Barchamiz uchun vijdon ishi va kelajak kafolati: suvdan oqilona foydalanish nima uchun zarur?
Suv - hayot ramzi. U shuningdek salomatlik, oziq-ovqat, energiya va atrof-muhit uchun eng muhim resursdir. Biroq bu muhim hayotiy resursning ham zaxiralari cheklangan. Suvni tejab ishlatishni o‘rganmas ekanmiz, yaqin kelajakda buning alamli oqibatlari bilan yashashimizga to‘g‘ri keladi.
Mamlakatimizning o‘zida ham suv manbalari bir tekis joylashmagan. Ba’zi hududlarda suv yetarli, mo‘l-ko‘l bo‘lsa, ayrim viloyatlarimizga ichimlik toza va shirin suv yuzlab chaqirim uzoqdan mashinalarda tashib keltiriladi.
Quyidagi jadvalda hududlar kesimida respublikamiz aholisining ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi aks etgan:
Suv resurslari taqchilligi muammosi bo‘y ko‘rsatmoqda
Ayrim tadqiqotlarga qaraganda, global iqlim o‘zgarishi natijasida so‘nggi 50–60 yil davomida Markaziy Osiyodagi yuksak tog‘liklardagi muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga borib chuchuk suv tanqisligi mintaqada yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.
Global iqlim o‘zgarishi, O‘zbekistonda aholi soni o‘sib borayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlari kuzatilayotgan jadal rivojlanish va ulardagi suvga bo‘lgan talab o‘sishi tufayli suv resurslari taqchilligi yildan yilga ortib bormoqda. O‘zbekistonda mavjud chuchuk suv hajmi qisqarishi tufayli suv tanqisligi va qurg‘oqchilik xavfi sezilarli darajada oshmoqda.
Fuqarolar tashabbusni o‘z qo‘liga olishi kerak
Toza ichimlik suv bilan ta’minlanganlik — aholi turmush darajasining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. Binobarin, markazlashgan ichimlik suvning asosiy iste’molchisi sifatida aholi uzatilayotgan suvni tejash jarayonida faolroq rol o‘ynashi kerak.
Biroq hozirgi vaqtda bizda suvni tejab ishlatish masalasiga deyarli e’tibor qilinmaydi. Bunday mas’uliyatsiz munosabat sovetlarning rejalashtirilgan iqtisodiyoti, ya’ni iste’molchilarni suvdan tejamkor va oqilona foydalanishga undovchi biror bir chora ko‘rilmagan bir davrda shakllangan. Chunki u paytlarda suv ta’minoti xarajatlarining asosiy qismi davlat budjeti hisobidan subsidiyalangan.
Iste’molchilarning suvdan nooqilona foydalanishi, bir tomondan, suvdan foydalanish va to‘lov madaniyati pastligi, ikkinchi tomondan, aholida suvni tejashga rag‘batlantirishning o‘zi yo‘qligi bilan bog‘liq.
Shu boisdan bugungi kunda suv tariflarini shakllantirishda bozor munosabatlariga o‘tish muammosi juda dolzarbdir.
Bozor — suvni tejashga turtki beruvchi eng kuchli motivatsiya
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, aholining suvdan oqilona foydalanishi ko‘p jihatdan har bir iste’molchining to‘lovlarni kamaytirishdan shaxsiy manfaatdorligiga bog‘liq.
Boshqa tomondan, aholi o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, bu tushuntirish ishlarini «bog‘cha – maktab – universitet» tamoyilida, eng muhimi, oilada doimiy olib borish zarur.
Bu holatda quyidagi yo‘nalishlar va choralar eng tez va eng ko‘p samara berishi mumkin:
- butun aholi tomonidan ichimlik suvdan maksimal darajada tejab foydalanish. Suv masalasi nafaqat muqaddas dinimizda, balki ota-bobolarimizning madaniyatida, butun o‘zbek mentalitetiga singib ketgan. Aslida, biz ana shu qadriyatlarimizga shunchaki amal qilsak yetadi.
