Jahon | 16:31 / 12.10.2023
31562
8 daqiqa o‘qiladi

«Qayerga boraylik?» - Isroil aviazarbalaridan yashirinishga joy qolmagan G‘azodan reportaj

Mahalliy aholi Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti orqali ham G‘azodan chiqib keta olmaydi. 

Foto: ALI JADALLAH/ANADOLU

BBC muxbiri Rushdi Abu Aluf so‘nggi kunlarda HAMAS hujumiga javoban muttasil tarzda o‘qqa tutilayotgan G‘azo sektorida bo‘lib, mahalliy aholi vakillari bilan suhbatlashdi.

«Biz qayerga borishimiz kerak? Hududimizda tinch va chiroyli, xavfsiz joy qoldimi?» — deya so‘raydi mendan Rimaldagi ko‘p kvartirali uylardan birida yashovchi kishi kinoya bilan.

Bu yerda o‘tkazilgan yetti soat hayotimdagi eng og‘ir damlar bo‘ldi. HAMASning Isroil janubiga misli ko‘rilmagan hujumiga javoban Isroil jangovar samolyotlari zarbalarning yana bir seriyasini amalga oshirdi.

Bombardimon o‘nlab turar joylar, telekommunikatsiya kompaniyalari ofislari va G‘azodagi Islom universiteti binosiga jiddiy shikast yetkazdi.

Bu hudud yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi ham butun tun davomida qo‘rqinchli portlashlardan zirillagan. Hammayoqdan bolalarning yig‘isi eshitiladi, hamma mijja qoqmay chiqadi. G‘azoning eng farovon va tinch hududi bo‘lgan Rimal aholisi bu tunni uzoq vaqtgacha unuta olmaydi.

Tong otishi bilan zarbalar intensivligi pasayadi va mahalliy aholi vakillari vayrongarchilik ko‘lamini anglay boshlaydi.

G‘azoning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan kvartal infratuzilmasi jiddiy shikastlangan, bu yerdan olib chiquvchi yo‘llar to‘silib qolgandi.

Men tuman bo‘ylab harakatlanar ekanman, bu yerda zilzila bo‘lgandek tasavvur uyg‘onardi.

Atrofda binolarning qoldiqlari, singan oynalar va quvurlarning uzilib ketgan qismlari sochilib yotardi. Vayrongarchilik ko‘lami shunday ediki, men bu yerdagi uylarning ba’zilarini umuman tanimadim.

«Men barchasidan ayrildim. Besh farzandim yashagan kvartira shu yerda joylashgandi. Binoning pastki qavatida joylashgan oziq-ovqat do‘konim butunlay vayron bo‘ldi», — deydi qo‘lida o‘z qizi Shahdni ko‘tarib olgan mahalliy aholi vakili Muhammad Abu al-Kass.

«Biz qayerga boramiz? Bizda endi ish ham, boshpana ham yo‘q», — deya qo‘shimcha qilgan u.

«Mening uyim va do‘konim harbiy nishonmi, Isroil?» — deydi va oddiy fuqarolarni o‘qqa tutmasligini aytib keladigan isroillik harbiylarni ikkiyuzlamachilikda ayblaydi.

Isroil armiyasi har kuni G‘azo bo‘ylab yuzlab zarbalar bermoqda
Foto: ALI JADALLAH/ANADOLU

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, isroillik harbiylarning dushanba kungi aviazarbalari oqibatida 300 kishi halok bo‘lgan, shundan uchdan ikki qismi – tinch aholi vakillaridir.

Bu kun so‘nggi yillardagi eng ko‘p o‘lim kuzatilgan kunga aylandi.

Kunning ikkinchi yarmida G‘azoning shimoli-sharqida joylashgan, aholi juda zich yashaydigan Jabaliya qochqinlar lagerida ham 15 kishi halok bo‘lgan.

Isroillik harbiylar HAMAS qo‘mondoni uyiga hujum uyushtirganini ma’lum qilgan, ammo qo‘shni uylar hamda yaqindagi bozorda bo‘lgan odamlar ham zarba oqibatida halok bo‘lishgan.

Gumanitar inqiroz kuchayib bormoqda

G‘azo sektoridagi sog‘liqni saqlash tizimi «halokat yoqasida». Bu haqda Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining G‘azo sektoridagi vakili Ashraf al-Kudraga asoslangan holda CNN xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonalarning intensiv terapiya bo‘limlarida yangi bemorlar uchun bo‘sh joylar qolmagan, yaradorlar soni esa operatsiya zallari imkoniyatlaridan ortiqni tashkil etmoqda.

