O‘zbekistonning tashqi savdosi: Xitoyga bog‘liqlik ortib bormoqda, gaz importi ko‘paygan, eksport qilish esa qisqargan
2023 yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi qariyb 45 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda Xitoyning ulushi – 21,1 foizgacha oshgan. Xususan, ushbu mamlakatga eksport 14,3 foizga yoki 1,85 mlrd dollargacha qisqargan bo‘lsa, import hajmi 58,5 foizga yoki 7,6 mlrd dollargacha ko‘paygan. Umumiy savdo defitsiti ham o‘sishda davom etmoqda.
Statistika agentligi O‘zbekistonning 2023 yil yanvar-sentabr oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 44,8 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 17,74 mlrd dollarni, import hajmi esa 27,01 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 23,5 foizga, import hajmi 21,1 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 9,27 mlrd dollarga yetgan. O‘tgan yilning mos davrida tashqi savdo defitsiti 7,9 mlrd dollar bo‘lgan.
Tashqi savdoda Xitoyga bog‘liqlik ortgan
O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalarida Xitoyga bog‘liqligi ortib bormoqda. Xususan, yil boshidan beri Xitoyning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 9,45 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 21,1 foizini tashkil qilgan. Taqqoslash uchun, 2022 yilning mos davrida Xitoy bilan savdo hajmi 6,78 mlrd dollar ( umumiy TSAning 18,8 foizi), 2021 yilda esa 5,4 mlrd dollar (umumiy TSAning 19,1 foizi) bo‘lgan.
2023 yilning yanvar – senyabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan top-10 davlat:
- Xitoy – 9,45 mlrd dollar;
- Rossiya – 7,03 mlrd dollar;
- Qozog‘iston – 3,23 mlr dollar;
- Turkiya – 2,35 mlrd dollar;
- Koreya – 1,7 mlrd dollar;
- Turkmaniston – 830 mln dollar;
- Germaniya – 784 mln dollar;
- Qirg‘iziston – 753 mln dollar;
- Fransiya – 658 mln dollar;
- Afg‘oniston – 615 mln dollar.
Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.
O‘tgan davr mobaynida Xitoyga amalga oshirilgan eksport hajmi 14,3 foizga, Turkiyaga mahsulot sotish esa 20 foizga qisqargan. O‘z navbatida Rossiyaga eksport hajmi 5 foizga, Qozog‘istonga 5,4 foizga, Afg‘onistonga 17,6 foizga oshgan.
Shuningdek, Xitoydan import hajmi 58,5 foizga, Rossiyadan 6 foizga, Turkiyadan 5,8 foizga ko‘paygan. Qozog‘iston (4,5 foiz) va Koreyadan (6,8 foiz) import hajmi esa kamaygan.
Oltin eksporti
Joriy yilning yanvar-sentabr oylarida 5,6 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 31,8 foizini tashkil etadi.
O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 89,8 foizga ko‘paygan. Shunday bo‘lsa-da, past narxlar tufayli sentabrda oltin sotish yuz bermagan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.
Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi
Hisobot davrida O‘zbekiston 488 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 83,4 foizga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 47,2 foizga yoki 412 mln dollargacha qisqargan.
Avvalroq, joriy yilning dastlabki 8 oyi davomida O‘zbekistondan Xitoyga umumiy qiymati 370,5 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qilingani xabar berilgandi. Bu 2022 yilgi ko‘rsatkichdan 40 foizga kam.
Shuningdek, 9 oy davomida 139 million dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 27,9 foizga kam.
Yanvar-sentabr oylarida 87,3 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (kamayish – 2,3 foiz) va 49,4 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (kamayish – 27,8 foiz) eksport qilingan.
Neft va neft mahsulotlarining eksporti 2 barobarga oshib, 218 mln dollarni, importi esa 35,6 foizga ko‘payib, 1,18 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Mavzuga oid
16:03
Xitoydagi daryoda dunyodagi birinchi qutqaruvchi robot patrullik qilishni boshladi
20:08 / 10.11.2024
Xitoyga tegishli marsoxod Marsda qadimiy okean izlarini topdi
17:55 / 10.11.2024
Xitoy Filippinning dengiz zonalariga oid qonuniga javoban patrullikni kuchaytiradi
15:18 / 10.11.2024