- ichimlik suv ta’minotidagi qoidabuzarlik holatlariga chek qo‘yish va ularga qarshi qat’iy kurashish. Suvni o‘g‘irlab ishlatish, ichimlik suvida mashina va gilam yuvish, basseyn sug‘orish, hovliga suv sepish va bog‘ni sug‘orish kabi boshqa maqsadlarda foydalanish, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yish kabilar ana shunday holatlarga misol bo‘la oladi. (Misol uchun: Birgina 2023 yil boshidan buyon suv ta’minoti bo‘yicha qoidabuzarlik holatlaridan yetkazilgan zarar 67,7 mlrd so‘mni tashkil etgan).
- tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini keng joriy qilish. Bu usul yordamida suv sarfi keskin kamayishi, mehnat unumdorligi, hosildorlik, moliyaviy foyda bir necha barobar ortishi allaqachon isbotlangan.
- ekin maydonlaridagi mavjud sug‘orish-drenaj tarmoqlari ustidan qat’iy monitoring olib borish;
- sug‘orish maydonlari uchun suv olish limitlarini belgilash;
- suv omborlaridagi resurslardan foydalanishni to‘liq nazoratga olish.
Eng kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi omil — bu, shubhasiz, suv narxidir. Tariflarni keskin oshirish yo‘li bilan bo‘lsa-da, normal darajaga yetkazish suv isrofgarchiligiga chek qo‘yishga yordam berishi aniq. Bozor qonunlari har qanday zamonda, har qanday sharoitda ishlagan va bundan keyin ham ishlaydi.
Markaziy Osiyoda ichimlik suv uchun to‘lov narxi eng yuqori mamlakat Qozog‘iston hisoblanadi. Mamlakatda suv tariflari hududlarga qarab aholiga 1 metr kub suv uchun 73 tangadan (1905 so‘m) 304 tangagacha (7934 so‘m) narx belgilangan.
Dunyodagi eng qimmat tariflar Yevropada. Xususan, Norvegiyada 1 metr kub suv narxi 5,51 yevro (71 ming so‘m), Germaniyada 4,67 yevro (60 ming so‘m), Daniyada 4,43 yevro (57 ming so‘m) va Niderlandiyada 3,99 yevro (51 ming so‘m). Bunday narx sharoitida suvning har bir tomchisi qadrlanishiga shubha yo‘q.
Mashhur okeanshunos Jak Iv Kusto «Yer — hammamizning umumiy uyimiz, suv esa tanamizning qoni», degan edi. Bilamizki, tomirdagi qon miqdori kamaysa yo tarkibi buzilsa, organizm kasallikka chalinib, og‘ir ahvolga tushadi.
To tirik ekanmiz, biz suvga doimo muhtojmiz. Suv resurslaridan oqilona foydalanish O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi garovidir. To‘g‘ri, toza ichimlik suvni uzluksiz yetkazib berish, suv bormagan hududlardagi aholini ichimlik suv bilan ta’minlash, qishloq xo‘jaligiga suv yetkazib berish yo‘nalishida katta ishlar boshlangan, ular davom etmoqda.
Biroq suvdan oqilona foydalanish madaniyati turish-turmushimizning ajralmas qismiga aylanmas ekan, bu yo‘nalishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishish qiyin bo‘ladi.
Suv narxlari liberallashtirilishi iste’molchilar xulq-atvoriga ta’sir qilib, undan xo‘jasizlarcha foydalanish odatlariga chek qo‘yishga xizmat qiladi. Aks holda, biz mamlakat uchun o‘ta qadrli resurs bo‘lgan ichimlik suvdan mashina yuvish, tomorqani sug‘orish, yozda basseyn to‘ldirish va mikroklimat yasash uchun foydalanishda davom etaveramiz. Qolaversa, bu choralar soha korxonalarining iqtisodiy ahvolini yaxshilash, respublika aholisini toza ichimlik suv bilan ta’minlash bo‘yicha e’lon qilingan rejalar va maqsadlarga erishishda yordam beradi.
Mavzuga oid
18:05 / 20.12.2024
Sadir Japarov: Qirg‘izistonda tejalgan har bir litr suv qo‘shnilarimizga yordamdir
12:10 / 20.11.2024
O‘zbekistonda foydalaniladigan suv resurslari 90 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelyapti
08:48 / 08.11.2024
Suv tannarxi oshib ketayotgan hududlar ma’lum qilindi
21:48 / 28.10.2024