HAMASning Isroilga hujumidan keyin G‘azoda halok bo‘lganlar soni 1,3 mingdan oshdi
Foto: ASHRAF AMRA/ANADOLU

Qizil Xoch xalqaro qo‘mitasi G‘azodagi shifoxonalar Isroil blokadasi doirasida elektr energiyasi o‘chishi ortidan «o‘likxonalarga aylanish xavfi ostidaligi»dan ogohlantirgan.

Falastin sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 1354 nafarga yetgan, shundan 300 dan ortig‘i bolalar. 6 mingdan ortiq kishi yaralangan.

Aholisi haddan tashqari ko‘p bo‘lgan ushbu kichik hududda shusiz ham og‘ir bo‘lgan gumanitar inqiroz yanada chuqurlashmoqda.

HAMAS hujumiga javoban Isroil «to‘liq qamal» joriy etib, barcha yetkazmalarni to‘xtatgach, G‘azoda yashovchi 2,2 milliondan ortiq aholi oziq-ovqat, yonilg‘i, elektr va suv tanqisligini boshdan kechirmoqda.

HAMAS a’zolarining 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirgan hujumi oqibatida 1300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, minglab kishilar yaralangan, yana 150-200 kishi garovga olingan.

«XXI asrda biz suv va elektrsiz yashashimizni tasavvur qila olasizmi? Farzandim uchun tagliklar qolmadi va faqat yarim shisha sut bor», — deydi mahalliy aholi vakillaridan biri Vaad al-Mug‘rabi Rimalda uning uyi yonida vayron bo‘lgan binolarga qarab turib.

«Isroilga mening chaqalog‘im hujum qilganmidi?» – deya yozg‘iradi ayol.

G‘azoni tark etib ham bo‘lmaydi

G‘azoda shanba kuni faoliyatini boshlagan supermarket eshiklari ortida uzun navbatlar hosil bo‘lgan. Mojaro noma’lum muddatga cho‘zilishidan xavfsirayotgan bu kishilar nimadir sotib olishdan umid qilishmoqda. Meva va sabzavotlarning asosiy qismi G‘azo janubida yetishtiriladi, yonilg‘i yetishmovchiligi esa ularni hudud shimoliga yetkazib berishni qiyinlashtiradi.

Ayni vaqtda G‘azoga Misrdan oziq-ovqat va boshqa birlamchi zarur mahsulotlar kirib kelishi ham to‘xtagan, ushbu qo‘shni davlat sektorda 2007 yilda HAMAS o‘z hokimiyatini o‘rnatganidan buyon xavfsizlik nuqtayi nazaridan Isroil bilan birgalikda bu yerni qat’iy blokada qiladi.

Seshanba kuni isroillik harbiylar G‘azo aholisiga bo‘lajak zarbalar oldidan sektorni tark etishni taklif qildi.

Ammo G‘azo va Misr chegarasidagi yagona nazorat o‘tkazish punkti bo‘lgan «Rafah» — bir kun o‘tib yopib qo‘yildi, isroillik harbiylar uning sektor tomonidagi qismiga zarba yo‘llaganidan keyin Misr hukumati xavfsizlik nuqtayi nazaridan shunday qarorga kelgan. Bungacha ham punkt orqali kuniga faqat 400 kishi o‘tishi mumkin edi, endi G‘azoni tark etish amalda imkonsiz ishga aylandi.

Isroil va G‘azo chegarasi ham yopiq. Isroil harbiy-havo kuchlari sohil chizig‘ini nazorat qilmoqda, shu tufayli qayiqlar orqali suzib ketish ham o‘ta xavfli.

Payshanba kuni Qizil xoch xalqaro qo‘mitasining yuqori martabali mulozimi Fabritsio Karboni G‘azo sektoridagi
gumanitar vaziyat tezlik bilan «boshqarib bo‘lmas» holatga o‘tayotganini ma’lum qildi.

Urush boshlangach o‘z uylarini tark etgan odamlarning aksar qismi BMT boshqaruvi ostidagi maktablarda yashirinmoqda. Ayrimlar kelajagidan xavotirlanib bunday joylarga borib joylashayotgan bo‘lsa, qolganlarning tunaydigan boshqa joyi qolmagan.

G‘azoliklarning bir qismi binolarning yerto‘lalarida yashirinmoqda, lekin bu binolar qulasa, ular uchun tobutga aylanadi. Dushanbaga o‘tar kechasi yerto‘lalardan birida 30 oila qamalib qolgan.

«Oldingi urush vaqtida shaharning bu qismi Isroil bilan chegaradosh hududlarda yashovchilar uchun xavfsizlik oroli vazifasini o‘tagandi», deydi Rimalda yashovchi Muhammad al-Mug‘rabi.

Isroilning dushanba kuni kechqurun yo‘llagan zarbalari endi G‘azodagi hech qaysi joy xavfsiz emasligini ko‘rsatdi.

Mavzuga oid