O‘zbekiston | 18:45 / 16.10.2023
7417
7 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni Samarqand shahrida Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi ochilish marosimida ishtirok etdi.

Global sayyohlik tashkilotining 140 dan ziyod mamlakat vakillari ishtirokida 20 oktyabr kuniga qadar davom etadigan bosh tadbirida davlatimiz rahbari sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

O‘zbekiston yetakchisi turizm sohasi jahon iqtisodiyotining eng tez rivojlanayotgan va istiqbolli tarmoqlaridan biri ekanini qayd etdi. O‘zbekistonda ham mamlakatni modernizatsiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlar doirasida turizm tarmog‘ini rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.

Keyingi yillarda salkam yuzta mamlakat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish tizimi, yana 55 ta davlat fuqarolari uchun soddalashtirilgan elektron viza tartibi joriy etildi.

Sayyohlik biznesining barcha turlarini yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi, soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etildi, kredit va moliyaviy yordam kuchaytirildi. Pandemiya cheklovlariga qaramasdan, ikki yil davomida 800 ta infratuzilma loyihasi amalga oshirildi.

Mehmonxona o‘rinlari soni 140 mingtaga yetkazildi, 70 ta yangi sayyohlik marshruti ochildi, 6 ta xususiy aviakompaniya ish boshladi.

Natijada O‘zbekistonga kelayotgan xorijlik sayyohlar soni ikki barobar ko‘paydi. Turizm eksportidan tushayotgan daromad 4 barobar o‘sdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda mamlakatimizga jami 7 million sayyoh tashrif buyuradi. Ushbu ko‘rsatkichni 2030 yilga borib 15 millionga, ichki turizm oqimini esa 25 millionga yetkazish reja qilingan.

Olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar jahon hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Jumladan, O‘zbekiston eng tez rivojlanayotgan turizm maskani va eng xavfsiz davlat sifatida xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.

O‘zbekiston rahbari Turizmni 2030 yilgacha kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilayotgan strategiyada zamonaviy turizm va transport infratuzilmasini yaratishga ustuvor ahamiyat qaratilishini ta’kidladi. Yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan yangi avtomobil va temir yo‘llar quriladi, aviatransport parki 2 barobar kengaytiriladi, aviaqatnovlar soni to‘rt barobar oshiriladi. Katta shahar va sayyohlar ko‘p boradigan manzillarda 30 ta yirik turizm klasterlari tashkil etiladi.

«Ko‘hna tarix durdonalari» milliy dasturi doirasida turistlarni o‘ziga jalb qiladigan madaniy meros obektlari soni 800 tadan 2,5 mingtaga yetkaziladi, 745 ta madaniy meros obekti restavratsiya qilinadi, 20 ta me’moriy yodgorlikda «ochiq osmon ostidagi muzey»lar tashkil etiladi.

Ziyorat turizmi dasturi doirasida sayohatga keluvchilar sonini hozirgidan uch barobar ko‘proqqa oshiriladi.

Markaziy Osiyo davlatlari bilan qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.

Umuman, turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish hisobidan kelgusida kamida 1 millionta yangi ish joylari yaratish rejalashtirilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston yetakchisi global turizmning eng dolzarb muammosi – bu turistlarning kafolatlangan xavfsizlik tizimini ta’minlash ekanini qayd etdi. Xalqaro turizm sohasida mustahkam huquqiy asoslarni kuchaytirish maqsadida davlatimiz rahbari BMT doirasida Global xavfsiz turizm kodeksini ishlab chiqishni taklif etdi.

Iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib borayotgan davrda «yashil» turizmni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro Harakatlar dasturini qabul qilish har qachongidan ham dolzarbligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu boradagi amaliy qadamlar sifatida UNWTO doirasida «Yashil» turizmni joriy etish bo‘yicha eng yaxshi shahar» nominatsiyasini ta’sis etish, shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti hamda Samarqanddagi «Ipak yo‘li» xalqaro universiteti hamkorligida Global «yashil» turizm startaplari laboratoriyasini yaratish taklif qilindi.

Imkoniyati cheklangan sayyohlar uchun qulay sharoitlarni yanada kuchaytirish va inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston prezidenti 2025 yilni «Butunjahon inklyuziv turizm yili» deb e’lon qilish va maxsus deklaratsiya qabul qilish tashabbusini ilgari surdi.

UNWTO doirasida tarixiy yodgorliklarni asrash bo‘yicha eng ilg‘or tajribalar bilan almashish uchun platforma - Sayyohlik bo‘yicha tarixiy shaharlar kengashini tuzish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. O‘zbekiston kengashning birinchi yig‘ilishini Buxoro shahrida tashkil etishga tayyorligi qayd etildi.

Mamlakatimiz yetakchisi yaqinda Samarqandda ochilgan turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha dunyoda o‘xshashi yo‘q UNWTO Xalqaro turizm akademiyasida mutaxassislarni o‘qitish uchun maxsus grantlar ajratilishini e’lon qildi.

O‘zbekiston rahbari yoshlar uchun sayyohlikni rivojlantirish loyihalari hamda yangi g‘oyalarni yaratishda muhim va foydali maydonga aylanadigan Jahon yoshlar turizmi sammitining navbatdagisini Toshkent shahrida o‘tkazishni taklif etdi.

«Ipak yo‘li» brendini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun UNWTO maxsus xalqaro mukofotini ta’sis etish tashabbusi bildirildi. Ushbu rejani amalga oshirish bilan Samarqandda ochilgan «Ipak yo‘lida turizm» tematik ofisi faol shug‘ullanadi.

Global media kampusini ta’sis etish va uning forumlarini har ikki yilda bir marta Bosh Assambleya sessiyalari doirasida o‘tkazish muhimligiga e’tibor qaratildi. Birinchi media kampusini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyorlik bildirildi.

Davlat rahbari delegatlarni Samarqandni «Madaniy turizmning xalqaro poytaxti» deb e’lon qilish va tegishli deklaratsiyani qabul qilishga doir tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

So‘zining yakunida O‘zbekiston prezidenti Bosh Assambleya sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tishini va unda yangi natijalarga erishilishini tiladi.

Mavzuga oid