uchun shiorga aylanadi.

«Bugun biz hammaga baland ovozda va aniq-tiniq qilib aytmoqdamiz: qon va ko‘z yoshlari yetar. Bas», — Rabin bu so‘zlarni Vashingtondagi Oq uy oldida Yosir Arofat bilan qo‘l siqishganidan so‘ng aytgan.

Tomonlar o‘zlariga olgan majburiyatlarni bajarishga kirishdimi?

Avvaliga, ha.

Falastin milliy ma’muriyati tuzildi va ishga kirishdi.

Isroil qo‘shinlari Falastin muxtoriyatining oltita katta shahri va 450 ta aholi punktlaridan olib chiqib ketila boshlandi.

Iordan daryosining g‘arbiy sohilini uchta sektorga bo‘lish, ulardan biri to‘liq falastinliklar hokimiyatiga o‘tishi, ikkinchisida birgalikdagi nazorat va uchinchisi — eng kichigi hozircha Isroil ixtiyorida qolishi belgilanadi.

Ikkitomonlama ishchi guruhlar xarita chizish bilan band bo‘lib turgan paytda har ikki tomondan bitimga qarshi bo‘lganlar ko‘chalarda o‘z pozitsiyalarini toshbo‘ron va yonuvchi aralashmalar bilan himoya qila boshlashdi.

«Bizdan talab etilgan narsani qildik. O‘zaro tan olinish, xavfsizlikni muvofiqlashtirish. Biz o‘z majburiyatlarimizni bajardik, okkupantlar tomoni esa buni amalga oshirgani yo‘q», — degan Falastin rahbariyati vakili va FOT a’zosi Yosir Obid Rabbo.

1996 yil 4 noyabrida Tel-Aviv markazida uzilgan o‘q ovozi Oslo bitimlarini butunlay ko‘mdi-qo‘ydi.

Tinchlik uchun urush qurbonlari

1995 yilning 4 noyabri oqshomida Isroil bosh vaziri Ishoq Rabin Tel-Avivdagi Isroil podshohlari maydonida tinchlik jarayonini qo‘llab o‘tkazilgan ko‘p ming sonli mitingdagi chiqishidan so‘ng o‘ldiriladi.

Isroillik ultrao‘ng diniy ekstremist Igar Amir o‘z tansoqchilari qurshovida mashinaga yo‘nalgan Ishoq Rabinning ortidan uch bora o‘q uzadi.

Sudda Amir Isroilni falastinliklar bilan ablahona bitimdan qutqargani, o‘zini Isroil qahramoni deb bilishini aytadi.

U umrbod qamoq jazosiga hukm qilinadi, lekin o‘z maqsadiga yetadi.

Yaqin Sharq bo‘yicha ko‘plab ekspertlar fikricha, 1990-yillar o‘rtalaridan tinchlik jarayoni faqatgina Ishoq Rabinning shaxsi bilan mustahkam bo‘lib turgan va faqat uning o‘zi uni yakuniga yetkazishi mumkin edi.

Ishoq Rabinning o‘ldirilishi Isroilni larzaga keltiradi va mamlakatdagi radikalzm muammolarini ochib beradi. Foto: EPA

Rabinning so‘l qarashlari uning ko‘p janglarni ko‘rgan general biografiyasi bilan muvaffaqiyatli qorishgan edi.

1941 yilda 19 yoshli Rabin armiyaga chaqiriladi. 1947–49 yillardagi mustaqillik uchun kurashda u jangovar operatsiyalarni muvaffaqiyatli boshqaradi. 1964 yilda u general-leytenant rutbasida Bosh shtabni boshqaradi va uning qo‘mondonligi ostida 1967 yilda isroilliklar olti kunlik urushda Misr, Suriya va Iordaniya qurolli kuchlari ustidan zafar quchishadi.

«Isroilliklarning aksariyat qismi uchun bunday biografiya oddiy gap emasdi. Albatta, hanuz Rabinni xoin deb biluvchi toifalar bor, lekin Igar Amir hattoki o‘ng radikal muhitda ham qahramon sanalmaydi. Rabinning o‘ldirilishi mamlakatni larzaga soldi», — deydi tarixchi Gidon Stadler.

«Men, hisob raqami 30743 bo‘lgan zaxiradagi general-leytenant Ishoq Rabin, Isroil mudofaa kuchlari va tinchlik armiyasi askari, men, armiyani o‘tga, askarlarni o‘limga jo‘natgan odam bugun shunday deyman: biz qurbonlar, yaradorlar, qon to‘kilishi va azob-uqubat bo‘lmagan urush tomon harakatlanmoqdamiz. Bu — ishtirok etish yoqimli bo‘lgan yagona urush: bu — tinchlik uchun urush», — degandi Rabin o‘zining 1993 yilgi nutqida.

2000 yil sentabriga kelib Falastin-Isroil qarama-qarshiligi o‘zining yangi cho‘qqisiga chiqadi. Yahudiy manzilgohlarida yashayotganlarning mahalliy aholi bilan to‘qnashuvlari, xudkushlarning teraktlari va Isroil mudofaa armiyasining keng ko‘lamli javob operatsiyalari ikkinchi Falastin intifodasiga olib keladi va u to‘rt yarim yil — 2005 yil boshlarigacha davom etadi.

Tanazzulning boshqa sabablari

Rabinning o‘limidan so‘ng bir yilcha vaqt o‘tar-o‘tmas Isroilda yana hokimiyat tepasiga yosh bosh vazir Binyamin Netanyahu boshchilik o‘nglar keladi.

