Jahon | 12:06 / 24.10.2023
7041
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriya YeIning Kiyevga harbiy yordam ajratishini bloklab qo‘ydi

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Yevropa tinchlik jamg‘armasidan Kiyevga 500 million yevro ajratish bo‘yicha kelisha olmadi.

Jozep Borrel Foto: FREDERICK FLORIN/AFP

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Lyuksemburgdagi yig‘ilishda Ukrainaga Yevropa tinchlik jamg‘armasidan (YeTJ) 500 million yevro miqdorida harbiy yordam ajratish bo‘yicha kelisha olmadi. Bu haqda 23 oktyabr, dushanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ma’lum qildi.

«Biz YeTJdan so‘nggi segmentni ta’minlash muammosini haligacha hal qilganimiz yo‘q, ammo yechim izlashda davom etamiz. Qanday bo‘lmasin, biz buni topamiz», - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi DW’ning Bryusseldagi muxbiri. 

Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbarining ta’kidlashicha, Kiyevga harbiy yordamning 8-transhi berilishi joriy yil oxirigacha kelishib olinishi kerak. Bu mablag‘dan yordam beradigan yangi fond yaratish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda, undan Ukrainaga qurol dasturlari va o‘qitish uchun har yili 5 milliard yevro ajratiladi. 

Vengriya Yevropa Ittifoqining Ukrainaga harbiy yordamini bloklab qo‘ydi

2023 yilning may oyidan beri Vengriya Kiyevga Yevropa tinchlik jamg‘armasidan harbiy yordamning 8-transhi berilishiga rozi bo‘lmayapti. O‘sha paytda mamlakat tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto aytganidek, Budapesht Vengriyaning eng yirik banki - OTP Rossiyada o‘z faoliyatini davom ettirayotgani sababli Kiyev tomonidan kiritilgan «urush homiylari» ro‘yxatidan chiqarilmaguncha, bu pozitsiyani o‘zgartirmaydi.

29 sentabr kuni Ukraina Vengriyaning OTP banki va Gretsiyaning beshta yuk tashish kompaniyasi ro‘yxatidan chiqarilishini e’lon qildi. Biroq, Budapesht endi bank yana u yerga kiritilmasligi uchun kafolat talab qilmoqda, deya ta’kidlaydi mustaqil matbuot. 

TASS agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa tinchlik jamg‘armasi hisobidan YeI o‘z a’zo mamlakatlariga Ukrainaga harbiy ta’minoti qiymatining qariyb 40 foizini qoplaydi. 

Mavzuga oid