Yaqin Sharq mojarosi: BMT XK G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi, AQSh esa «gumanitar tanaffus» taklif qilmoqda
Seshanba kuni BMT Xavfsizlik kengashida vakillari ishtirok etgan davlatlarning aksariyati G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi.
AQSh va g‘arbdagi qator boshqa mamlakatlar, shu jumladan Avstraliya va Kanada xalqaro tashkilotlar yoki arab davlatlari yetakchilaridan farqli o‘laroq o‘t ochishni to‘xtatishga to‘g‘ridan to‘g‘ri chorlashdan tiyildi.
Qo‘shma Shtatlar buning o‘rniga anklavga insonparvarlik yuklari yetib borishini ta’minlash hamda mahalliy aholining xavfdan qochishiga imkon berish uchun «gumanitar tanaffus» olishni so‘radi.
«Isroil tinch aholiga zarar yetkazmaslik uchun mumkin bo‘lgan barcha ehtiyot choralarini ko‘rishi kerak», — degan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken BMT Xavfsizlik kengashini AQShning mojaroni hal etish bo‘yicha yangi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirib.
«Menda terrorchi tashkilot xalqaro huquqqa hurmat ko‘rsatishi yoki o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi har qanday chaqiriqlarini kutishga asos yo‘q», — degan Kanada mudofaa vaziri Bill Bler.
«To‘g‘risini aytsam, HAMAS nafaqat Isroil, balki butun dunyo uchun tahdid sifatida yo‘q qilinishi darkor», — deya qo‘shimcha qilgan vazir.
Rossiya esa harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishga chaqirgan.
«Butun dunyo Xavfsizlik kengashi zudlik bilan va hech qanday shartlarsiz o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishini kutmoqda», — degan Rossiyaning BMT XKdagi vakili Vasiliy Nebenzya.
Arab mamlakatlari G‘azo sektorida kuzatilayotgan gumanitar falokat fonida Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha chaqiriqni qat’iy qo‘llab-quvvatladi.
«Biz Kengash ikki marta rezolyutsiyani qabul qila olmagani va bu urushga yakun yasash uchun sulh tuzishga chaqirmaganini afsus bilan kuzatdik», — degan Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy.
Iordaniya TIV Ayman Safadi Xavfsizlik kengashidan «ikki milliard arab va musulmonlarni xalqaro huquq hurmat qilinishiga ishontirish uchun aniq pozitsiyani egallash»ni talab qilgan.
Reuters agentligi yozishicha, Eronning BMT qoshidagi maxsus vakili Amir Said Iravaniy AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken xatolik bilan Eronni Isroil va HAMAS o‘rtasidagi urushda ayblashga urinayotganini aytgan.
«Mintaqaviy tinchlik va barqarorlik tarafdori bo‘lishdan og‘ishmaymiz, — deya qayd etgan u. — AQSh ochiqdan ochiq tajovuzkorga qo‘shilib, Falastinning begunoh aholisi hisobiga mojaroni yanada chuqurlashtirdi».
Oq uy AQSh prezidenti Jo Bayden va Saudiya Arabistoni shahzodasi Muhammad ibn Salmon telefon muloqoti o‘tkazib, «butun mintaqada barqarorlikni saqlash va mojaro tarqalishining oldini olish uchun» kengroq diplomatik sa’y-harakatlar bo‘yicha kelishib olgani to‘g‘risida bayonot bergan.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Jon Kirbi harbiy harakatlarni hozir to‘xtatish faqat HAMAS jangarilariga foydali bo‘lishini bildirgan.
Isroil va Gutterish mojarosi
Seshanba kuni BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida «HAMASning [Isroilga] hujumi yo‘q joydan kelib chiqmaganini tushunish muhimligi»ni aytgandi. Guterrishning chiqishi Isroil hukumati vakillari tomonidan keskin tanqidga uchradi va hatto Isroil TIV undan iste’foga chiqishni talab etgandi.
Xususan, Isroilning BMTdagi maxsus vakili Gilad Erdan Twitter sahifasida «bolalar, ayollar va keksalarning yoppasiga o‘ldirilishini to‘g‘ri tushungan bosh kotib BMT rahbarligiga mos kelmasligi» haqida yozgan. «Shunchaki til ojiz», — deya qayd etgan Erdan.