Mahmud Abbosning fikricha, Isroil Ishoq Rabin o‘limidan so‘ng Falastin hududlarida yahudiy manzilgohlari qurishni davom ettirib, Norvegiya bitimlarini bajarishga bo‘lgan umidni batamom o‘ldirgan. Foto: AFP

Norvegiya bitimlari arxitektori Yossi Beylinga ko‘ra, 1993 yilning 13 sentabrida Oq uy oldidagi dabdabali marosim va matbuotdagi rezonans ko‘pchilikda tarixiy sulh shartnomasi tuzildi, degan yolg‘on tasavvur uyg‘otgan.

Bu yolg‘on tasavvur o‘z navbatida nihoyatda yuqori kutilmalarga sabab bo‘lgan, bu kutilmalar o‘zini oqlamasligi ham mumkin edi, chunki hujjatning mohiyati umuman boshqacha bo‘lgan.

«O‘sha oraliq bitim tez orada Netanyahu qo‘liga tushib qolgach, u falastinliklar xuddi sulh shartnomasi imzolagandek harakat va hamkorlik qilishini talab eta boshlaydi. Siyosiy tartibga solish bo‘yicha bir necha taklifni falastinliklar rad etgach, Isroil Yahud va Samariyada manzilgohlar qurish orqali Norvegiya bitimlarini bekor qilishga o‘z hissasini qo‘shdi», — deydi Yossi Beylin.

Uning o‘zlariga ko‘ra, o‘ng kuchlar memorandum mazmuniga juda tanlab-tanlab yondashishgan. Falastinliklar terrordan voz kechib, tinchlik yo‘li bilan harakat qilishi to‘g‘risidagi punktlar ularga yoqadi, albatta, biroq Falastin davlatini tashkil qilish kafolatlari to‘g‘risidagi punktlarni ko‘rmaganga ola boshlashgan.

Ayrim oliy martabali falastinliklarga ko‘ra, 1993–93 yillardagi muzokaralar shunchaki hiyla bo‘lgan.

«Oslo bitimi Isroilning eng yaxshi rejasi edi. U okkupatsiyani o‘zi uchun hech qanday oqibatlarsiz davom ettirish imkoniyatini yaratdi», — degan Falastin ma’muriyati qonunchilik kengashi sobiq deputati, jamoat arbobi Mustafo Barqutiy.

Tinchlikka erishish imkoniyatlari boy berildimi?

So‘nggi 30 yilda Isroil o‘nglari hokimiyat jilovini o‘z qo‘llaridan qo‘yib yubormayapti (1999–2001 yillardagi oraliq hisobga olinmasa) va har bir yangi hukumat bilan ular markazdan o‘ta o‘ng mafkura tomon siljib borishmoqda.

Isroilda ko‘pchilik ikkinchi intifoda birinchisi (1987–1993)ning mantiqiy davomi bo‘ldi, chunki Isroil o‘zining terrorizmga murosasiz kurashish strategiyasini xotirjamlik siyosatiga almashtirdi va Norvegiya bitimlari yangi mojaro qalqib chiqishini faqat biroz ortga surdi, degan fikrda. Foto: NURPHOTO

Mintaqada tinchlikka erishish uchun yo‘l izlash to‘g‘risidagi qachonlardir majburiy bo‘lgan punkt allaqachon ko‘plab siyosatchilarning saylovoldi dasturlarining eng chetiga surib qo‘yilgan.

Ayni paytdagi hukumat mamlakat tarixidagi eng ultramillatchisi bo‘lib, ularning hokimiyat tepasiga kelishiga sabab — koalitsiyaga birlashgan partiyalar uchun kimlardir ovoz berganidir.

Gap bu faqat murakkab matematik qo‘shish-ayirishlar samarasimi yoki Isroil jamiyatida chindan ham ultramillatchilikka talab paydo bo‘lgani haqida.

Birinchi holatda tinch muloqot uchun umid saqlanib qoladi, agar keyingi safar raqamlar mo‘’tadillar foydasiga xizmat qilsa. Ikkinchi holatda esa Rabinning o‘gitlari tarixning zarvaraqlaridan o‘rin oladi.

«Bitimni istamayotganlar yoki uning muhimligini tushunmayotganlar bahsni hech kim bilan yechib bo‘lmasligini, hamkor yo‘qligini bot-bot ta’kidlayveradi. Fikrimcha, tinch yo‘l bilan hal qilishga urinishlardan voz kechish, sionizmdan voz kechish degani», — deb hisoblaydi Yossi Beylin.

U yahudiy xalqining avlodlari to‘xtovsiz almashib turishi uchun muhim shartlardan biri yosh isroilliklarning halok bo‘lmasligi ekanini ta’kidlaydi.

Falastin tomonidan ham vaziyat o‘nlab yillar davomida o‘zgarmay kelyapti, hattoki 2007 yilda G‘azo sektori Isroil bilan har qanday tinchlik rejasini rad etuvchi HAMAS nazoratiga o‘tgach chuqurlasha boshladi.

1993 yilda HAMAS siyosiy o‘yinchi emas, shunchaki harbiylashgan guruh edi. Boz ustiga, Yosir Arofatning nufuzi hamaschilarga faqat ma’lum bir chegaragacha o‘z fikriga ega bo‘lishga izn berardi.

Endi esa ular Falastin ma’muriyatining ikki asosiy siyosiy kuchidan biri va muxtoriyat raisi Mahmud Abbos ular bilan hisoblashishga majbur, hattoki ertaga Isroilda yangi Ishoq Rabin paydo bo‘lgan taqdirda ham. 

Mavzuga oid