Jahon | 00:55 / 13.10.2023
14403
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil HAMAS hujumidan oldin G‘azodagi g‘ayrioddiy faollik haqida ma’lumot olgan – OAV

Isroil armiyasi vakillari bunga jiddiy e’tibor bermagani ta’kidlanmoqda.

Foto: Reuters

Isroil mudofaa kuchlari qo‘mondonligi HAMAS hujumidan bir kun oldin G‘azo sektoridagi g‘ayrioddiy faollik haqida ma’lumot olgan, biroq bunga e’tibor bermagan. Bu haqda Isroil matbuotiga tayanib Interfax xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Isroil Mudofaa kuchlari Bosh shtab boshlig‘i Hersi Ha-Levi va boshqa yuqori martabali qo‘mondonlar G‘azoda «g‘ayrioddiy narsalar haqida signallar olinganidan» keyin telefon orqali muloqot qilishgan.

The Times of Israel gazetasining ta’kidlashicha, qo‘mondonlar zudlik bilan chora ko‘rishning hojati yo‘q, deb hisoblab, muhokamani ertalab davom ettirishga qaror qilishgan. Shuningdek, ular G‘azo sektori chegarasiga qo‘shimcha kuchlarni jo‘natishmagan va «trevoga» e’lon qilishmagan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi to‘qnashuvlar boshlangani haqida faqat shanba kuni ertalab soat 6:29 da xabar berilganini, boshqa ogohlantirishlar bo‘lmaganini aytdi.

7 oktyabr kuni G‘azo sektoridan Isroilning janubiy va markaziy hududlariga raketa hujumlari uyushtirildi. Shundan so‘ng, yuk mashinalari va paraplandagi falastinlik jangari guruhlari G‘azodan Isroil hududiga kirib borib, qisqa vaqt ichida bir qator aholi punktlari va hatto harbiy bazalarni nazorat ostiga oldi. Bunga javoban Isroil mudofaa kuchlari «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil rasmiylari mamlakat urush holatida ekanligini rasman e’lon qildi.

Mavzuga oid