Jahon | 21:39 / 18.10.2023
21159
10 daqiqa o‘qiladi

Rafah punkti nima, u G‘azo sektori uchun nimasi bilan muhim va u nega ochilmayapti?

Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktida to‘plangan falastinliklar

G‘azo sektoridagi falastinliklar Isroil armiyasining HAMASga qarshi boshlashi kutilayotgan quruqlik amaliyotidan qochish umidida o‘tgan hafta oxiridan buyon Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktida kutishmoqda.

Amerika nashrlari u G‘azodagi qo‘shfuqarolikka ega shaxslar chiqishi va qarama-qarshi yo‘nalishda insonparvarlik yordami yuborish uchun ochilishi haqida xabar qilishgan, ammo hozirgacha bu ro‘y bermayapti.

O‘tgan hafta shanba kunidan buyon o‘tkazish punkti istalgan vaqtda qisqa muddatga ochilishi mumkinligi haqida muntazam xabarlar tarqalib turibdi, G‘azodagi xorijliklar va ikki mamlakat fuqaroligiga ega odamlar tayyor turishga chaqirilmoqda.

Ammo 17 oktyabr kuniga kelib ham u hamon yopiqligicha qolmoqda.

Rafah nazorat-o‘tkazish punkti o‘zi nima?

Bu G‘azo sektorining eng janubiy qismida joylashgan bo‘lib, bu yerdan Misrning Sinay yarimoroliga o‘tish mumkin.

Rafah nazorat-o‘tkazish punkti – G‘azodagi Isroil tomonidan nazorat qilinmaydigan yagona chegara-o‘tkazish punkti hisoblanadi. Uning xavfsizligi va kirish rejimini bir tomondan misrlik chegarachilar, ikkinchi tomondan HAMAS kuchlari amalga oshiradi.

G‘azo sektoridan chiqishda yana ikkita nazorat-o‘tkazish punkti mavjud: shimolda Isroil bilan chegaradagi Erez piyoda nazorat-o‘tkazish punkti hamda Isroil, G‘azo va Misr chegaralari kesishgan joydagi Kerem Shalom NO‘P, undan yuk transporti o‘tkazish uchun foydalaniladi.

Hozirda ular ham yopilgan.

Rafah punktining hozirgi ahamiyati nimada?

Chegaraning Misr tomonida insonparvarlik yordamlari ortilgan o‘nlab yuk mashinalar kutib turibdi
Foto: ANADOLU AGENCY

G‘azo sektorini boshqaradigan HAMAS guruhi a’zolari 7 oktyabr kuni Isroil janubiga misli ko‘rilmagan hujum doirasida anklav shimolidagi Erez nazorat-o‘tkazish punktiga ham bosqin uyushtirgandi.

Shundan keyin Isroil hukumati Erez keyingi xabarnomaga qadar yopiq qolishini ma’lum qildi va Rafah nazorat-o‘tkazish punkti G‘azoga kirish yoki uni tark etish uchun yagona yo‘l bo‘lib qoldi.

Shuningdek, Rafah G‘azoga insonparvarlik yordami kirishi mumkin bo‘lgan yagona joy hamdir.

O‘tgan haftada Misr TIV G‘azo sektori uchun xalqaro insonparvarlik yordami reyslari Sinay shimolidagi Al-Arish aeroportiga yo‘naltirilayotgani, bu yerdan mahsulotlar avtomobil transportlari orqali G‘azoga yetkazilishini ma’lum qilgandi. Hozirda nazorat-o‘tkazish punktining Misr tomonida yonilg‘i va insonparvarlik yuklari yuklangan o‘nlab yuk mashinalari sektorga kirishga ruxsat bo‘lishini kutib turishibdi.

Nazorat-o‘tkazish punktida nimalar bo‘lmoqda?

HAMASning Isroilga hujumidan keyingi harbiy harakatlar boshlanganidan buyon Rafahdagi vaziyat haqida bir-biriga mos kelmaydigan turlicha ma’lumotlar kelib turdi. Yaqin vaqtgacha odamlar va yuklarni o‘tkazish ustidan nazorat Misr hukumati va HAMAS tomonidan amalga oshirilgan, ammo Isroil tomonidan aviazarba berilishi boshlanishi belgilangan tartibni izdan chiqargan.

Misrdagi nashrlar nazorat-o‘tkazish punkti isroilliklarning 9 va 10 oktyabr kunlari ushbu hudud bo‘ylab uch marta aviazarba yo‘llagani, buning oqibatida chegaraning Misr tomonida ham, Falastin tomonida ham odamlar yaralangani haqida xabar qildi.

12 oktyabr kuni Misr hukumati Isroilga Rafah NO‘P g‘azoliklar uchun «hayot yo‘li» bo‘lib xizmat qilishi uchun uning atrofiga aviazarbalar yo‘llashni bas qilishni so‘rab murojaat qildi va Isroil tomonidan o‘z xodimlari xavfsizligi uchun kafolat olmagunicha o‘tish joyini ochmasligini bildirdi.

G‘arb davlatlari ham muzokaralarda qatnashib, NO‘P harbiy harakatlar boshlanishidan oldin sektor hududida qolib ketgan xorijliklar va ikki mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lganlar uchun bo‘lsa ham ochilishi uchun harakat qilmoqda.

Ular shuningdek sektorga insonparvarlik yordami yetib borishi uchun o‘tish yo‘li ochilishidan umid qilmoqda.

