O‘zbekiston | 09:00 / 25.10.2023
7908
8 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Hind shifokori Hindistonda davolanishni istagan bemorlarga tavsiyalar berdi

Hindistondagi Fortis shifoxonasining Transplant bo‘limi rahbari doktor Vivek Vij Toshkentdagi Gepatologlar xalqaro anjumanida ishtirok etdi. Shifokor o‘z sohasidagi yangi izlanishlari haqida gapirar ekan, Hindistonda davolanishni istagan bemorlar uchun kerakli tavsiyalarni ham berib o‘tdi.

Davolanish uchun borgan ko‘plab bemorlar Hindistonda aldanib qolganini eshitamiz, bunga qanday izoh bera olasiz?

Men shifokorman va bo‘lim rahbari sifatida men ham bunday muammolarga ko‘p duch kelaman, bunga o‘zbek xalqining soddaligi sabab deb o‘ylayman. Hamma uchun esida tutishi kerak bo‘lgan ma’lumot – bemorlar xususiy shifoxonaga keladi va xususiy shifoxonaning maqsadi bemorlarga eng yaxshi muolajani taklif qilish bilan birga, albatta, biznes va foyda topishdir.

Keling, shu o‘rinda ba’zi bir bemorlar uchraydigan afsonalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman:

Mablag‘ masalasida tushunmovchiliklar eng ko‘p uchraydigan muammo: “5000 dollar yoki topganingiz bilan kelavering, qolganini keyin bersangiz bo‘ladi” deyishadi. Yoki boshqa shifoxonadan farqli darajada arzon narx aytilganda, bemorlar ishonib yetib borishadi. Xususiy shifoxona hech qachon beg‘araz yordam berish maqsadida bemor qabul qilmaydi. Bemor kelganidan keyin narx ortishi yoki pulni oldindan to‘lashini eshitgandan keyin o‘rtadagi odam ko‘rinmay qoladi va bemor majburlikdan aytilgan pulni to‘lashi kerak bo‘ladi. Begona yurtda har bir kuningizning chiqimini hisobga olganda, albatta, bu bemorlar qiyin ahvolga tushadi.

Yana biri “Shu aytilgan narxdan oshmaydi”, deb berilgan va’dalardir. Odatda har bir muolaja yoki jarrohlik “paketi” bo‘ladi va unga kiritilgan va kiritilmagan xizmatlar turi mavjud. Hindistonga ketish niyatingiz bo‘lsa, shifoxonadan paketga nimalar kirishini va ortiqcha pul nimalarga ketishi mumkinligi bo‘yicha imkon qadar yozma shartnoma yoki tilxat oling. Bemor borganidan keyin har xil holatga tushishi yoki biron qo‘shimcha muolaja taklif qilinishi mumkin. Bunday holatdagi bemorlar musofir davlatda qiyin ahvolga tushib qoladi. Hindiston tibbiyoti sifatli, lekin narxlari ham baland. Jonlantirish bo‘limi xonalari kuniga $300 dan $1500 gacha bo‘lishi mumkin, bemor esa jarrohlikka qadar ahvoli jiddiylashishi va majbur yotishi kerak bo‘lgan holatlar mavjud. Bizda O‘zbekistondagidek bepul tez yordam ko‘rsatish xizmati mavjud emas va shoshilinch xizmat qimmat turadi.

Ayrim tibbiyot muassasalari bemorlarga donorni Hindistonning o‘zidan topish imkoni bor deb aytadi, bu haqiqatmi?

Hindistonda inson organlari savdosi bo‘yicha qonun (Human Organ Trasnplantation Act - HOTA) 1994 yilda e’lon qilingan. Unga ko‘ra shifoxonalar qattiq nazoratda turadi va chet el fuqarosi boshqa davlat fuqarosiga tana a’zolarini berishi qat’iyan man qilinadi. Jasad donordan organ olish bo‘yicha hind fuqarolari navbatga qo‘yiladi – qonunga ko‘ra o‘zbek fuqarosi ham bu navbatga turishi mumkin. Lekin hozirda 15 000 odam navbat kutyapti. Hatto Hindiston fuqarolari o‘z navbatiga yetib bormay hayotdan ko‘z yumyapti. O‘zbekistondan ba’zi bemorlar “Hindistonda uysiz aholi ko‘p va xohlaganingni tanlab, donorlikka olishing mumkin”, degan afsonaga ishonib kelishadi, lekin bizning qonun bunga yo‘l qo‘ymaydi.