U Guterrishning bunday bayonotidan keyin Isroil BMT vakillariga viza bermasligini aytdi. Erdanning so‘zlariga ko‘ra, allaqachon BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffitsga Isroilga kirish rad etilgan. «Ularga saboq berib qo‘yish vaqti keldi», — degan u.
Isroil TIV vakili Lior Hayyat BMT XK yig‘ilishida bu orqali Gutterish «terrorchilikni oqlayotgani»ni aytdi: «U qurbonlar taraf bo‘lish o‘rniga, Xolokost vaqtidan buyon ko‘rilmagan vahshiyliklar uchun qurbonlarning o‘zini aybladi».
Guterrish esa BMT Xavfsizlik kengashidagi bayonotini yumshatishga harakat qildi. «Falastin xalqining noroziligi HAMASning dahshatli hujumini oqlay olmaydi», — deb yozdi BMT bosh kotibi ijtimoiy tarmoqda va «dahshatli hujumlar Falastin xalqining kollektiv jazolanishini ham oqlay olmasligi»ni qo‘shimcha qildi.
G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyat
G‘azo gumanitar falokat yoqasida turibdi — o‘z uylarini tark etgan 1,4 milliondan ortiq falastinlik ichimlik suvi, oziq-ovqat va dori-darmon yetishmovchiligidan aziyat chekmoqda.
HAMAS tomonidan nazorat qilinadigan mahalliy sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azoda seshanba kunining o‘zida 704 kishi halok bo‘lgani, shundan 305 nafari bolalar ekanini ma’lum qilgan. Agar bu chindan ham shunday bo‘lsa, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bu urush boshlanganidan buyon bir kun ichidagi qurbonlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Seshanba kuni Misrdan anklavga suv, oziq-ovqat va dori-darmon yuklangan yana sakkizta yuk mashinasi yetib keldi. Bu Isroil bilan yangi urush boshlanganidan buyon hududga kirgan insonparvarlik yordamlarining to‘rtinchi partiyasidir.
Falastin Qizil yarimoy jamiyati xabarida aniqlik kiritilishicha, yuk mashinalarning beshtasida suv, ikkitasida — oziq-ovqat, bittasida dori-darmon bo‘lgan.
Ammo bu yordam hududdagi gumanitar halokatni to‘xtatish uchun yetarli emas, deya qayd etmoqda insonparvarlik tashkilotlari.
BMTning Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam agentligi (UNRWA) ma’lumotiga ko‘ra, uning tasarrufidagi boshpanalar to‘lib-toshgan: 150 obektda 600 ming atrofidagi kishi joylashtirilgan.
«Bizning boshpanalar o‘z sig‘imidan to‘rt baravar oshiq odamni qabul qilgan, mavjud joylar ortig‘i bilan to‘lgani uchun ko‘plab kishilar ko‘chalarda uxlamoqda», — deyiladi agentlik bayonotida.
G‘azo sektori sog‘liqni saqlash vazirligi anklav halokat yoqasida ekanidan ogohlantirgan: G‘azodagi 32 shifoxonadan 12 tasi o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
BMT agentligi yaqin soatlar ichida G‘azo sektorida yonilg‘i butunlay tugashini ma’lum qilgan — bu anklavdagi gumanitar faoliyat to‘xtashini ham anglatib, mahalliy aholi uchun og‘ir oqibatlar bilan tahdid qilmoqda.
«Agar biz tezda yonilg‘i olmasak, chorshanba kuni kechqurun G‘azo sektoridagi amaliyotimizni to‘xtatishga majbur bo‘lamiz», — degan BBC bilan suhbatda agentlik matbuot kotibi Juliyetta Tuma.
Isroil mudofaa armiyasi esa HAMASni yonilg‘i zaxiralarini aholi bilan bo‘lishmasdan, o‘zi uchun to‘playotganini ma’lum qilgan hamda G‘azodagi 500 ming litrdan ortiq yonilg‘i saqlanayotgan hududning sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlarini keltirgan.
«HAMASdan so‘rab ko‘rinchi, ular sizga biroz berib turmasmikin», — deya taklif qilgan TsAHAL rasmiysi.
Mavzuga oid
12:00
Isroil mudofaa vaziri: «Hizbulloh» mag‘lub etib bo‘lindi
17:46 / 10.11.2024
Qatar Isroil va Hamas o‘rtasidagi vositachilikni to‘xtatdi
10:45 / 09.11.2024
Livan: Isroilning UNIFIL va Livan armiyasi harbiylariga hujumlari urush jinoyatlari hisoblanadi
17:40 / 08.11.2024