O‘zbekiston | 19:29 / 11.10.2023
7269
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Xitoyda O‘zbekiston turistik salohiyatini keng targ‘ibot qilish bo‘yicha topshiriq berdi 

Viloyatlar hokimlariga turistlarni jalb qilish maqsadida Madaniyat vazirligi bilan birga har oy yirik madaniy tadbir o‘tkazish vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda davlat rahbari dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda har bir davlat turist jalb qilish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solayotganini ko‘rsatib o‘tdi. Biz ham bunday keskin raqobat sharoitiga mos bo‘lib ishlashimiz shartligi qayd etildi. 

Bunda, eng avvalo, qo‘shni davlatlardan, Rossiya va Xitoydan sayyohlarni jalb qilish uchun katta salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Masalan, Xitoyning hamma provinsiyalariga borib, hududlarimiz turistik salohiyatini keng targ‘ibot qilish, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Bu yil Hindiston, Yaponiya, AQSh, Italiyadan sayyoh ko‘paydi. Lekin, Malayziya, Indoneziya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Qatardan hamda Yevropadan turistlarni jalb qilish ishlari sust ekani ta’kidlandi. Ushbu mamlakatlardagi elchilarga va viloyat hokimlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga turistlarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish topshirildi. 

Kelgusi hafta Samarqand shahri ilk bor Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig‘ilishiga mezbonlik qiladi. Prezident ushbu tadbir hokimlarga mamlakatimiz turizm salohiyatini ko‘rsatish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidladi. 

Har bir viloyat hokimi o‘z delegatsiyalari bilan viloyatining tabiati, tarixi, madaniyati, ovqatlari, ziyoratgohlari, sayyohlik maskanlari va marshrutlarini namoyish qilishi, turizm loyihalari bo‘yicha kelishuvga erishishi shartligi qayd etildi. 

Yig‘ilishda madaniy tadbirlarni ko‘paytirish turistlarni jalb qilishda katta imkoniyat ekani ta’kidlandi. 

Bunday tadbirlar Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatlarida ko‘p o‘tkazilayotgani, lekin Sirdaryo, Jizzax, Surxondaryo viloyatlarida bu boradagi ishlar qoniqarsiz ekani aytildi. 

Viloyatlar hokimlari Madaniyat vazirligi bilan birgalikda har oy yirik madaniy tadbir o‘tkazishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Tuman va shaharlarda ko‘p sayilgoh, xiyobon, istirohat bog‘lari, teatr va madaniyat uylari bo‘sh turgani, na turistlarni, na aholimizni o‘ziga jalb qila olayotgani qayd etildi. Hududlar rahbarlariga bu joylarda musiqiy, ko‘ngilochar va ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etib borishga topshiriq berildi. 

Jahon amaliyotida turizm salohiyatini targ‘ib qilishda kino, serial va hujjatli filmlardan keng foydalanilmoqda. Shu bois, Kinematografiya agentligiga milliy tariximiz bo‘yicha kamida 50 ta badiiy, hujjatli va musiqali asarlar yaratish dasturini ishlab chiqish topshirildi. 

Prezident turizm obektlarida sanitariya va ozodalikka e’tiborni yanada kuchaytirish lozimligini qayd etib, bu bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi. 

Yana bir muhim masala – soha kadrlarining salohiyatini oshirish. Turizm qo‘mitasiga «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti bilan birgalikda servis sifati hamda soha xodimlarining malaka va madaniyatini oshirish bo‘yicha o‘qitish tizimini yaratish topshirildi. Bunda mehmonxona va restoran ishi bo‘yicha chetdan mutaxassislar taklif qilinib, har bir viloyatda o‘quv kurslari tashkil qilinadi. 

Shuningdek, xushmuomala bo‘lish, tabassum qilish, ozodalik bo‘yicha qisqa hajmli ta’sirchan ijtimoiy videoroliklarni tayyorlab, barcha telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar va ekranlarda muntazam ko‘rsatib borish muhimligi ta’kidlandi. 

Mavzuga oid