Ba’zida qarindosh bo‘lmasa ham donorlik qilishi mumkin, deb aytishadi, lekin o‘z obro‘siga ega katta shifoxonalarda komitet hujjatlarni jiddiy tekshirib, keyin jarrohlikka ruxsat beradi. Agar noqonuniy donor bilan qo‘lga olinsa, shifoxona ham, bemor ham jiddiy muammoga duch keladi. Shuning uchun bunday aldovlarga ishonmasliklarini so‘rayman.

Agar donor topishda muammolar bo‘lsa, biz ikkita usul taklif qilamiz:

Donor almashish – ikkita bir mamlakat fuqarolari: A bemor donori B ga va B bemor donori A bemorga tushsa, ularning o‘zaro kelishuviga ko‘ra donorlar almashib transplant qilinadi.

Yana bir usul, bemor qon guruhi to‘g‘ri kelmayotgan bo‘lsa, to‘g‘rilash uchun bir muolaja o‘tkazamiz va to‘g‘rilab, jarrohlikka olamiz. Bu muolaja uchun qo‘shimcha to‘lov olinadi.

Barcha transplant qildirmoqchi bo‘lgan fuqarolardan odam savdosi, ya’ni noqonuniy donor bo‘yicha aldovlardan ehtiyot bo‘lishlarini so‘rab qolaman.

O‘tkazilgan jarrohlikdan keyingi asoratlar haqida nima deya olasiz?

Har bir jarrohlik o‘zi katta xavf, bemorning jarrohlik stolidan chiqib ketishi masalaning bir tomoni bo‘lsa, jarrohlikdan keyingi hayot eng muhim qismi hisoblanadi.

Eng ko‘p uchraydigan asoratlardan biri – jigarning qabul bo‘lmasligi va bunga har xil sabablar bo‘lishi mumkin. Barcha bemorlar jarrohlikdan keyin shifokor nazoratida bo‘lishi va dori dozasi bemor immun tizimiga ko‘ra o‘zgarib turishi kerak. Afsuski, ko‘plab bemorlar qaytganidan keyin, o‘rtada turgan odamlari aloqani uzib qo‘yadi, yoki o‘zlari befarqlik qilib, analizlarini ko‘rsatishmaydi, ba’zilar esa o‘zboshimchalik bilan dorilarini to‘xtatib qo‘yishadi. Shu bilan immun tizim qayta uyg‘onishi va yangi kelgan organga hujum qilishi mumkin. Ba’zi bemorlarda esa, tabiiy immunitetidagi ba’zi hujayralar juda kuchli bo‘ladi va qilingan muolajaga qaramay, jigar ishlashdan bosh tortadi. Bu holatlarda ko‘plab bemorlarni davolash imkoni bor, lekin ba’zi bemorlarda qaytadan transplant qilinishi kerak bo‘ladi.

Keyingi asorat bu safro yo‘lidagi striktura, yoki safro yo‘li torayishi. Transplantdan keyingi safro yo‘lidagi muammo, o‘t qopini olishdagi muammo kabi emas. Transplantda billiar anastamozida aylanib qolishi, yoki jigar regeneratsiyasi davridagi safro yo‘lida torayish hosil bo‘lishi mumkin. Har bir inson tanasi immun tizimi ham har xil: shu tizim ulangan venalardagi chandiqning qanday bitishiga javob beradi. Ba’zi bemorda u tekis bitib, o‘z organizmining bir qismiday bo‘lib ketadi, ba’zilarda esa vaqt o‘tgan sayin chandiq hosil qiladi va bemorda bilirubin ko‘tarilib ketadi. Bunday hollarda eng samarali yo‘l – safro yo‘lini qayta tiklash jarrohligidir

Yangi transplantdan qaytgan bemorlarda infeksiya muammosi ko‘p uchrab turadi. Bemorlar, albatta, tozalik qoidalariga rioya qilishi, ko‘p odam to‘planadigan joylarga chiqmasligi va virus, bakteriya, infeksiyadan saqlanishi kerak. Bemor transplantga ketishi oldidan, qaytgandan keyingi nazorat bo‘yicha yordam olishiga ishonch hosil qilibgina tayyorgarlik ko‘rishi kerak.

Telefon:   +998975824777, +998901286000

Veb-sahifa:        www.ailbsindia.com

Reklama huquqi asosida