O‘zbekiston | 12:50 / 21.10.2023
6912
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston, Rossiya va Tatariston ishbilarmonlar biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

 Joriy yilning 17-18-19 oktyabr kunlari yurtimizda, O‘zbekiston, Rossiya va Tatariston ishbilarmonlar biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Tatariston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari-sanoat va savdo vaziri O. Korobchenko boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Delegatsiya a’zolari orasida 30 nafar rossiyalik tadbirkorlar ham tashrif buyurishdi.

17-19 oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan biznes-forum doirasida "Chirchiq" va "Jizzax" kimyo-industrial texnoparklari faoliyati, xorijiy investorlar uchun taqdimotlar, road-show, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, “Jizzax” texnoparkining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Rossiya korxonalari O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati, jumladan, "Chirchiq" va "Jizzax" texnoparklarida ishlash imkoniyatlari bilan tanishishdi. Biznes missiya dasturi texnoparklarga tashrif buyurish, biznes-forum va B2B uchrashuvlarini o‘tkazishni o‘z ichiga oldi.

Tatariston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari-sanoat va savdo vaziri Korobchenko ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini ko‘paytirish kerakligini ta’kidladi:

“Shavkat Miromonovich juda aniq vazifani qo‘ydi. Tatariston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi sezilarli darajada oshishi kerak. Bu yil bizning aylanmamiz 50 foizga o‘sdi, ammo biz uni ko‘paytirish va milliard dollarlik natijadan o‘tishni maqsad qilganmiz. Bugun delegatsiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi bilan hali hamkorlik qilmagan kompaniyalarning 45 vakili keldi. Neft-kimyo mahsulotlarini qayta ishlash kabi korxonalar, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari, mashinasozlik komponentlari ishlab chiqaruvchilari. Bugungi kunda Chirchiqdagi maydon ishlab chiqilgan va u yerda 35 dan ortiq rezidentlar bor. Hurmatli prezidentning qaroriga binoan Jizzaxda texnoparkni tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi. Rossiyaning yana ikkita eng yirik iqtisodiy zonalari Alabuga va Kipmaster texnoparki Navoiy va Buxoroda shunga o‘xshash texnoparklarni shakllantirish vazifasini oldi. Agar bu amalga oshsa, nafaqat Tatariston kompaniyalari, Rossiyalik kompaniyalar ham kelib, o‘zlarining sanoat korxonalarini shakllantirishlari mumkin bo‘lgan to‘rtta katta asosiy platforma paydo bo‘ladi. O‘ylaymanki, agar biz bugungi forum oldida qo‘ygan ushbu vazifalar bajarilsa bu mamlakatlarimiz o‘rtasida iqtisodiy munosabatlarni o‘rnatishda yana bir katta qadam bo‘ladi”, - dedi u.

“Chirchiq” texnoparkining investitsiya portfeli 1,5 milliard dollarni tashkil qiladi. Hozirga qadar 10 million dollar qiymatga ega bo‘lgan 5 ta loyiha ishga tushurilgan, bu yilning o‘zida yana 108 million dollar qiymatdagi 12 ta yangi loyiha amalga oshiriladi.

Mavzuga oid