Jahon | 07:46 / 17.10.2023
11695
3 daqiqa o‘qiladi

Bryusselda qurollangan shaxs Shvetsiya fuqarolarini otib o‘ldirdi

Belgiya poytaxtida qurollangan shaxs Shvetsiyaning ikki fuqarosini otib o‘ldirdi. Bryusselda terrorchilik tahdidining eng yuqori darajasi joriy qilindi.

Foto: Getty Images

17 oktyabr, seshanbaga o‘tar kechasi noma’lum shaxs o‘t ochishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lganidan keyin Bryusselda terrorchilik tahdidi bo‘yicha eng yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi. Hujum qurbonlari Shvetsiya fuqarolari, deb tasdiqladi Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kroo X mikrobloglar xizmati (sobiq Twitter) orqali.

Belgiya federal prokuraturasi vakili Erik Van Duysning ta’kidlashicha, hujumni amalga oshirgan shaxs IShID terrorchilik guruhidan ilhomlangan. Van Duys, shuningdek, shahar aholisini «tahdid bartaraf etilmaguncha» uyda qolishga chaqirdi. Jinoyatchi qochishga muvaffaq bo‘lgan va hozir qidirilmoqda.

Keyinroq Belga agentligi boshqa tafsilotlarni aytmagan holda hujumchi shaxsi aniqlangani haqida xabar berdi. Rasmiylar Shvetsiya fuqarolari qurbon bo‘lgan otishmaning «potensial terrorchilik motivini» tekshirmoqda.

Fojiali voqealar tufayli futbol uchrashuvi to‘xtatildi

Hujum mahalliy vaqt bilan soat 19:00 dan keyin Bryussel shimolida, Belgiya va Shvetsiya milliy jamoalari uchrashishi kerak bo‘lgan qirol Boduen nomidagi stadionda futbol bo‘yicha Yevropa chempionati saralash o‘yini boshlanishi arafasida kuzatildi. Natijada, terrorchilik hujumi sodir etilgani ma’lum bo‘lganidan keyin hamda ikkala jamoa va mahalliy politsiya organlari bilan maslahatlashilganidan so‘ng, o‘yin 1:1 hisobida to‘xtatildi, deb xabar berdi UYeFA.

Shu bilan birga, muxlislar, shuningdek, futbol jamoalari o‘yinchilari va texnik xodimlar xavfsizlik nuqtai nazaridan stadionda qolishga majbur bo‘ldi, deya xabar beradi dpa. O‘yin o‘tkazilgan yer hujum joyidan besh kilometr uzoqlikda joylashgan.

Shvetsiya hukumati Belgiyadagi mamlakat fuqarolarini hushyorlikka chaqirmoqda

Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kroo Bryusseldagi hujum qurbonlarining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Shuningdek, u Belgiya va Shvetsiya «terrorizmga qarshi birgalikda kurashayotganini» ta’kidladi.

Shvetsiya hukumati Belgiyadagi shvedlardan hushyor bo‘lishni va Belgiya rasmiylarining ko‘rsatmalariga amal qilishni so‘raydi, dedi Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson.

Fransiyada erkak pichoq bilan maktabga hujum qildi

Avvalroq, 13 oktyabr kuni Fransiya shimolidagi Arras shahrida pichoqli hujum oqibatida o‘qituvchi halok bo‘lgan, yana bir o‘qituvchi va qo‘riqchi yaralangan edi. O‘quvchilar jabrlanmagan. 

Mavzuga oid