Jahon | 11:32 / 21.10.2023
7481
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sporti sanksiyalar tufayli yirik moliyalashtirishdan mahrum bo‘ldi

Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar Rossiya Olimpiya qo‘mitasi homiylari uchun yo‘qotishlarga olib keldi. Shu sababli, bir qator ROQ dasturlari 3,5 milliard rubldan ortiq mablag‘ni yo‘qotdi.

Foto: Picture Alliance

Sanksiyalar natijasida Rossiya Olimpiya qo‘mitasi (ROQ) homiylariga yetkazilgan yo‘qotishlar tufayli Rossiyada 3,5 milliard rubldan ortiq sport dasturlarini moliyalashtirish to‘xtatildi. Bunday ma’lumotlarni 20 oktyabr, juma kuni ROQ bosh direktori Vladimir Sengleyev taqdim etdi.

«Biz moliyalashtirish manbalarini tasdiqlamaganimiz sababli 3,514 milliard rubllik dasturlarni moliyalashtirishni to‘xtatdik», — deya Sengleyevning Permdagi «Rossiya sporti qudratli» xalqaro sport forumidagi nutqidan iqtibos keltiradi TASS. Uning aniqlik kiritishicha, bu holatga Rossiyaga qarshi sanksiyalar munosabati bilan ROQ an’anaviy homiylarining yo‘qotishlari sabab bo‘lgan.

ROQ rahbari Stanislav Pozdnyakovning so‘zlariga ko‘ra, xususan, olimpiya zaxirasini tayyorlash bilan bog‘liq bir qator dasturlar qisqartirilgan. «Match TV» muxbiri Pozdnyakovning so‘zlaridan iqtibos keltiradi: «Bugungacha biz federal homiylik muammosini hal qilmadik». 

Rossiya Olimpiya qo‘mitasi rahbari homiylarning katta rolini ta’kidlab, Rossiyada sportni moliyalashtirish uchun «davlat budjetidan mablag‘ning katta qismi ajratilgan» bo‘lsa-da, «qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarisiz oson bo‘lmasligini» ta’kidladi.

12 oktyabr kuni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Olimpiya xartiyasini buzgani uchun Rossiya Olimpiya qo‘mitasini keyingi ogohlantirishgacha Olimpiya harakatidan vaqtinchalik chetlatdi. XOQ buni Ukraina Olimpiya qo‘mitasi (UOQ) yurisdiksiyasi ostidagi mintaqaviy sport tashkilotlarini, xususan, hududi bir qismi egallab olingan Donetsk, Xerson, Luhansk va Zaporijjya viloyatlari sportchilarini o‘z safiga «qo‘shish» to‘g‘risida ROQ qabul qilgan qarori bilan izohladi.

Mavzuga oid