Misr hukumati Rafah NO‘P ochiladigan bo‘lsa, HAMASning radikal a’zolari (Misr hukumati ko‘p yillardan buyon qarshi kurashib keladigan «Musulmon birodarlar» tashkilotining Falastindagi filiali sifatida qaraladi) ham mamlakat hududiga kirib kelishi mumkinligidan xavotirlanib, sektorni faqat xorijiy davlat pasportiga ega bo‘lganlar tark etishi mumkinligini aytmoqda.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jyeyms Kleverli va uning amerikalik hamkasbi Entoni Blinken Isroil, Misr va mintaqadagi boshqa yetakchi siyosiy kuchlar bilan nazorat-o‘tkazish punktini ochish ustida ish olib borayotganini ma’lum qilgan.

O‘tgan haftada AQSh davlat departamenti vakili sektor hududidagi Amerika fuqarolarini Rafahgacha yetib kelishga chaqirdi, chunki o‘tish yo‘li ochilsa ham bu haqda oldindan ogohlantirish berilmasligi va faqat cheklangan muddatga ochiq bo‘lishi mumkin.

Rafah punkti ochilgan taqdirda ham undan faqat xorijiy mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lganlar o‘tishi mumkin

Bu xabardan keyin G‘azo aholisi ularni ham o‘tkazishlaridan umid qilgan holda Rafah tomon yo‘l oldi.

Dushanba kuni o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan keyin Rafah nazorat-o‘tkazish punkti qisqa muddatga ochilishi mumkinligi to‘g‘risida ham xabar tarqaldi, ammo bu xabar tezda Isroil tomonidan ham, HAMAS tomonidan ham rad etildi.

Rafah nega ochilmayapti?

Qo‘shfuqarolikka ega falastinliklar Rafah nazorat-o‘tkazish punkti oldindan ogohlantirish berilmasdan, istalgan pallada ochilishi va tezda yopilishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Foto: EPA

Icroil HAMAS jangarilari G‘azodan chiqib ketishini istamaydi va sektorga kiruvchi barcha yuk mashinalar qurol-yarog‘ bor-yo‘qligini aniqlash uchun sinchiklab tekshirilishini talab qiladi.

Misr, garchi boshqa davlatlar bilan xorij pasportlariga ega odamlar chiqishi masalasini muhokama qilishga tayyor bo‘lsa-da, falastinliklarning o‘z hududiga yoppasiga o‘tishidan manfaatdor emasligi aniq, shuning uchun barcha xohlovchilar uchun chegaralarini ochib yuborishi dargumon.

Shu bilan birga, «Al-Qoida»ga aloqador va Sinay yarimorolida mustahkam o‘rnashib olgan radikal guruhlar bilan bog‘liq muammolar arimayotgan mahalda, Qohira mamlakatga falastinlik jangarilar ham kirib kelishidan cho‘chimoqda.

Misr hukumati G‘azodan odamlar oqimi o‘z xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan cho‘chimoqda. Foto: AFP

Rafah o‘tish joyidan kim va qanday foydalangan?

Urush boshlanishidan oldin ham G‘azo sektorini Rafah orqali tark etish oson ish emasdi.

Undan foydalanishni istagan falastinliklar G‘azo IIVga (anklavdagi barcha hokimiyat organlari qatori u ham HAMAS tomonidan nazorat qilinadi) safardan ikki-to‘rt hafta oldin ariza bilan murojaat qilishi, shuningdek, Misrdan ham ruxsat olishi talab etilardi, lekin so‘rov hech qanday izoh berilmasdan ham Falastin, ham Misr hukumati tomonidan rad etilishi mumkin edi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil avgustida Misr hukumati mamlakatga G‘azodan kirib kelish uchun 19608 kishiga ruxsat bergan, 314 kishining so‘rovi rad etilgan.

***

Yaqin Sharqdagi urushning 12-kuni. So‘nggi ma’lumotlar:

  • Jo Bayden Isroilda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Binyamin Netanyahu bilan uchrashuvda AQSh prezidenti Al-Ahli shifoxonasidagi portlash uchun javobgarlik, aftidan «boshqa jamoa zimmasida» ekanini aytdi. Bungacha HAMAS ushbu zarbada Isroil mudofaa armiyasini ayblagandi. 
  • G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi Al-Ahli shifoxonasidagi portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 471 kishi bo‘lgani, 314 kishi jarohatlangani, shundan 28 kishi og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qilgan. Isroil aviazarbalari boshlanganidan buyon halok bo‘lganlar soni 3300 nafarga yetgan, 13000 kishi yaralangan. HAMASning Isroilga hujumi qurbonlari soni 1400 kishiga yetgan, yana 4200 kishi yaralangan. 
  • AQSh prezidenti ma’muriyati HAMAS bilan aloqador to‘qqiz jismoniy shaxs va bitta tashkilotga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘lladi.
  • Isroilning «Yediot axronot» nashri xabariga ko‘ra, Isroil hukumati Rabot (Marokash) va Qohiradagi (Misr) elchixonalari xodimlarini evakuatsiya qilgan. Bunday qaror 17 oktyabr kuni kechqurun ushbu shaharlarda bo‘lib o‘tgan namoyishlar tufayli qabul qilingan.
  • TsAHAL yana bir bor Livan bilan chegaradagi harbiy postlari o‘qqa tutilgani haqida ma’lum qildi. Isroil armiyasi javoban o‘t ochgan. Isroil vazirlar mahkamasi mudofaa vaziri Yoav Galantga mamlakat shimolidagi aholi yashash punktlarini evakuatsiya qilishga buyruq berishga ruxsat bergan. 

Mavzuga oid