O‘zbekiston | 12:35 / 13.10.2023
9897
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Bishkekda Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi 

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi masalalarni muhokama qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 oktyabr kuni Bishkek shahrida o‘tayotgan MDH sammiti doirasida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Yetakchilar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar rivojlanib borayotganini qayd etdi.

O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘smoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish davom etmoqda.

Madaniyat, kinematografiya va sport sohasida qo‘shma tadbirlar muntazam o‘tkazib borilmoqda.  

Davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy va humanitar hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralarni ko‘rish, jumladan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, Hududlar forumi hamda O‘zbekiston va Belarus yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuvini tashkil etish muhimligini qayd etdi.

MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid