Human Righs Watch: Isroil G‘azoda taqiqlangan fosforli o‘q-doridan foydalangan
Human Righs Watch xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilotining navbatdagi hisobotida Isroil harbiylari G‘azo va Livanni o‘qqa tutishda oq fosforli snaryadlardan foydalanganini ma’lum qildi. Tashkilot bunday quroldan foydalanish tinch aholi uchun juda xavfli ekanini qo‘shimcha qilgan.
Oq fosfor tez yonuvchi modda bo‘lib, harbiylar odatda undan hududlarni belgilash maqsadida foydalanishadi. Ammo u odamlarda kuchli kuyish keltirib chiqarishi ham mumkin. Shu bois, fosfordan odamlar ko‘p to‘planadigan yerda foydalanish juda xavfli. Kislorod bilan qo‘shilgan fosfor juda badbo‘y va zaxarli oq tutun chiqaradi.
HRW hisobotida tashkilot G‘azo va Livanda Isroil tomonidan oq fosforli artilleriya snaryadlari ishlatilganini isbotlovchi videotasvirlar olgani aytilgan. Shuningdek, hisobotda AFP nashrining G‘azoda olgan suratiga e’tibor berish ham so‘ralgan. Suratda havodagi oq chiziqlarni ko‘rish mumkin.
«Dunyoning odamlar eng zich yashaydigan joylardan biri bo‘lmish G‘azoda oq fosfordan foydalanish xalqaro normalarga zid bo‘lib, tinch aholi hayotini xavf ostiga qo‘yadi», deyiladi huquqbonlar hisobotida.
Reuters nashrining bu boradagi so‘roviga javoban isroillik harbiylar G‘azoda oq fosforli quroldan foydalanilgani haqida ma’lumot yo‘q ekanini ma’lum qilgan. Bunday quroldan Livanga zarba berishda foydalanilgan yoki yo‘qligi haqida esa indashmagan.
2013 yilda Isroil tomoni oq fosfordan ortiq foydalanmasligi, «favqulodda holatlar esa bundan mustasno» ekanini iddao qilgandi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, oq fosfordan tinch aholi yashaydigan hududlarda foydalanish taqiqlangan. Ammo undan tutunli halqa yaratish maqsadida foydalanish mumkin.
O‘limga olib keladigan kuyish
Xalqaro urush qoidalariga ko‘ra, oq fosfordan jang maydonida faqat tutunli halqalar yaratish, yoritish, nishonlarni belgilash va harbiy obektlarni yoqish maqsadida foydalanish mumkin. Bunday maqsadlarda ishlatilayotgan oq fosfor kimyoviy qurol hisoblanmaydi va bu boradagi xalqaro konvensiyalar uni taqiqlamaydi. Ammo bu modda inson tanasida o‘limga sabab bo‘ladigan kuyishga olib kelishi va yong‘in keltirib chiqarishi mumkin.
Human Righs Watch ma’lumotida aytilishicha, oq fosfordan juda kichik kuyish jarohati olganlar ham halok bo‘lishi mumkin. Kislorod tugaguncha yonadigan bu modda keltirib chiqargan yara bog‘lami ochilishi bilan u yana yona boshlashi mumkin.
Tashkilot hisobotida oq fofsor havodagi portlashi oqibatida 250 metr diametrdagi hududga tarqalgani aks etgan video ayniqsa xavotirli ekani aytilgan.
«Oq fosfor odamlar zich yashaydigan hududlarda foydalanilar ekan, bu ajalvor kuyish va insonlar azoblanishi xavfini oshiradi», deydi Human Righs Watch tashkilotining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha direktori Lama Fakix.
G‘azoga 2008-2009 yillardagi bosqin
2010 yilda isroillik harbiylar asta-sekin fosforli o‘q-dorilardan voz kechishini ma’lum qilgandi. Bungacha HRW va boshqa huquqbon tashkilotlar Isroil 2008 va 2009 yillardagi G‘azoga bosqinda fosforli o‘q-dorilardan odamlar zich yashaydigan hududlarda ko‘p marta foydalanganini ma’lum qilib kelgan.
HRW’ning 2009 yildagi hisobotida Isroil bunday taqiqlangan quroldan foydalanish orqali xalqaro huquqni buzib, tinch aholi vakillarini o‘ldirgani aytilgan.
HAMASning Isroilga hujumi
- 2023 yil 7 oktyabr kuni falastinliklarning harbiylashgan HAMAS guruhi Isroilga misli ko‘rilmagan hujum amalga oshirdi, uning a’zolari G‘azo sektori bilan chegaradagi kibutslar va shaharlarga kirib, yuzlab kishilarni o‘ldirdi hamda o‘nlab kishilarni garovga oldi.
- HAMAS Isroil davlatini yo‘q qilishga va uning o‘rnida islom davlatini barpo etishga intiladi. Harakat Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
- Guruh 2007 yilda saylovlar natijasida G‘azo sektorida hokimiyatni o‘z qo‘liga olgan, ammo keyin o‘z siyosiy raqiblarini sektor hududidan kuch bilan siqib chiqargan. Shundan buyon uning jangarilari Isroilga qarshi bir necha marta urush harakatlari olib borgan.
- HAMAS va unga aloqadorligi aytiladigan boshqa harbiylashgan guruhlar Isroilni raketalar bilan o‘qqa tutadi va ko‘plab reydlar uyushtiradi.
- Bunga javoban Isroil G‘azo sektori bo‘ylab aviazarbalar yo‘llaydi va ikki marta bu hududga qo‘shin kiritgan. Isroil Misr bilan birgalikda 2007 yildan buyon sektorni qamal qilgan, buni xavfsizlik chorasi deb izohlashadi.
- HAMAS ko‘plab mamlakatlarda, jumladan AQSh, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Isroil, Yaponiya va Avstraliyada terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Mavzuga oid
00:02 / 22.12.2024
Vladimir Putin: «Suriyadagi voqealar benefitsiari - Isroil»
16:40 / 20.12.2024
G‘azoda harbiy bazalar qurilmoqda. Isroil mustahkam o‘rnashib olmoqchi
18:08 / 19.12.2024
Isroil ilk bor Yaman poytaxtiga zarba berdi
14:47 / 18.12.2024